Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.04.2017 19:21 Chop etish versiyasi

Ogohlik va yakdillik kuni

Yordam so‘ragan ayolning ovozi barchani sergak torttirdi. Uning yoniga yetib kelgan ichki ishlar organi xodimi ayolning pullari zo‘rlik bilan tortib olib ketilganini aniqladi...

Sir emas, jinoyatchilar ko‘pincha aholi gavjum joylar, ayniqsa, bozorlardan «o‘lja» qidiradi. Bunday hududlarda xizmat o‘tayotgan ichki ishlar organlari xodimlari ham buni yaxshi biladi. Shuning uchun ham Bektemir tumani ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tumanda joylashgan «Qo‘yliq» dehqon va buyum bozorlarida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olishga alohida e’tibor qaratadi. Mazkur bozorlarni videokameralar orqali kuzatish bilan birga ichki ishlar organlari xodimlarining bevosita nazorati ham qat’iy amalga oshiriladi.

Dehqon bozori hududida tezkor «Tuzoq» tadbiri e’lon qilindi. Ratsiya orqali o‘g‘rining belgilari haqida xabar berildi. O‘g‘ri bozordan chiqib ketishga ham ulgurmadi. Uning cho‘ntagidan ayolga tegishli bo‘lgan 253 ming so‘m pul daliliy ashyo sifatida olindi. Rad qilib bo‘lmaydigan dalil oldida X. ismli fuqaro noiloj qoldi.

– Har bir jinoyatni vaqtida ochish, bunday holatlarga yo‘l qo‘yayotgan shaxslarni ular istiqomat qilayotgan mahallalarda aholi ishtirokida muhokama qilish kutilgan samarani bermoqda, – deydi Bektemir tumani ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining profilaktika bo‘yicha o‘rinbosari Mahkam Vafoyev. – Prezidentimiz tomonidan qo‘yilgan talab asosida ishimizning ana shunday asosda qayta tashkil etilgani bunga zamin yaratdi. Natijada jinoyatlar kamayishi bilan birga mahallalarda sog‘lom muhit yanada barqarorlashayotgani yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

Keng jamoatchilik, hokimliklar, huquqni muhofaza qilish organlari vakillari ishtirokida har payshanba kuni jinoyatlarning oldini olishga doir kompleks tadbirlar o‘tkazilayotgani xayrli ish bo‘ldi. Shu yilning o‘tgan davri mobaynida mamlakatimizning 5,2 mingdan ziyod mahallasida birorta ham jinoyat sodir etilmagani shuning natijasidir.

– Profilaktika kunida yoshlar va voyaga yetmaganlar o‘rtasidagi ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish alohida e’tiborda, – deydi Bektemir tumani prokuraturasi tergovchisi Dilshod Hazratqulov. – Ularni qonunga itoatkorlik ruhida tarbiyalash, o‘quvchi va talabalarning mashg‘ulotlarda qatnashish davomatini muhokama qilish, bu borada tartib o‘rnatish yuzasidan ta’lim muassasalari ma’muriyati va ota-onalar javobgarligini oshirish bo‘yicha tashkiliy-tushuntirish tadbirlari o‘tkazilayotir. Natijada ta’lim muassasalarida o‘quvchilarning darsga qatnashish ko‘rsatkichi keskin oshdi.

Tumandagi maktablarda ayni paytda davomat 95 foizdan ziyodni tashkil etmoqda. Demak, dars qoldirayotganlar kam bo‘lsada hamon uchrab turibdi. Profilaktika kunida tumandagi 293-umumiy o‘rta ta’lim maktabida bo‘ldik. Yuqori sinflardan birida o‘quvchilarning dars jarayonini kuzatish asnosida to‘rt o‘quvchi darsga kelmagani ayon bo‘ldi. Shulardan ikkitasi betob, qolgani sababsiz. 1,8 mingga yaqin o‘quvchi ta’lim olayotgan bu dargohda davomat 4-5 foiz kam bo‘lsa, 80-90 bola darsga kelmaganini anglatadi. Shuncha bolaning qarovsiz qolayotgani tashvishlanarli holat, albatta.

Profilaktika kunida tumandagi Rohat mahallasida giyohvandlik moddasini tayyorlab iste’mol qilgani yetmaganday, buni voyaga yetmagan bolaga o‘rgatgan S. va I. ismli shaxslarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi sayyor ochiq sud majlisida ko‘rib chiqildi. Tog‘ni ursa talqon qilgudek bu yigitlarning biror foydali ishning boshini tutmagani, boz ustiga bir o‘spirinni nopok yo‘ldan yurishga undagani sud muhokamasiga yig‘ilganlarni ranjitmay qo‘ymadi. Qilmish-qidirmish, deganlariday, sud hukmiga ko‘ra ularning biri 5,5, yana biri 6-yilga ozodlikdan mahrum etildi.

– Yoshlar o‘rtasida bu jinoyatning muhokama etilgani kimningdir ko‘zini ochgan, kimnidir ogohlikka chorlagan bo‘lsa, biz ko‘zlagan maqsadimizga erishamiz, – deydi jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tumani sudyasi Akmal Mirzaxonov. – Prezidentimiz tashabbusi bilan bunday amaliyot joriy etilgani fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyati oshishiga olib kelmoqda. Sud muhokamasi bilan cheklanmay, aholi bilan bevosita ochiq muloqot qilib, turli mavzularda suhbatlar o‘tkazish jarayonida bunga amin bo‘lmoqdamiz. Har bir yig‘ilishdan so‘ng aholi duch kelayotgan muammolar aniqlanib, mutasaddilarga yetkazilayotgani ularning bartaraf etilishiga zamin yaratayotir.

Darhaqiqat, har bir soha, ayniqsa, aholining ishi ko‘proq tushadigan hokimlik, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining har hafta aholi huzurida bo‘layotgani, qilingan ishlar bo‘yicha hisob berish bilan birga turli mavzularda muhokama, suhbat va ochiq muloqotlar tashkil etilayotgani Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilidan xalqimiz kutgan amaliy natijani bermoqda. Payshanba – nafaqat profilaktika – ogohlik, balki yakdillik kuniga ham aylanayotir.

Norgul Abduraimova, O‘zA
518






Все о погоде - Pogoda.uz