O‘zA O`zbek

15.05.2019 22:39 Chop etish versiyasi

“OGU 2019” va "Power Uzbekistan 2019” koʻrgazmalari ishtirokchilari taassurotlari bilan tanishing

“OGU 2019” va "Power Uzbekistan 2019” koʻrgazmalari ishtirokchilari taassurotlari bilan tanishing

OʻzA muxbiri koʻrgazmalarning amaliy ahamiyati, ishtirokchi kompaniyalar faoliyati va ular namoyish etayotgan mahsulotlar haqida batafsil maʼlumot olish maqsadida soha mutaxassislari bilan suhbatda boʻldi.

Avval xabar qilinganidek, bugun poytaxtimizdagi “Oʻzekspomarkaz” milliy koʻrgazmalar majmuasida oʻz ishini boshlagan “Oʻzbekiston neft va gazi – OGU 2019” yigirma uchinchi va "Energetika, energiyani tejash, atom energetikasi, muqobil energiya manbalari – Power Uzbekistan 2019” oʻn toʻrtinchi xalqaro koʻrgazmalari pavilyonlari ishtirokchilar bilan gavjum boʻldi. Kimdir neft-gaz sohasida yangiliklar bilan tanishsa, yana kimdir energetikaning old yutuqlaridan xabar olishga shoshildi.

OʻzA muxbiri koʻrgazmalarning amaliy ahamiyati, ishtirokchi kompaniyalar faoliyati va ular namoyish etayotgan mahsulotlar haqida batafsil maʼlumot olish maqsadida soha mutaxassislari bilan suhbatda boʻldi.

Vitaliy DRAGUNOV, “Oʻzatom” agentligi bosh direktorining birinchi oʻrinbosari:

photo5395837881949465331.jpg

– “Oʻzatom” agentligi koʻrgazmada ilk marotaba ishtirok etmoqda. Bugun bizning vazifamiz tadbir ishtirokchilariga Oʻzbekistonda atom stansiyasi qurilishi loyihasi, atom energiyasining xavfsizligi va tanlangan texnologiyalar haqida maʼlumot berishdir. Yoshlar va talabalarni atom sohasiga jalb qilish ham maqsadlarimizdan biri. Koʻrgazma ekspozitsiyasidan tashkilotimizga ishga qabul qilish va malakali mutaxassislar tayyorlash boʻyicha xizmatlar ham joy olgan. Biz atom energetikasida ishlashning afzalliklari, oʻqish va malaka oshirish imkoniyatlari haqida maʼlumotlar berishga tayyormiz.

Feruz QURBONOV, “Oʻzbekenergo” aksiyadorlk jamiyati boshqaruvi raisi oʻrinbosari:

– Bugun mamlakatimizdagi oʻzgarishlar tufayli har jabhada xalqaro hamkorliklar mustahkamlanib borayotganiga guvoh boʻlmoqdamiz. Buni isboti sifatida bugungi koʻrgazmalardagi jarayonlarni aytish mumkin. Negaki, yurtimizdagi islohotlar nafaqat bizdagi, balki xorijiy kompaniyalar faoliyatiga, ularning faol ishlashiga imkon yaratmoqda.

Maʼlumki, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 27 martdagi “Oʻzbekiston Respublikasida elektr energetika tarmogʻini yanada rivojlantirish va isloh qilish strategiyasi toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan “Oʻzbekenergo” aksiyadorlik jamiyati oʻrnida “Issiqlik elektr stansiyalari”, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlari tashkil etildi. Bundan koʻzlangan maqsad esa elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va sotishni tashkil etishning zamonaviy uslublariga oʻtishdir.

Masalan, “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan mamlakatimizning barcha hududlarida elektr energiyasi taʼminotida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, yurtimizdagi 6 million 601 mingdan ortiq aholi xonadoni va 303 ming 940 ga yaqin yuridik isteʼmolchini 1629 ta 35-110 kV kuchlanishli podstansiyalar, 79 ming 122 ta transformator punkti hamda 240,7 ming kilometr uzunlikda 0,4-110 kV elektr uzatish tarmoqlari orqali elektr energiyasi bilan taʼminlanishi ham bu kabi oʻzgairshlarning amaldagi natijasidir.

Farhod NURMURODOV, Xitoyning “Kaifa” kompaniyasining MDH mamlakatlari boʻyicha hududiy menejeri:

– “Kaifa” aqlli hisoblagichlar va avtomatlashtirilgan tizimni yaratib beruvchi yetakchi kompaniya hisoblanadi. U Yevropada 60 milliondan ortiq aqlli hisoblagichlarni amaliyotga tatbiq etib, avtomatlashtirilgan tizim yaratgan. Italiyadagi “Enel” kompaniyasining ana shunday xizmat koʻrsatadigan asosiy ishonchli hamkoridir.

Mamlakatimizda ham bu borada ishlar jadal olib borilmoqda. Masalan, bu yil kompaniya Samarqand, Buxoro va Jizzax viloyatlarida 1 million 400 mingdan ortiq aqlli hisoblagichlarni ishga tushirishni rejalashtirgan. Shu bilan birga, Oʻzbekiston orqali MDH va Oʻrta Osiyo davlatlari bilan ham bu borada hamkorlik qilish koʻzda tutilmoqda. Kompaniya oʻzbekistonlik hamkorlar bilan investitsiyaviy loyihani amalga oshirib, ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻymoqchi.

Aqlli hisoblagichlarga izoh beradigan boʻlsak, oddiy hisoblagichlardan farq qilgan holda, ular koʻpgina funksiyalarni bajaradi. Masalan, kommunal toʻlovlarda qarzdorlik boʻlsa, masofadan turib oʻchirish yoki qayta ulash kabi bir qancha imkoniyatlarga egadir. Uch kunlik koʻrgazmada mahsulotlarimiz haqida batafsil maʼlumot berib, hamkorlarimiz sonini koʻpaytirmoqchimiz.

OʻzA muxbiri Nasiba ZIYODULLAYEVA yozib oldi.
751