O‘zA O`zbek

10.01.2019 12:33 Chop etish versiyasi

“Oʻzgidromet” Bosh sinoptigi — Bu yilgi qish va qorli kunlar haqida

“Oʻzgidromet” Bosh sinoptigi — Bu yilgi qish va qorli kunlar haqida

Qish fasli hatto “chilla” kirgan boʻlsa-da, hamon aytarli sovuq ham boʻlmadi. Oppoq qor ham yaxshiroq yogʻmadi. 5-fevralgacha qish chillasi davom etishini eʼtiborga olib, bu davrda ob-havo qanday boʻlishi, qaysi hududlarda qor yogʻishi bilan qiziqdik.

“Oʻzgidromet” Bosh sinoptigi Irina Zayseva bizga shunday javob berdi.

– Aslini olganda Markaziy Osiyo, xususan Oʻzbekiston aholisi uchun koʻproq yoz chillasi degan tushuncha yaqinroq, – deydi I. Zayseva. – Yaʼni iyun oyining oxirgi oʻn kunligida boshlanib, avgust oyining beshinchi sanasigacha davom etadigan issiq davr. Biroq, bizning iqlim sharoitimizda ilmiy nuqtai nazardan qish chillasi kutish har doim ham asosli boʻlavermaydi. Odatda, Oʻzbekistonda qish qisqa muddatli va kam qorli boʻladi. Qishning asosiy xususiyati shundaki butun qish davomida haroratning keskin oʻzgarishlari kuzatiladi, yaʼni iliq va sovuq havo oqimlari bir-birini almashtirib turadi. Harorat pasayganda yoqqan qor harorat koʻtarilishi bilan tez erib ketadi. Shuning uchun ham qalin va barqaror qor qatlami bizda kuzatilmaydi. Buning ustiga oxirgi yillarda kuzatilayotgan global iqlim isishi munosabati bilan issiq toʻlqinlar tez-tez takrorlanib, uzoqroq davom etmoqda. Bundan 50-100 yil oldin tez-tez boʻlmasa-da, lekin kuzatilgan qalin qorli qahraton sovuqlar hozir juda kam.

Bu yilgi qish ham bundan istisno boʻlmayapti, sovuqni va qorni yaxshi koʻradiganlarni zumrad qish ob-havosi bilan xursand qilgani yoʻq. Asosan yomgʻir yogʻib, baʼzi joylarda qorga aylangan boʻlsa-da, harorat iliq.

Shunday boʻlsa-da, mamlakatimizda eng past harorat Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Navoiy viloyatining shimoliy tumanlarida kuzatiladi. Baʼzan eng sovuq davrlarda harorat bu hududlarda 20-25 daraja sovuqqacha tushib ketishi mumkin. Butun kuzatuvlar davri mobaynida esa absolyut past harorat 29-34 daraja sovuqni tashkil qilgani qayd etilgan. Ammo, bu yil bunday past harorat yurtimiz shimolida ham kuzatilmadi. Hozirgi paytgacha bu yilgi qishning eng sovuq davr — oʻtgan yilning 23-24 dekabriga toʻgʻri kelmoqda. Shunda shimolda harorat 16-18 daraja atrofida, faqat Ustyurt platosidagina 20-22 daraja sovuqni tashkil qildi.

Eng muhimi, bu yil togʻda qor koʻp. Oʻtgan yildagiga qaraganda va umuman oʻrtacha koʻp yillik davrga nisbatan ancha koʻp, deb ayta olamiz. Qishki hordiqni, qishki sport turlarini xush koʻradigan yurtdoshlarimiz dam olish zonalariga borib hordiq chiqarishi va koʻngilli vaqt oʻtkazishi mumkin.

Biroq, togʻ yonbagʻirlarida qorning koʻpligi ehtiyotkorlik va xavfsizlik choralarini koʻrishni talab etadi. Ruxsat etilmagan zonalarda chana uchish mumkin emas. Koʻchki xavfi eʼlon qilinganda togʻlarga chiqishni maslahat bermaymiz.

Sayyora Shoyeva, OʻzA
9 516