Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.04.2017 17:21 Chop etish versiyasi

«Ochiqlik indeksi» reytingi natijalari e’lon qilindi

Toshkentda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining «ochiqlik indeksi» bo‘yicha dastlabki reyting natijalari e’lon qilindi. Joriy yil 1-yanvargacha bo‘lgan davrni o‘zida ifodalagan mazkur ko‘rsatkichlar bilan www.ochiqlik.uz veb-resursida tanishish mumkin.

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash, jismoniy va yuridik shaxslarga ularning qonuniy huquq va erkinliklariga daxldor axborotlarni taqdim etishning zamonaviy shakllarini joriy etish davlat boshqaruvi tizimidagi islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasining 2014-yil 5-maydagi «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi qonuni bu boradagi ishlarda muhim huquqiy asos bo‘layotir. Qonun axborotdan foydalanuvchilarning ijtimoiy ahamiyatga molik axborotlardan foydalanishini huquqiy kafolatlash bilan bir qatorda davlat organlari faoliyatini ochiqligini ta’minlashning shakl va uslublari, davlat organlari va jamiyat o‘rtasidagi o‘zaro axborot almashishning aniq mexanizmlarini belgilab berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 6-noyabrdagi «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qoidalarini amalga oshirishga yo‘naltirilgan kompleks chora-tadbirlar ko‘rish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash faoliyatini muvofiqlashtirish va monitoringini olib borish bo‘yicha jamoatchilik kengashi shakllantirildi.

Kengash tomonidan ishlab chiqilgan tegishli metodika hamda reglament asosida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligi monitoringi bo‘yicha ishlar boshlandi.

Joriy yilning 14-aprel kuni poytaxtimizda Jamoatchilik kengashi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining «ochiqlik indeksi» bo‘yicha 2017-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra reytingi taqdimoti o‘tkazildi.

Dastlabki reytingni tuzishda davlat idoralarida ochiqlikni ta’minlashga qaratilgan institutsional hamda normativ-huquqiy bazaning mavjudligiga alohida e’tibor qaratilgan. 47 davlat hokimiyati va boshqaruvi organini qamrab olgan reyting natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi 97,5 ball to‘plagan holda birinchi, Toshkent shahar hokimligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki bir xil ko‘rsatkich (96,33) bilan ikkinchi, Adliya vazirligi (93,67) uchinchi o‘rinni band etgan. Ro‘yxatning quyi pog‘onalarini band etgan Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, Surxondaryo, Farg‘ona, Andijon hamda Navoiy viloyatlari hokimliklarida bu borada amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlar ko‘pligini ko‘rsatdi.

Reyting ko‘rsatkichlari bir qator davlat organlarida ochiqlikka yetarli darajada e’tibor qaratilmayotgani, ba’zan fuqarolarning qonuniy talablarini inkor qilgan holda ularning axborotga bo‘lgan huquqlarini poymol qilish holatlari ham uchrayotganini ko‘rsatmoqda.

– «Ochiqlik indeksi» monitoringi bo‘yicha olib borilayotgan choralar fuqarolik jamiyati institutlarining davlat boshqaruvi tizimidagi ishtiroki samaradorligini oshirishga qaratilgan noyob mexanizm sifatida qaralmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev. – Monitoring yakunlari davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida jamoatchilik bilan aloqalarni yanada kuchaytirish, samarali korporativ axborot siyosati strategiyasini ishlab chiqishda muhim manba bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini monitoring qilish va baholash ishlari muntazam amalga oshiriladi. Natijalar har yili ikki marotaba (1-yanvar va 1-iyul holatiga) e’lon qilib boriladi.

Behzod Bozorov, O‘zA
420






Все о погоде - Pogoda.uz