Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.09.2017 14:27 Chop etish versiyasi

Oltinko‘l tumanidagi 56 mahalla fuqarolar yig‘ini 4 sektorga bo‘linib, belgilangan ishlar tizimli ravishda olib borilmoqda

Andijonda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi ijrosini ta’minlash, joylarda muammolarni o‘rganish, hal etish va aholi turmush farovonligini yuksaltirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning 2017-yil 8-avgustdagi “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishda muhim dasturilamal bo‘layotir.

Mazkur hujjat ijrosi doirasida viloyatning barcha tuman va shaharlarida hokimlik, prokuratura, ichki ishlar va davlat soliq xizmati hududiy organlari rahbarlari boshchilik qiladigan kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 4 sektor samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar ishini tashkil etish bo‘yicha Nizom hamda “Mahalla – tuman (shahar) – viloyat – respublika” tamoyili belgilanib, to‘rt sektorga aholining eng muhim masala va muammolarini yechish yuzasidan keng vakolatlar berildi, mas’uliyat va javobgarlik oshirildi.

Oltinko‘l tumanidagi 56 mahalla fuqarolar yig‘ini to‘rt sektorga bo‘linib, hududlarda tuman hokimi, prokurori, ichki ishlar bo‘limi va soliq inspeksiyasi boshliqlari rahbarligida belgilangan ishlar tizimli ravishda olib borilayotir.

Har bir sektor bo‘yicha mas’ullar tarkibi, sektorlar faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha jamoatchilik guruhlari, muvofiqlashtiruvchi shtablar tashkil etilgan. Sektorlar faoliyatida uy-joy, kommunal, gaz, suv, elektr energiyasi ta’minoti, ichki yo‘llar sifati va transport qatnovini yaxshilash, hududlarni obodonlashtirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, kredit olish, aholi salomatligini muhofaza qilish, bandlik, oila va mahallalarda ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, kam ta’minlangan oilalarga nafaqa tayinlash singari qator masalalarga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Tuman hokimi B.Karimov rahbarligidagi birinchi sektorga "Ayronchi", "Suvyulduz", “Chaqqon-1”, "Qashqar", "Dalvarzin", "Jalabek", "Qo‘shtepa", "Uyg‘ur" singari 20 mahalla fuqarolar yig‘ini biriktirilgan. Sektor hududida qariyb 10 ming 500 xonadon bo‘lib, 62 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Har bir mahalla, har bir oilani o‘rganish bo‘yicha maxsus jadval ishlab chiqilgan. Sektor tarkibiga jalb etilgan mas’ullar har kuni ana shu jadval asosida oilalarga, korxona-tashkilotlarga, ta’lim va tibbiyot muassasalariga kirmoqda. Aholi bilan bevosita muloqotlar o‘tkazib, mavjud muammolarni o‘rganmoqda. Fuqarolarni qiynayotgan masalalar joyida hal etilib, amaliy yordam ko‘rsatilayotir.

– O‘rikzor mahallasidagi ko‘chalardan biri juda ayanchli ahvolda edi, – deydi "Dalvarzin" mahalla fuqarolar yig‘ini raisi T.Soliyev. – Yozda chang, tuproq, qishda esa loy bo‘lib, odamlar, ayniqsa, bolalar juda qiynalardi. Sektor mas’ullari bu masalada amaliy yordam ko‘rsatdi. Hozir ana shu 1 kilometrlik ko‘chaga shag‘al yotqizilmoqda. Kelgusi yilda asfaltlash choralari ko‘rilmoqda. Ishning bunday tez va samarali hal etilayotganidan aholi behad xursand.

Prezidentimiz tashabbusi bilan aholi turmush darajasi va hayot sifatini yanada oshirish, turli sohalardagi muammolarni joyida hal etishning zamonaviy va samarali mexanizmi yo‘lga qo‘yilgani xalqimizning davlatga, ertangi kunga ishonchini yanada mustahkamlamoqda.

– Oyoqlarim og‘rib, bir necha yildan buyon yurolmay qolgan edim, – deydi Dalvarzin mahallasida yashovchi mehnat faxriysi M.G‘aniyeva. – Tumanimiz hokimi boshchiligida mutasaddilar kelib, suhbatlashdi, bundan ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi. Ayniqsa, nogironlik aravachasi berilganida xursandchiligimdan ko‘zlarimga duv-duv yosh keladi, deng. Menday bir ko‘ngli o‘ksik odamga shuncha g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotganlar omon bo‘lsin. Mana shunday xayrli ishlar tashabbuskori Prezidentimizdan behad minnatdorman.

Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA
1 677






Все о погоде - Pogoda.uz