O‘zA O`zbek

04.07.2018 14:36 Chop etish versiyasi

Olmaning tabiiy sharbati ham alkogol hisoblanadimi?

Olmaning tabiiy sharbati ham alkogol hisoblanadimi?
Ba’zi yurtdoshlarimiz 2019-yildan haydovchilar arpa, uzumdan tayyorlangan vinolarni bemalol ichib yurish mumkin, vino endi alkogol ichimliklar sirasiga kirmas ekan degan fikrga borishmoqda. Aslida shundaymi?

Prezidentimizning 2018-yil 28-fevralda qabul qilingan “Vinochilik sohasini va alkogolli mahsulotlarni realizatsiya qilishni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori xomashyo bazasini yaratish va rivojlantirish, sifatli va raqobatbardosh vinochilik va alkogolli mahsulotlarni realizatsiya qilishda yangi imkoniyatlarni belgilab berdi.

Shuningdek, unda tabiiy vinolar ishlab chiqarish qishloq xo‘jaligi mahsuloti sinfiga kiritilib, litsenziyalashdan ozod etilishi keltirilgan. Buni ba’zi yurtdoshlarimiz 2019 yildan haydovchilar arpa, uzumdan tayyorlangan vinolarni bemalol ichib yurish mumkin, vino endi alkogol ichimliklar sirasiga kirmas ekan degan fikrga borishmoqda. Aslida shundaymi?

"O‘zsharobsanoat” aksiyadorlik jamiyati boshqarma boshlig‘i Jamshid Ahmadjonov ushbu masalaga oydinlik kiritdi.

– Arpadan vino tayyorlab bo‘lmaydi. Undan pivo, viski, skoch kabi kuchli alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish mumkin. Vino faqatgina vinobop uzum navlaridan tayyorlanadi. Hech bir qonun yoki qarorda vino iste’mol qilib, avtomobil boshqarish mumkin, arpadan vino qilinadi va bemalol ichib yurish mumkin, degan joyi yo‘q. Vino qishloq xo‘jaligi mahsuloti safiga kiritilgan bo‘lsa-da, alkogolligicha qoladi.

Vaholanki, mahsulot tarkibida spirt miqdori bir yarim foizdan oshdimi, u alkogol mahsulot hisoblanadi. Agarda uzum va olmadan olingan tabiiy sharbatlar tarkibida spirt miqdori ko‘payib ketsa, u ham alkogol, hisoblanadi.

– Biror tadbirkor tabiiy vino ishlab chiqarsa va uning 100 gektar uzumzori bo‘lsa, ana shu mulkdor ishlab chiqarish bo‘yicha faoliyatni litsenziyalashdan ozod qilingan. Ayni vaqtda yurtimizda ana shunday imkoniyatdan foydalanayotgan ishbilarmon bormi?

– Hozircha, bir narsa deyish qiyin. Ayni vaqtda uzumzorlarni hisob-kitobi olib borilmoqda. Qishloq xo‘jaligi vazirligidan bizga berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda 100 ming gektardan ziyod uzumzorlar borligi keltirilgan.

Agar bilsangiz, bir vaqtlar uzumchilikka ixtisoslashgan kolxoz va sovxozlar bo‘lardi. Ularda tokni qachon butash, dorilash, mevani uzish va qayta ishlash korxonalariga yetkazib berish tartibini juda yaxshi biladigan mirishkorlar faoliyat yuritardi. Bu tuzilmalarning tarqatib yuborilishi, tuman hokimlarining uzumga nisbatan befarqligi katta maydonlarni yo‘q bo‘lishiga olib keldi. Vinobop uzumdan ko‘ra, xo‘raki navlar xaridorgir va qimmat bo‘lgani bois, mulkdorlar vinobop toklarni kesib, xo‘rak uzum maydonlarini kengaytirdi. Ayni vaqtda serhosil, yangi tokzorlar tashkil etish mo‘ljallanmoqda.

Sayyora Shoyeva O‘zA
3 664