O‘zA O`zbek

12.07.2019 17:37 Chop etish versiyasi

“Ochiq aytish kerak, avval “O‘zbekneftgaz“ AJ tarkibida molxonayam, tovuqxonayam, issiqxonayam bo‘lgan“

“Ochiq aytish kerak, avval “O‘zbekneftgaz“ AJ tarkibida molxonayam, tovuqxonayam, issiqxonayam bo‘lgan“

“Taraqqiyot strategiyasi“ markazida Adliya vazirligining “Qonunchilikdagi yangiliklar” nomli soha mutaxassislari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoqilg‘i-energetika sohasida o‘zaro hisob-kitoblarni yanada takomillashtirish va moliyaviy barqarorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “Aholi va iqtisodiyotni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash, neft-gaz tarmog‘ini moliyaviy sog‘lomlashtirish va uning boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazildi.

Farmonga muvofiq, 2019 yil 1 avgustdan tabiiy gazni va elektr energiyasini sotishdan tushadigan mablag‘lardan Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasiga ajratmalar, qo‘shilgan qiymat va aksiz solig‘ini chegirib tashlab, 5 foiz miqdorda amalga oshiriladi.
Ilgari tushgan mablag‘larning 10 foizi o‘tkazilgan.

2019 yil oxirigacha Elektr energiyasini nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulanganlar soni 2,5 mlnga yetkaziladi hamda 2020 yil oxirigacha 100 foiz iste’molchilar tizimga ulanadi.

Buning uchun Jamg‘arma mablag‘laridan 100 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi.

2020 yil 1 yanvardan prokuratura organlari xodimlari bir qismining ta’minoti Jamg‘armadan Davlat budjetiga o‘tkaziladi.

Shuningdek, “Aholi va iqtisodiyotni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash, neft-gaz tarmog‘ini moliyaviy sog‘lomlashtirish va uning boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror bilan neft-gaz tarmog‘ini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha respublika ishchi komissiyasi tuzildi.

Komissiya uglevodorod xomashyosini qazib olishni ko‘paytirish, gaz-transport tizimini modernizatsiya qilish choralarini ko‘radi.
Energetika vazirligida neft-gaz tarmog‘ini isloh qilishni muvofiqlashtirish bo‘yicha loyiha ofisi tashkil qilinadi.

Qaror bilan “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi tizimi takomillashtirilib, samarali tashkiliy tuzilmasi shakllantirildi. 

- Tizimda qator yechilmagan muammolar sabab “O‘zbekneftgaz“ aksiyadorlik jamiyatining moliyaviy ahvoli judayam og‘ir darajaga kelib qolgan edi - deydi “O‘zbekneftgaz“ AJ boshqaruv raisi o‘rinbosari Ulug‘bek Ashurov. - Bu holat o‘z vaqtida moliyalashtirish manbalarining aniq bo‘lmaganligi, geologik qidiruv ishlari o‘z vaqtida amalga oshirilmagan, belgilangan narxlar xarajatlarni qoplamagan va hokazo muammolarni keltirib chiqargan. Endi ochiq aytish kerak, molxonayam, tovuqxonayam, issiqxonayam bo‘lgan. Prezidentimiz qarori bilan “O‘zbekneftgaz“ ning tarkibiy tuzulmasi qaytadan ko‘rib chiqildi. “O‘ztransgaz” AJ “O‘zbekneftgaz” AJ tarkibidan chiqarildi.

“O‘ztransgaz” AJ ustav kapitalidagi davlat ulushi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazildi va uning hududiy filiallari negizida “Hududgazta’minot” AJ tashkil qilindi. “O‘zneftmahsulot” AJ ning fermerlarga xizmat ko‘rsatuvchi 1 381 ta avtomobilga yoqilg‘i quyish shoxobchalari tadbirkorlarga auksion orqali sotiladi. “O‘zbekneftgaz” AJ tarkibidagi tashkilotlarning 13 ta bozor, savdo va chorvachilik komplekslari ustav kapitalidagi ulushlari mahalliy hokimliklarga o‘tkazildi. Qarorga muvofiq, “O‘zbekneftgaz” AJ 2024 yilga kelib uglevodorod xomashyosi, shu jumladan, tabiiy gaz qazib olish hajmini 42,3 mlrd metr kubga va suyultirilgan gazni 1,5 mln tonnaga yetkazishi lozim.

2020-2022 yillarda O‘zbekistonda energiya samaradorligini oshirish dasturi ishlab chiqiladi.

Bundan tashqari, qonun hujjatlari mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholiga yetkazish bo‘yicha ishlar samaradorligini oshirish va bunda yangi yondashuvlarni joriy etish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan “Qonunchilikdagi yangiliklar” nomli brifing tashkil etildi. Unda yakuniga yetayotgan hafta davomida bir qator muhim masalalar bo‘yicha qabul qilingan 10 ga yaqin qonun hujjatlari haqida ma’lumot berildi.

Tadbirda ishtirok etgan OAV vakillari soha mutaxassislaridan ushbu qonun hujjatlari yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Inobat Ahatova, O‘zA
451