Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.11.2017 12:38 Chop etish versiyasi

Oila va nikoh munosabatlarining huquqiy asoslari

Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda 
jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega.

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, 63-moddasidan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida “Fuqarolarning oila va nikoh munosabatlariga oid huquqlarini himoya qilish hamda sud amaliyotini umumlashtirishda sudlarning roli” mavzuida o‘quv-seminar tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi sudyalari, tegishli vazirlik va idoralar, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi, BMT Taraqqiyot dasturining mamlakatimizdagi vakolatxonasi xodimlari, huquqshunos olimlar, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Oliy sud raisining o‘rinbosari – fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi X.Yodgorov va boshqalar mamlakatimizda oila institutini har tomonlama rivojlantirish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, har bir oilani, undagi sog‘lom ma’naviy muhitni asrab-avaylash bo‘yicha dasturiy chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Konstitutsiyamizda "Oila" deb nomlangan alohida bobning aks etishi xalqimizning milliy o‘ziga xosligi, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan urf-odat va an’analarimiz, qadriyatlarimizga bo‘lgan hurmat ramzidir. Ushbu bobda oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini hamda jamiyat va davlat muhofazasida ekanligi belgilab qo‘yilgan.

Tadbirda sudlar amaliyotidan kelib chiqqan holda oila va nikoh bilan bog‘liq dolzarb masalalar, xususan, oilaviy nizolarning kelib chiqish sabablari, ularni hal etish borasidagi xato va kamchiliklar, oila a’zolarining, jumladan, ota-ona va bolalarning huquq va majburiyatlari, ularning huquqiy javobgarligi, oila va nikoh munosabatlaridan kelib chiquvchi nizolarning oldini olish yo‘llari muhokama qilindi. Fuqarolarning mazkur yo‘nalishdagi arizalari, murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va qonuniy hal qilish, bu boradagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga oid vazifalar belgilab olindi.

Shuningdek, seminarda sudlar tomonidan qonun hujjatlarini bir xil va to‘g‘ri qo‘llash amaliyotini umumlashtirish lozimligi haqida ma’ruzalar tinglandi.

Fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari, xususan, oila va nikoh munosabatlariga oid huquqlari himoyasini yanada kuchaytirish, ushbu masalaga oid sud amaliyotini keng xalq ommasiga yetkazish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi hamda BMT Taraqqiyot dasturining "O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik" qo‘shma loyihasi doirasida "Oila va nikoh munosabatlaridan kelib chiquvchi nizolar bo‘yicha sud amaliyoti" kitobining taqdimoti ham o‘tkazildi.

Qo‘llanmada nikoh tuzish tartibi, uning shartlari, tugatilishi, ota-ona va farzandlar, er-xotinning mulkiy va nomulkiy huquq-majburiyatlari, farzandlikka olish va uni bekor qilishning protsessual tartibi kabi masalalar yoritilgan.

Mohigul Qosimova, O‘zA
11 216