O‘zA O`zbek

06.02.2018 12:39 Chop etish versiyasi

Oltiariqda muzlatgichli omborxonalar soni 35 taga yetdi

Farg‘ona viloyatida qish mavsumi uchun meva-sabzavotlar saqlash va shu orqali ichki bozorda narx-navo barqarorligini ta’minlash, mahsulotlarni xorijga eksport qilishga ixtisoslashgan muzlatgichli omborxonalar barpo etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Oltiariq tumanida 2017-yilda o‘n beshta ana shunday omborxona ishga tushirildi. Natijada tumandagi muzlatgichli omborxonalar soni 35 taga yetdi. Bu 37 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash imkonini beradi.

Biroq muzlatgichli omborxonalar soni yil sayin ko‘payayotganiga qaramay, tumanda hali ham meva-sabzavot saqlash uchun uzun navbat, tirbandlik mavjud. Bu esa tumanda yildan-yilga fermer va dehqon xo‘jaliklari, tomorqa yer egalari yerdan mo‘l hosil olayotganidan dalolat beradi.

Darhaqiqat, bugun oltiariqlik mirishkorlar ilm-fan yutuqlari, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalardan samarali foydalanmoqda. Qishloq xo‘jaligi sohasi olimlari va yer ilmi bilimdonlari hamkorligida tumanda o‘ziga xos tajriba va mahorat maktabi yaratilgan. Yangi navlar yaratish, xorijdan keltirilgan yangi urug‘ va ko‘chatlarni mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirish, mahalliy va mineral o‘g‘itlarni amaliyotda qo‘llash, turli kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish, issiqxonalar barpo etish, har qarich yerdan omilkorlik bilan foydalanish, tomorqa xo‘jaligidan bir yilda o‘rtacha 3-4 marta hosil olish borasida o‘ziga xos an’analar shakllangan. Oltiariqda yetishtirilgan bodring, turp, uzum xorijda ham juda xaridorgir.

– Dasturlar doirasida yaqin istiqbolda tumanda 85 milliard 236 million so‘mlik hamda 430 ming dollarlik chet el investitsiyasi hisobidan loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda, – deydi Oltiariq tumani hokimi Xolmirza Niyozov. – Masalan, qishloq xo‘jaligi, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalari bo‘yicha 100 istiqbolli loyiha ishlab chiqilib, har bir yo‘nalishda belgilangan vazifalar to‘liq bajarilishi yuzasidan muntazam tizimli monitoring olib borilmoqda. 2017-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida 81 loyiha hayotga tatbiq etilib, 728 yangi ish o‘rni yaratildi.

Bugungi kunda tumanda 187 bog‘dorchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular tasarrufidagi intensiv bog‘lar 788 gektarga, tokzorlar 215 gektarga yetkazildi. Natijada o‘tgan yili jahon bozoriga Oltiariqdan 14 million 814 ming dollarlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilindi.

Quvonarlisi, oltiariqlik fermerlar nafaqat mahsulot yetishtirish, balki uni qayta ishlash va eksport qilish bo‘yicha ham ilg‘orlar safida bo‘lishga intilishadi. Tumanning yosh fermerlaridan biri Isoqjon Boymatov o‘zi rahbarligidagi “Xayrullo Bahrom Boymatov” fermer xo‘jaligining 300 tonna hajmga ega muzlatgichli omborxonasidan unumli foydalanmoqda. Olti gektar bog‘da uzumning eksportbop navlarini parvarishlayotgan fermer 2018 yilda meva-sabzavot eksportidan katta daromad olishni rejalashtirgan.

– O‘tgan yili mamlakatimizda birinchi marta Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan poytaxtimizda o‘tkazilgan nufuzli anjumanda ishtirok etdim, – deydi I.Boymatov. – Prezidentimizning ma’ruzasini tinglab, faoliyat ko‘lamini yanada kengaytirishni niyat qildim. Hozir fermer xo‘jaligimiz tasarrufida mevani qayta ishlash, qadoqlash sexini ishga tushirish va tayyor mahsulotni eksportga yo‘naltirish bo‘yicha biznes-reja tayyorlayapmiz.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
9 390