Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

19.04.2017 19:15 Chop etish versiyasi

Odamlarni eshitish, dardiga darmon bo‘lish – rahbarlarning asosiy vazifasi

Hayotda biron-bir muammoga duch kelgan odam avvalo dardini kim bilandir bo‘lishgisi keladi. Shunday lahzada sizni kimdir diqqat bilan eshitsa, bir og‘iz shirin so‘z bilan taskin bersa, ruhiyatingiz yengillashib, mushkulingiz osonlashganday bo‘ladi. Ko‘pincha to‘g‘ri berilgan yo‘l-yo‘riq tufayli kishida muammoni yengishga ishonch paydo bo‘ladi. Sizni eshitish, sizga taskin berish bilan cheklanmay, amaliy yordamga qo‘l cho‘zilganda esa odam o‘zini chin ma’noda baxtli hisoblaydi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yilning Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilingani zamirida odamlarning dardiga darmon bo‘lish, xalqimizning har bir vakilini baxtli ko‘rish hikmati mujassam.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati mas’ul xodimlarining sayyor qabullari tashkil etilayotgani turli soha va tarmoqlar rahbarlarining aholi huzuriga kelib, ularning muammolarini eshitib, hal etishga kamarbasta bo‘layotgani joriy yildan xalqimiz kutgan amaliy natijalardandir.

Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanida tashkil etilgan sayyor qabulda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan tashkil etilayotgan sayyor qabullar aholi duch kelayotgan muammolarni hal etishga qaratilgani ta’kidlandi. Bu jarayonda har bir soha mas’ullari o‘ziga tegishli masala bilan kelgan fuqaroni diqqat bilan eshitib, uning murojaati yechimini topguncha uni o‘z nazoratiga qat’iy olishi shartligiga e’tibor qaratildi.

Prezidentimizning 2016-yil 28-dekabrdagi "Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoniga muvofiq Xalq qabulxonalariga va Virtual qabulxonaga kelib tushgan murojaatlar “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga qat’iy amal qilgan holda, to‘liq, xolis va o‘z vaqtida ko‘rib chiqiladi.

Sayyor qabul davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga Mirzo Ulug‘bek tumani aholisi tomonidan yo‘llangan murojaatlar atroflicha ko‘rib chiqildi.

Mazkur tumandan tushgan murojaatlar sohalar bo‘yicha o‘rganilganda ularning asosiy qismini uy-joy olish, uy qurish uchun yer ajratish, sud, bank-moliya, moddiy yordam, pensiya ta’minoti hamda sog‘liqni saqlash, mehnat, bandlik, ta’lim, tadbirkorlik, obodonlashtirish kabi masalalar tashkil etishi ma’lum bo‘ldi.

Fuqarolardan kelib tushgan bunday murojaatlar har tomonlama tahlil qilinib, ularning yuzaga kelish sabablari o‘rganildi. Bunda ko‘p hollarda ayrim mutasaddi rahbarlar o‘z vazifasiga loqaydlik va mas’uliyatsizlik bilan yondashayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Odamlarni hayotdan rozi qilish, qonuniy murojaatlarini e’tiborsiz qoldirmasdan qisqa muddatda hal qilish davlat idoralari rahbarlarining birinchi darajali vazifasi ekani va ularning faoliyatiga ana shu mezondan kelib chiqqan holda baho berilishiga urg‘u berib o‘tildi.

Sayyor qabul jarayonida fuqarolar va tadbirkorlar o‘zlarini qiynayotgan muammolar yuzasidan bevosita tegishli sohalarga mas’ul rahbarlarga murojaat qilish va ular yuzasidan javob olish imkoniga ega bo‘ldi. Shu kuni murojaatlarning aksariyat qismi joyida yechimini topdi, qo‘shimcha o‘rganish va vaqt talab qiladigan murojaatlar bo‘yicha mutasaddi idora va tashkilotlar vakillariga topshiriqlar berildi.

Misol uchun, fuqaro Lobar Mirzayevaga qon kasalligi yuzasidan shu yerning o‘zida bepul davolanish uchun order berilishi ma’lum qilindi.

– Fuqarolar bilan tashkil etilayotgan bunday ochiq muloqotlar jarayonida ko‘pchilikning mushkuli oson bo‘layotir, – deydi sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Elmira Bositxonova. – Aytib o‘tish kerakki, ayrim kishilar o‘z haq-huquqlaridan yaxshi xabardor emasligi, qachon, qayerga murojaat qilishni bilmasligi tufayli ovora bo‘ladi. Tan olish kerak, ayrim hollarda quyi bo‘g‘in rahbarlarining mas’uliyatsizligi oqibatida vaqtida tibbiy yordam ololmayotganlar ham uchrab turibdi. Ana shunday hollarda sayyor qabullar aholining joniga ora kirmoqda.

Fuqaro Malika Oxunjonova nogironligi bois yurishga qiynalishi, iloji bo‘lsa, nogironlik aravachasi ajratilishini so‘rab murojaat qildi. Uning murojaati mutasaddilar tomonidan asosli deb topilib, ikki kun muddatda iltimosi qanoatlantiriladigan bo‘ldi.

Termizlik Mukarram Rahmonova Toshkent shahridan uy-joy sotib olish va propiskaga kirish masalasida kelgan ekan. Uning talabi bo‘yicha ichki ishlar organlari xodimlari bu boradagi qonun-qoida bo‘yicha tushuntirish berdi.

Sayfiddin Jalolov tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilinayotgani yuzasidan murojaat qilgan. Tadbirkor duch kelayotgan muammoni tezkorlik bilan bartaraf etish yuzasidan shu yerning o‘zida mutasaddilarga topshiriq berildi.

Ayrim fuqarolar mahallalardagi ko‘chalar ahvoli yomonligi, ularni ta’mirlash vaqti kelganini, ayrimlar kommunal xizmat ko‘rsatishning qoniqarsizligi, bolalar maydonchalarini qurish zarurligini bildirdi. Xalqimiz manfaatiga xizmat qiladigan bu masalalarni hal etish tuman hokimligiga topshirildi.

– Muloqot jarayonida hududimizda yechimini kutayotgan muammolar ko‘pligi ayon bo‘ldi, – deydi Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi Sherzod Kudbiyev. – Ularni tezkorlik bilan yechish, aholi bilan mahalliy rahbarlarning ochiq muloqotini tez-tez tashkil etish zarurligini o‘zimizga vazifa qilib oldik. Har bir xonadonga kirish va ularning muammolarini yechishga mas’ulmiz.

Tadbir davomida aholiga yaratilayotgan qulayliklar – yangi uy-joylar qurilishi, yo‘llar ta’mirlanishi, ijtimoiy soha obyektlari bunyod etilishi bilan bog‘liq ma’lumot berildi. Bunday bunyodkorlik ishlari davlat byudjeti mablag‘lari asosida amalga oshiriladi. Byudjet aholidan tushadigan turli yig‘imlar evaziga shakllantiriladi. Lekin buni qarangki, tuman aholisining birgina gazdan qarzdorligi 28 milliard so‘mni tashkil etmoqda. Dono xalqimiz qars ikki qo‘ldan chiqadi deganidek, aholi ham zimmasidagi mas’uliyatni unutmasa, tumanning ijtimoiy ahvoli yanada yaxshilangan, xalq farovonligi oshgan bo‘lardi.

Norgul Abduraimova, O‘zA
1 445






Все о погоде - Pogoda.uz