Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.02.2018 18:14 Chop etish versiyasi

Oliy sud raisi: Sud-huquq tizimida tarixiy o‘zgarishlar amalga oshiriladi

Mamlakatimiz sud tizimida keng ko‘lamli, tom ma’noda tarixiy o‘zgarishlar amalga oshirildi va bu jarayon davom etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi qabul qilinganligining bir yilligi munosabati bilan tashkil etilgan davra suhbatida bu alohida qayd etildi.

Sudyalar oliy kengashi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Sudyalar assotsiatsiyasi rahbarlari, sudyalar, xorijiy davlatlarning mamlakatimizdagi elchilari, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlari, O‘zbekiston va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda Harakatlar strategisiyada belgilangan vazifalar ijrosi bo‘yicha qilingan va qilinayotgan ishlar bo‘yicha fikr almashildi.

Oliy sud raisi K.Komilov va boshqalar Harakatlar strategiyasi asosida sud-huquq tizimida tarixiy o‘zgarishlar amalga oshirilganini ta’kidladi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – sud hokimiyatining mustaqilligini mustahkamlash orqali fuqarolarning Konstitutsiyamizda belgilab qo‘yilgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini amalda kafolatli ta’minlashdir.

Yurtimizda birinchi marta Oliy sud ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati va viloyatlar hamda Toshkent shahri, tuman va shaharlarda 207 ma’muriy sud tashkil etildi. Shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining qonuniy manfaatlarini kafolatli himoya qilishga qaratilgan 85 iqtisodiy sud faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Mamlakatimiz tarixida ilk bor sudya lavozimiga muddatsiz tayinlash amaliyoti joriy qilindi. Sudlarning xalqimiz oldidagi mas’uliyatini oshirish maqsadida yangi tayinlanayotgan sudyalar tegishli hudud jamoatchiligi, mahalla faollari muhokamasidan o‘tkazilmoqda. Fuqarolarning ijobiy fikri mavjud bo‘lgan taqdirdagina sudyalikka nomzodlar lavozimga tayinlanmoqda.

Sud tizimidagi tarixiy o‘zgarishlar natijasida o‘tgan qisqa vaqtda 262 nafar fuqaroga nisbatan oqlov hukmi chiqarildi.

– Harakatlar startegiyasini qabul qilish bilan O‘zbekiston Prezidenti mamlakatning kelgusidagi taraqqiyot yo‘lini belgiladi, –deydi BMT rezident-koordinatori, BMT taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Xelena Freyzer. – Inson huquqlari himoyasi strategiyaning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, bu yo‘nalishda salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu xotin-qizlar, bolalar huquq va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan amaliy ishlarda namoyon bo‘layotir. Qonun ustuvorligini ta’minlash borasida sud tizimi zamon talabiga mos tubdan isloh qilindi. Elektron sudlov tizimi kengaytirilayotgani aholiga yaratilgan katta qulaylik bo‘lmoqda.

Harakatlar strategiyasini Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturi ijrosi doirasida sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan ishlar izchil davom ettiriladi.

Joriy yilda fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida jinoyat ishini ko‘rib chiqishning tezkorligi va samaradorligini oshirish, protsessual hujjatlarni rasmiylashtirishni soddalashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqiladi. Ya’ni jinoyatni ro‘yxatga olish va tergov qilishdan to hukmni ijro etishgacha bo‘lgan jarayonni o‘z ichiga oluvchi “elektron jinoyat ishi” tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari himoyasini kuchaytirish maqsadida tintuv va telefon so‘zlashuvlarini eshitishga sanksiya (ruxsat) berish vakolati prokuraturadan sudga o‘tkaziladi.

Fuqarolarning huquq va erkinliklarini jinoyat protsessida jinoiy tajovuzlardan himoya qilishning ishonchli kafolatlarini ta’minlash, ularning sha’ni va qadr-qimmati kamsitilishiga, qonuniy manfaatlari cheklanishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan yangi mexanizmlar amaliyotga joriy etiladi. Boshqacha aytganda, protsessual qonunchilik normalarini buzgan holda olingan ko‘rsatuvlar, ekspert xulosasi, ashyoviy dalillar hamda boshqa materiallardan dalil sifatida foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shaxsni noqonuniy ushlab turish, qamoqqa olish, jinoiy javobgarlikka tortish yoki hukm qilishga sabab bo‘lgan, hujjatlar yoki ashyolarga bila turib yolg‘on ma’lumotlar va boshqa buzib ko‘rsatilgan faktlarni kiritish, haqiqatga to‘g‘ri k
yelmaydigan ko‘rsatma berishga majburlash, ish bo‘yicha haqiqiy holatlarni buzib ko‘rsatish orqali dalillarni qalbakilashtirganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etiladi.

Shuningdek, jinoyat haqida yolg‘on xabar va yolg‘on guvohlik berganlik uchun javobgarlik yanada kuchaytiriladi.

Jinoyat qonunchiligini yanada liberallashtirish va jinoyat sodir etgan shaxslarni jinoiy ta’qib qilish muddatlarini maqbullashtirish rejalashtirilmoqda. Ya’ni ayrim jinoyat tarkiblarini jinoyat toifasidan chiqarish, javobgarlikka tortish muddati o‘tib ketganligi munosabati bilan jinoyat uchun javobgarlikdan ozod qilish muddatlarini qisqartirish, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etilgan kundan boshlab o‘n yil muddat o‘tgan bo‘lsa, shaxsni javobgarlikka tortish mumkin emasligini belgilovchi qoidalar joriy etiladi.

Norgul Abduraimova, O‘zA
8 469