Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.10.2017 12:05 Chop etish versiyasi

Surxondaryoda kitobxonlik targ‘ibotiga bag‘ishlangan aksiya o‘tkazildi

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Surxondaryo viloyati bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan aksiya "Oilalarga ma’rifat ulashib" deb nomlandi.

“Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturiga muvofiq tashkil etilgan aksiya doirasida faol ma’naviyatchi va targ‘ibotchilar tumanlardagi mahallalarda tadbirlar o‘tkazdi.

Mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida aholi, ayniqsa, yoshlarning kitobga qiziqishini oshirish, mutolaa madaniyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning 2017-yil 12-yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi, joriy yil 13-sentabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

Aksiya tashkilotchilari mahallalardagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, serfarzand oilalar xonadonlarida bo‘lib, ularga milliy qadriyatlarimiz, boy tariximiz aks etgan badiiy, ilmiy-ommabop kitoblar jamlanmasi hamda o‘quv qurollarini tuhfa qildi.

– Yaxshi kitob insonning bilimini oshiradi, dunyoqarashini kengaytiradi, – deydi Muzrabot tumani Anorzor mahallasida yashovchi N.Sharipov. – Anchadan buyon ro‘zg‘ordan orttirib bolalarga biror badiiy kitob olib berolganim yo‘q. Bugun xonadonimizga bir guruh targ‘ibotchilar kelib, bolalarimizning o‘qishi, darsni o‘zlashtirishi bilan qiziqdi. Oilamizga rang-barang kitoblar, ruchka, qalam, daftar singari o‘quv qurollari tuhfa qildi. Rosti, yaqin orada bunday sovg‘a olmagan edik, bolalar juda xursand bo‘ldi. Ayniqsa, Birinchi Prezidentimizning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asari, Cho‘lponning “Kecha va kunduz”, Oybekning “Navoiy”, O‘tkir Hoshimovning “Ikki eshik orasi”, Erkin A’zamovning “Ertaklar bilan xayrlashuv” kitoblari xonadonimizga go‘yo nur olib kirdi.

Aksiya doirasida yuzga yaqin ehtiyojmand oilaga ming donaga yaqin kitob, shuningdek, o‘quv qurollari sovg‘a qilindi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
2 371






Все о погоде - Pogoda.uz