O‘zA O`zbek

10.10.2019 Chop etish versiyasi

Ohangaronda yangi korxona faoliyat boshladi

Ohangaronda yangi korxona faoliyat boshladi

“Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili“ doirasida Ohangaron shahrida ham kichik va o‘rta biznes sub’ektlarini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, joriy yilda hududda 681,1 mlrd. so‘m qiymatdagi 22 ta loyiha ishga tushirilishi belgilangan bo‘lib, o‘tgan davrda 7 ta loyiha amalga oshirildi, 400 dan ortiq mahalliy aholining bandligi ta’minlandi.

Bugun hayotbaxsh islohotlarning samarasi sifatida sanoat hududida yana bir korxona “AGRO SAMMIX” MChJ o‘z faoliyatini boshladi. Qisqa fursatda qad rostlagan sanoat ob’ekti 87 mlrd. so‘m miqdoridagi investitsiya kiritilishi hisobiga premiks (boyitilgan omuxta yem) ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, 30 nafar aholining doimiy bandligini ta’minlash quvvatiga ega. 

Tantanali ochilish marosimida hokimlik vakillari, xorijlik investorlar, tadbirkor va ishbilarmonlar ishtirok etishdi. Jarayonda Germaniyaning “Kaesler” firmasi va “AGRO SAMMIX” MChJ o‘rtasida hamkorlik munosabatlarini mustahkamlovchi bitim imzolandi.

Ma’lumot uchun:

“AGRO SAMMIX” MChJ Gollandiyaning eng so‘nggi rusumdagi, energiyatejamkor asbob-uskunalari bilan jihozlangan bo‘lib, korxonaning ishga tushirilishi o‘z navbatida Respublikamizga olib kirilayotgan premiks mahsulotlarning 30 foizini mahalliylashtirish imkonini beradi. Quvonarli tomoni shundaki, korxona to‘liq ochilishga ulgurmasdan 5 tonna mahsulotni Tojikiston Respublikasiga eksport qilishga muvaffaq bo‘ldi.

Ohangaron shahar hokimligi Axborot xizmati

389
O‘zA