Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.03.2018 16:39 Chop etish versiyasi

Oila baxti – dabdabada emas

To‘ylar xalqimizning uzoq asrlik an’analari, urf-odat va udumlarini o‘zida mujassam etganki, uni ma’naviy meros sifatida qadrlaymiz. Chunki, milliy to‘ylarimiz shunga munosib. Biroq so‘nggi yillarda hayotga yengil qaraydigan ayrim ota-onalar istagi, balog‘at yoshidagi bo‘lajak kelin-kuyovlarning tizginsiz xohish-irodasi tufayli barqarorlashgan go‘zal an’analar va xalqchil urf-odatlarga putur yeta boshladi. Bu illat kundan-kun kuchayib, milliy qadriyatlarga yot, yosh avlod axloqi, tarbiyasiga zid o‘ta zararli udumlar ommaviy tus ola bordi.

Shu sababli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev to‘ylarni tartibga keltirish, ularni ixchamlashtirish, isrofgarchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik, milliy an’analarni asragan holda tarbiyaviy ta’sir kuchini oshirish vazifasini kun tartibiga qat’iy qilib qo‘ydi.

Aslida to‘y-tantanalar bizda xuddi bayramdek xursandchilik bilan o‘tkaziladi. Ota-onalar orzu qilib kutadigan bu tadbirga qarindosh-urug‘ni yanada jipslashtirishga, o‘zaro mehr-oqibatni kuchaytirishga xizmat qiladigan marosim deb qaraladi. Xalqimiz azaldan farzandlarining kamoloti, baxtu iqbolini ko‘rishdek ezgu niyat bilan yashaydi. Ikki yoshning oila deb atalmish muqaddas qo‘rg‘onni barpo etishga ahd qilgani to‘y-tomosha, shodu xurramlik, xursandchilik bilan nishonlangan.

Darhaqiqat, har bir yangi oila – jamiyatning bir muhim bo‘g‘ini. Qizlar – oilaning, elning or-nomusi, yigitlar – or-nomus qo‘riqchilari, degan gapni yoshlarga ko‘p takrorlaymiz. “Bir martalik to‘yimda xohlaganimni qilaman, ota-onamni ham aytganimga majbur etaman. Istagancha mashinalarni to‘plab, kiyinib, zo‘r san’atkor (otarchi)larni chorlab, dasturxonni nozu ne’mat, ichimliklar bilan to‘ldirib, dovrug‘li to‘y o‘tkazaman”, deyish xudbinlik va aqlsizlik, o‘ylovsizlikdir. Chunki bunday yoshlarning mablag‘ qayerdan, qanday kelayotgani, oila qancha qarz botqog‘iga botayotgani bilan ishi yo‘q…

To‘ylardagi sarf-xarajatlarning oshib ketishi, xalqimiz mentalitetiga to‘g‘ri kelmaydigan odatlarning kirib kelishiga xotinining so‘zidan chiqolmaydigan erkaklar, bolasini bo‘lar-bo‘lmas orzu-istaklardan qaytara olmaydigan otalar aybdor emasmi? Achchiq haqiqat shuki, to‘ylarni tashkillashtirish, o‘tkazishda erkaklar o‘z burchini unutib, hamma tashvishlarni ayollar zimmasiga yuklashi, aniqrog‘i, o‘z “rol”ini ularga berib qo‘yishi to‘ylardagi ortiqcha dabdaba, hashamatga o‘chlik kabi salbiy holatlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda. Axir hamma narsaning hisobi bor, jumladan, to‘yning ham. Bu murakkab jarayonni cho‘tga solishga harakat qilib ko‘rilsa, kelgusida qarindosh bo‘lish istagidagi xonadonga bir necha marta sovchi borishi, yoshlarning dabdabali uchrashuvlari, bunda kelin uchun sovg‘a-salomlar tayyorlash bir dunyo xarajatlarni talab qiladi. Oddiyroq to‘yxonaga 350 kishini taklif qilishni hisoblaganda bitta o‘rtacha to‘y narxi 50-60 million so‘mga borib qoladi. O‘rtacha hisoblaganda, yigit va qiz tomonning xarajatlari taxminan 100-120 million so‘mni tashkil etmoqda. Undan ko‘ra, to‘ylarga sarf qilinayotgan bunday chiqimlarni yoshlarning o‘qishi, hunar egallashi yoxud boshqa zarur tadbirlarni amalga oshirish uchun sarf qilinsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Nachora, hammamiz shunday deymizu, avvalo ishni o‘zimizdan boshlashga, namuna bo‘lishga kelganda, tilimizni tishlab qolamiz.

Bugungi kunda yosh oilalar o‘rtasidagi ajrimlar bizni ko‘proq tashvishga solmoqda. Oilaviy ajrimlar tufayli qanchadan-qancha bolalar ota yoki ona mehridan mosuvo bo‘lmoqda. Bunda ham to‘ylardagi dabdababozlik, soxta obro‘ ortidan quvaman deb, bor-budini to‘yga sarflab, so‘ng qarzga botgan qudalarning o‘zaro janjali, ayollarning hashamatli oldi-berdilari bosh sabablardan biri sanaladi.

Takror aytaman: barchamiz to‘ylarda ortiqcha sarf-xarajat va isrofgarchilik ko‘payib borayotgani haqida bot-bot gapiramizu, o‘zimizga kelganda o‘sha isrofgarchilikni jimgina qilaveramiz. Bu borada mahalla faollari, faxriylar, maslahatchilar va barchamiz ulug‘ niyat ila boshlagan to‘y-marosimlarimizni ixcham, kamchiqim va keraksiz urflarsiz o‘tishiga o‘z hissamizni qo‘shmog‘imiz lozim. Bu hissa esa shaxsiy namuna tariqasida qo‘shilsa nur ustiga a’lo nur bo‘lur edi. Axir oilaning baxti, mustahkamligi uning qurilishidagi xarajatlarga emas, ikki yoshning bir-biriga mehr-muhabbatida, odob-axloqi va oila to‘g‘risidagi tushunchalariga bog‘liq.

Bu borada yoshlarning o‘zi ham chuqur, atroflicha o‘ylab, fikrlab ko‘rishi, kuyov va kelin faqat bir-biriga daxldor axloqiy me’yorlardan xabardor bo‘lishi, ular millat davomchilari sifatida milliy qadriyatlarni saqlashga mas’ul ekanini his etishlari shart. O‘shandagina to‘ylar fayzli o‘tadi, oilada baraka va baxti to‘kislik bo‘ladi.

Gulnora To‘rayeva,
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati a’zosi.

O‘zA
4 281