Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.11.2017 12:28 Chop etish versiyasi

Ombudsman – samarali muloqot ko‘prigi

Termizda “Davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirishda Ombudsmanning roli” mavzusiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), Surxondaryo viloyati hokimligi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori ofisi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, huquq-tartibot idoralari, xotin-qizlar qo‘mitasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Nuroniy” jamg‘armasi va boshqa tashkilotlar vakillari qatnashdi.

“Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida o‘tkazilgan tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi M.Qobulova, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) o‘rinbosari S.Azimov, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori katta maslahatchisi Yu.Beker va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatimizni yangi bosqichda rivojlantirib, inson manfaatlarini ta’minlashda yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilib, hayotga keng tatbiq etilayotgan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan vazifalarni Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturi ijrosi doirasida sud-huquq tizimi isloh qilinib, qonun ustuvorligini ta’minlashga e’tibor yanada kuchaytirildi. Joylarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari tashkil etildi. Mansabdor shaxslarning aholi oldida hisobot berish tizimi yaratildi. Davlat xizmatining ochiqligini ta’minlash, xalq bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yishning samarali mexanizmlari joriy qilindi. Jamiyatimizda yuz bergan bunday yangilanishlar odamlarni o‘ylantirib kelayotgan dolzarb muammolarni o‘rganib hal etish va ularning hayotdan rozi bo‘lib yashashida muhim omil bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga joriy yilning o‘tgan davrida viloyat fuqarolaridan 41 mingdan ortiq murojaat tushgan. Ularning 80 foizdan ko‘prog‘i mahalliy hokimlik, mas’ul tashkilotlar va Ombudsmanning viloyatdagi mintaqaviy vakili tomonidan o‘rganilib, ijobiy hal etildi.

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturining ijrosi va uni ta’minlashda mahalliy davlat hokimiyati organlarining faoliyati, Ombudsman to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish, inson huquqlarini ta’minlashda Ombudsman va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligi kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

– Tadbirda fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini ruyobga chiqarishda Ombudsman va jamoat tashkilotlarining hamkorligi, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, qonunchilik va davlat dasturlari ijrosi ustidan Parlament hamda jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda mahalliy kengashlar deputatlari rolini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgani ayni muddao bo‘ldi, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari, xalq deputatlari viloyat kengashi deputati F.Sharipov. – Bu Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan ustuvor vazifalarni hayotga keng tatbiq etishimizga yaqindan ko‘maklashadi.

Tadbirda Ombudsmanning davlat boshqaruvi va hokimiyat organlari, jamoat tashkilotlari bilan hamkorligini yanada rivojlantirish, 2018 yilda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. Ombudsman nomiga kelib tushayotgan murojaatlar tahlil qilindi. Fuqarolarning huquqiy bilimlarini oshirish xususida fikr almashildi.

– Joriy yilning o‘tgan davrida viloyat fuqarolaridan Ombudsman nomiga olti yuzdan ortiq murojaat bo‘lgan, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Surxondaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili A.Ahmedov. – Mazkur murojaatlarning asosiy qismi shaxsiy va ijtimoiy huquqlar bilan bog‘liq bo‘lib, ularda elektr energiyasi, ichimlik suvi va tabiiy gaz, nafaqa ta’minoti, bandlikka oid masalalar o‘rtaga tashlangan. Ularning aksariyati ijobiy yechim topgan. Muddat talab etiladigan muammolar tegishli tartibda ko‘rib chiqilmoqda.

Seminar doirasida sayyor qabul tashkil etilib, fuqarolarning murojaatlari tinglandi. Qonun doirasida o‘rganib chiqish uchun ariza va shikoyatlar qabul qilindi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
2 424






Все о погоде - Pogoda.uz