Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.02.2018 20:40 Chop etish versiyasi

“O‘ztransgaz”: aholining gaz yoqilg‘isiga bo‘lgan ehtiyoji qoplangan

“O‘ztransgaz”: aholining gaz yoqilg‘isiga bo‘lgan ehtiyoji qoplangan Milliy matbuot markazida “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan aholiga muntazam va uzluksiz gaz mahsulotlarini yetkazib berish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida jurnalistlarga ma’lumot berildi.

“O‘ztransgaz” AJ boshqarma boshlig‘i Akmal Eshonqulovning ta’kidlashicha, bugungi kunda 6 million 143 ming iste’molchiga gaz yoqilg‘isi yetkazib berilmoqda. Ulardan 2 million 760 ming aholi xonadonlari suyultirilgan gazdan foydalanadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 22-iyundagi “Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalarini 2017/2018 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning o‘tgan davrida 105 kilometrdan ziyod gaz quvurlari ta’mirlandi, 239,7 kilometr uzunlikdagi gaz quvurlari rekonstruksiya qilindi, 7 ming kilometrga yaqin quvurlar bosim ostida sinab ko‘rildi.

O‘tgan yil aholiga 750 ming dona maishiy gaz ballonlar yetkazib berildi. Joriy yilda yana 590 ming dona shunday ballonlar yetkazib berish rejalashtirilgan. Mutaxassislar fikricha, bugungi kunda maishiy gaz ballonlar umumiy soni 3,7 millionga yetib, 2017 yilda 366,2 ming tonna suyultirilgan gaz aholiga yetkazib berilgan. Bu aholining gaz yoqilg‘isiga bo‘lgan ehtiyojini qoplaydi.

10.JPG

– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 29-dekabrdagi “Aholiga kundalik hayotda iste’mol qilish uchun sotiladigan suyultirilgan gazning respublika bo‘yicha yagona chakana narxini bosqichma-bosqich joriy etish to‘g‘risida”gi qaroriga binoan 2018-yil 1-apreldan aholiga sotiladigan 1 kilogramm suyultirilgan gaz narxi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida 720 so‘m, Farg‘ona vodiysi viloyatlari va Toshkent viloyatida 700 so‘m, qolgan hududlarda 500 so‘m etib belgilanadi. 2018-yil 1-avgustdan esa mamlakatimizning barcha hududlarida suyultirilgan gazning yagona chakana narxi joriy etiladi. Xususan, aholiga 1 kilogramm suyultirilgan gaz 800 so‘mdan yetkazib beriladi, – dedi A.Eshonqulov.

“O‘ztransgaz” AJ mutaxassislari jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

Ulug‘bek Asrorov, Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA
3 328