Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.10.2017 18:58 Chop etish versiyasi

«O‘zekspomarkaz»da Tojikiston Respublikasi milliy mahsulotlari ko‘rgazma-yarmarkasi ish boshladi

«O‘zekspomarkaz»da Tojikiston Respublikasi milliy mahsulotlari ko‘rgazma-yarmarkasi ish boshladi Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Tojikiston Respublikasi Investitsiyalar va davlat mulkini boshqarish qo‘mitasi, Sanoat va yangi texnologiyalar vazirligi, «Tojikinvest» DUK hamda Savdo-sanoat palatasi hamkorligida tashkil etildi. Unda Tojikiston Respublikasining neft-gaz, qurilish, transport, foydali qazilmalar, agrosanoat, farmakologiya, yengil sanoat, qayta ishlash sohalari, sog‘liqni saqlash, ta’lim, fan-texnika, turizm kabi tarmoqlarida faoliyat ko‘rsatayotgan 150 dan ziyod kompaniyalari vakillari, tadbirkorlar qatnashmoqda.

O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi hamkorlik do‘stlik, o‘zaro hurmat va ishonch tamoyillariga asoslangan. Ikki davlat rahbarlari tomonidan O‘zbekiston – Tojikiston munosabatlarini mustahkamlashga qaratilayotgan alohida e’tibor xalqlarimiz tub manfaatlariga xizmat qilmoqda. Ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalar, madaniy-gumanitar sohadagi muloqotning kengaytirilayotgani xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va yaqin qo‘shnichilikni yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ko‘rgazmaning ochilishida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov, Tojikiston Respublikasi Investitsiyalar va davlat mulkini boshqarish qo‘mitasi raisi Fayziddin Qahhorzoda va boshqalar O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi hamkorlik xalqlarimizning asrlar davomida shakllangan yaxshi qo‘shnichilik, bir-birini qo‘llab-quvvatlash va do‘stlik munosabatlarini mustahkamlashga intilishini mujassam etishini ta’kidladi. Mamlakatlarimiz o‘zaro samarali hamkorlikni kengaytirish, iqtisodiy sohada qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishdan manfaatdor ekani qayd etildi.

10.JPG

Joriy yil aprel oyida Dushanbe shahrida tashkil etilgan O‘zbekiston sanoat korxonalari mahsulotlari milliy ko‘rgazmasi hamda ikki davlat ishbilarmonlari biznes-forumi savdo-iqtisodiy aloqalar rivojida yangi sahifa ochdi. Ushbu tadbirlar yakunida tadbirkorlarimiz o‘rtasida o‘zaro manfaatli bitimlar imzolandi. Iyun oyida O‘zbekiston delegatsiyasining Tojikistonga tashrifi chog‘ida Dushanbe shahrida O‘zbekiston savdo uyi ochildi.

– Mamlakatimiz O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor bilan qaraydi, – deydi Tojikiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Manzura Rustamova. – Mazkur forumdan ko‘zlangan maqsad ikki davlat ishbilarmonlarining savdo aloqalarini kengaytirish, yangi qo‘shma korxonalar soni va ikki tomonlama mahsulot aylanmasi hajmini oshirishdan iborat. Ushbu ko‘rgazmaga puxta hozirlik ko‘rildi. Tadbir doirasida imzolanadigan barcha kelishuvlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

– 2014-yil tashkil etilgan kompaniyamiz M-400, M-500 va M-600 markali sement turlarini ishlab chiqaradi, – deydi «Chjungtsay mohir sement» MChJ rahbari Dilafro‘z Sherova. – Joriy yil boshida o‘zbekistonlik hamkorlar bilan ushbu sanoat mahsulotini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzgan edik. Hozirgi kunda Surxondaryo viloyatidagi qurilish ob’ektlariga sement yetkazib bermoqdamiz. Mazkur ko‘rgazmada yangi hamkorlar izlab topish va istiqbolli shartnomalar imzolash niyatidamiz.

«Xo‘jand tekstil» mas’uliyati cheklangan jamiyati Rossiya, Belarus, Turkiya, Eron kabi davlatlarga tayyor to‘qimachilik mahsulotlari eksport qiladi. Korxona mazkur ko‘rgazmadagi ishtiroki orqali O‘zbekiston bozoriga mahsulot eksport qilishni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan.

– Korxonamiz gazlama, sochiqbop mato, tayyor tikuvchilik mahsulotlari va bo‘yalgan ip ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, – deydi korxona direktori Rahim Nabiyev. – 100 foiz paxta tolasidan tayyorlangan mahsulotlarimizga jahon bozorida qiziqish katta. Tadbirda O‘zbekistondagi to‘qimachilik kompaniyalari bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha shartnoma imzolashga muvaffaq bo‘ldik. Mamlakatingiz ishlab chiqaruvchilari bilan hamkorlikda jahonning yetakchi davlatlari bozorini zabt etishimizga ishonamiz.

Tojikiston milliy mahsulotlari ko‘rgazmasi doirasida ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining biznes-forumi ham o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston va Tojikistonning yengil sanoat, energetika, mashinasozlik, metallurgiya, avtomobilsozlik, transport-logistika, oziq-ovqat, kimyo sanoati, qurilish materiallari, qishloq xo‘jaligi, turizm kabi sohalarga ixtisoslashgan vazirlik, kompaniya va firmalari vakillari ishtirok etdi.

5.JPG

Biznes-forumda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik jadal rivojlanayotgani, O‘zbekistonda xorijlik hamkorlar uchun yaratilayotgan qulay investitsiyaviy muhit, taqdim etilayotgan imtiyoz va preferensiyalar tojikistonlik ishbilarmonlar uchun ham keng imkoniyatlar yaratayotgani ta’kidlandi. Ikki mamlakat iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlari salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazildi.

Tadbir doirasida kimyo, transport kommunikatsiyalari, yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi, turizm, sanoat ishlab chiqarish sohalarida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha istiqbolli kelishuvlarga erishildi.

Matnazar Elmurodov, Yolqin Shamsiddinov (surat), O‘zA
3 628






Все о погоде - Pogoda.uz