Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.12.2017 19:08 Chop etish versiyasi

Olmaliq shahridagi “Ibn Sino” MFY hududida ko‘p qavatli ikkita uy foydalanishga topshirildi

Olmaliq shahridagi “Ibn Sino” MFY hududida ko‘p qavatli ikkita uy foydalanishga topshirildi Toshkent viloyati Olmaliq shahridagi “Ibn Sino” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida ko‘p qavatli ikkita uy foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda bunyod etilayotgan zamonaviy turar joylar, ularda yaratilgan sharoit va qulayliklar xalqimizga munosib turmush sharoiti yaratishdek olijanob maqsadlarga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

Prezidentimizning 2016-yil 22-noyabrdagi “2017-2020-yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida 84 xonadonga mo‘ljallab barpo etilgan ushbu uylar “Yangi zamon bino” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan bunyod etildi.

1 (1).JPG

Har bir xonadon zamonaviy isitish tizimi, sovuq va issiq suv, elektr va gaz bilan to‘liq ta’minlandi. Uylar yonida avtotransport vositalari uchun turar joy hamda bolalar maydonchasi ham barpo etilgan.

Olmaliqlik Jahongir Yuzboyev xonadonida bugun katta shodiyona. Uning oilasi yangi uyga ko‘chib o‘tdi.

3 (1).JPG

– Farzandlarimizni shunday ko‘rkam va zamonaviy uyda voyaga yetkazishni orzu qilardik, – deydi J.Yuzboyev. – Bu yerda yaratilgan qulayliklar bizni behad quvontirdi. Yangi uyga ko‘chib o‘tayotganimizni eshitib, ota-onam juda xursand bo‘ldi. Niyatimiz xolis ekan, bizga ham imtiyozli kredit asosidagi namunaviy uylardan olish nasib qildi.

Joylarda namunaviy loyihalar asosida arzon uy-joylar qurish dasturi amalga oshirilayotgani shahar ahlining turmush sharoitini yanada yaxshilab, dunyoqarashi va hayotga munosabatini tubdan o‘zgartirmoqda. Ayniqsa, imtiyozli kredit tizimi yosh oilalar uchun juda qulay bo‘ldi.

Tadbirda urf-odatlarimizga ko‘ra, Olmaliq shahar hokimligi tomonidan dasturxon yozilib, osh damlandi. San’atkorlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar barchaga xush kayfiyat bag‘ishladi.

Abdulaziz Musayev, O‘zA
12 553