Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

23.01.2018 19:16 Chop etish versiyasi

Olovga moy sepmang!

Munosabat

Ochig‘ini aytay, quyidagi savol ko‘nglimdan bir necha bor o‘tdi: Ellik ikki nafar erkak kishi nahotki avtobusning oynalarini sindirib omon qololmadi? Xo‘sh, men bo‘lganimda nima qilardim? Sizchi?

Tan olish kerak, bu kabi savollar sizu bizning ko‘nglimizga shaytonni mo‘ralatdi. Shubhadamiz. Ichimiz yonyapti. Ammo, hukm – oliy.

Qozoq yo‘lidagi avtobusda yonib ketgan yurtdoshlarimizning taqdiri hammamizga birdek og‘ir ta’sir qildi. Buning aks-sadosi ijtimoiy tarmoqlarda tobora alanga olib boryapti. Turfa savollar o‘rtaga tashlanyapti. Ko‘plab taniqli insonlar, jamoat arboblari, yozuvchi-jurnalistlarning fikr-mulohazalarini o‘qiyapmiz. Internetdan foydalanayotgan millionlab yurtdoshlarimiz o‘z nuqtai nazarini bildiryapti.

Mustaqil fikrning bo‘lgani yaxshi. Ammo u sog‘lom bo‘lsa, nur ustiga nur.

Afsuski, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ayrim maqolalarda biryoqlamalik sezilyapti.

Ba’zilarning yurtdoshlarimizning ayanchli taqdiriga kuyunib, alam ustida bilib-bilmay aytganlari qo‘shnilarimizning hamiyatiga tegishi, bu esa bizni qo‘shnilar bilan yaxshilanib borayotgan siyosatimizga, qisqa fursatda erishgan natijalarimizga soya solishi mumkin.

Harqalay, so‘z erkinligi degani bu miyangga kelganini yoz, degani emas. Mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy aytganidek “Oldiga kelganni yemak – hayvonning ishi, Og‘ziga kelganni demak – nodonning ishi”.

Jurnalistika yangi bosqichga ko‘tarildi. Umuman, yurtdoshlarimizning dunyoqarashi o‘zgarishi, bugungi siyosatni, islohotlar mohiyatini yaxshiroq tushunishida ommaviy axborot vositalarining o‘rni sezilarli darajada ortdi. Hamkasblarimizda dadillik, ochig‘ini aytish, jasorat sifatlari uyg‘ondi. Bu yaxshi, albatta. Ammo pichingning, kesatiqning, hissiyotga berilishning chegarasi bo‘lgani ma’qul.

Mahorat “o‘tin yorishga” sarf bo‘lmasin!

Fikrning erkin bo‘lganiga ne yetsin. Ayniqsa, ijod ahli uchun. So‘z erkinligini his qilmagan ijod ahli shoir Usmon Azim ta’biri bilan aytganda “qafasda kuylaydi yoki kuylashida qafas bo‘ladi...”

Ijodkor nafaqat jasoratli, to‘g‘riso‘z, balki oqil ham bo‘lmog‘i kerak. Millatni, Vatanni o‘ylash, shunchaki ayyuhannos solish emas. Ochiq so‘z aytaylik, ammo gapimiz yonayotgan yuraklarga yana moy sepishga xizmat qilmasin.

Yaqinlarini yo‘qotgan o‘sha oilalarning vakillari hozir alam ustida. Ularning qalbiga malham bo‘laylik.

Ellik ikki kishi... Ularning ichida hali uylanmaganlari bor edi. Ular navqiron edi. Tog‘ni urib talqon qilishlariga ishonganlari uchun ham yo‘lga otlanishgandi.

Shu bitiklarni yozyapmanu yana xayolga berildim. Xo‘sh, men avtobus derazasini sindirib, jonimni saqlab qola olarmidim? Avtobus besh daqiqa, o‘n daqiqa yongandir. Bu fursat ichida o‘zimni qutqaraolardim, deb o‘ylaymanu yana Yaratgandan qo‘rqaman. U istaganidek taqdirni jo‘natadi.

Isomiddin Po‘latov,
“Jomboy tongi” gazetasi muharriri

O‘zA
7 672