Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.03.2017 18:59 Chop etish versiyasi

Obod maskanlarga bayram yarashadi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 28-fevraldagi “2017-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori asosida yurtimizda ushbu bayramga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. An’anaga ko‘ra, bayram munosabati bilan bu yil ham mart-aprel oylari yurtimizda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish oyligi, deb e’lon qilindi. 11-12-mart kunlari mamlakatimiz bo‘ylab umumxalq hashari o‘tkaziladi.

Samarqand viloyatida ham Navro‘zga tayyorgarlik doirasida obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish tadbirlari qizg‘in davom ettirilmoqda. Mahallalarda aholi xonadonlari, ko‘chalar, xiyobonlar tartibga keltirilib, ariq va zovurlar tozalanmoqda. Daraxtlarga shakl berish, mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazish, gulzorlar tashkil etish ishlariga kattayu kichik hamjihatlikda kirishgan. Muqaddas qadamjo va ziyoratgohlar, qabristonlar obodonlashtirilmoqda.

– Quyoshli, yog‘in-sochinsiz har bir kundan samarali foydalangan yurtdoshlarimiz allaqachon o‘z xonadonlarida tomorqa yumushlariga kirishgan, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Urgut tumani bo‘limi raisi S.Umarov. – Prezidentimizning aholini tadbirkorlikka o‘rgatish, shaxsiy tomorqa xo‘jaligidan samarali foydalanishga da’vati asosida 102 mahallamizning barchasida kishilar bank kredit mablag‘lari asosida hamda o‘z mablag‘i hisobidan issiqxona tashkil etib, chorvachilik, parrandachilik va boshqa yo‘nalishlarda faoliyatni yo‘lga qo‘ymoqda. Ularning bu boradagi tashabbuslari fond tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanayotir. Shu paytgacha kam ta’minlangan, ijtimoiy muhofazaga muhtoj oilalarga 4 ming tupdan ortiq intensiv yong‘oq ko‘chati tarqatdik. Bankdan kredit olib, o‘z xonadonida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan minglab yurtdoshlarimizga mahalla fuqarolar yig‘inlari kafillik xati taqdim etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishi bilan mart-aprel oylari yurtimizda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish oyligi, deb e’lon qilindi. Bu ishga ham tumandagi mahallalarda katta ishtiyoq bilan kirishildi. Mart oyining dastlabki kunlarida 60 dan ortiq qabriston, 5 ziyoratgohda hashar uyushtirildi. Ayniqsa, G‘avsul A’zam, Chorchinor, Shirvoq ota ziyoratgohlarida keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. To‘rtko‘l, Mirzabog‘lon-Chep, Mirzaqishloq, O‘ramas, Jartepa, Pochvon mahallalaridagi yo‘l yoqalariga manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.

Bu yil Navro‘z bayrami shodiyonalari yurtimizning barcha hududlarida umumxalq sayli sifatida nishonlanadi. Shundan kelib chiqib, tumanda sport o‘yinlari, milliy taomlar festivallari o‘tkazish ko‘zda tutilgan. To‘rtko‘l, Mirzabog‘lon-Chep mahallalarida taniqli san’atkorlar, badiiy jamoalar ishtirokida konsert dasturlari namoyish etiladi.

Asosiy bayram tantanalari esa tuman markazidagi madaniyat va istirohat bog‘ida o‘tkaziladi. Bu yerda korxona va tashkilotlar, mahallalar tomonidan Navro‘z bayramiga xos milliy an’ana va urf-odatlar, qadriyatlar badiiy dasturlar orqali namoyish etiladi. Sumalak, halim singari bahoriy taomlar tayyorlanib, sayil ishtirokchilariga tarqatiladi.

Mustabid tuzum davrida ham Navro‘zni yashirincha bo‘lsa-da, sayil sifatida nishonlagan urgutliklar mustaqillik tufayli qayta qadr topgan bu bayramni joriy yilda ham ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan milliy an’ana va qadriyatlarimiz asosida, yangilanish va yasharish ayyomi sifatida munosib tantana qilishni rejalashtirgan.

G‘olib Hasanov, O‘zA
2 702






Все о погоде - Pogoda.uz