O‘zA O`zbek

17.09.2018 21:42 Chop etish versiyasi

“Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati ”Beicip Franlab“ kompaniyasi bilan hamkorlik qiladi

“Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati ”Beicip Franlab“ kompaniyasi bilan hamkorlik qiladi 1960 yilda tashkil etilgan “Beicip Franlab” Fransiyadagi Neft va gaz institutining shoʻʼba kompaniyasi hisoblanadi. Toʻqqizta xalqaro boʻlinmaga ega ushbu kompaniya bugungi kunda 100 dan ortiq davlatda faoliyat yuritadi.

Dunyoda yetakchi boʻlgan “Beicip Franlab” kompaniyasi geologik-qidiruv ishlarni ilmiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, zaxiralarni mustaqil baholash, neft va gaz konlarini oʻzlashtirishga oid maslahatlar berish, uglevodorodlar qazib olish va qayta ishlashni optimallashtirish uchun yechimlar topish va geologik-geofizik tadqiqotlar uchun tegishli dasturiy taʼminotni ishlab chiqishga ixtisoslashgan.

“Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati taklifiga binoan yaqinda ushbu “Beicip Franlab“ kompaniyasi delegatsiyasi Toshkentda boʻldi.

Shu munosabat bilan oʻtkazilgan uchrashuvlarda tomonlar uglevodorod xomashyosini qidirish va ishlab chiqarish bilan bogʻliq masalalar, shu jumladan, qidiruv ishlari, konlarni ishlab chiqish, “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatining xorijiy bozorlarga chiqishi va kompaniya mutaxassislari uchun treninglar tashkil etishboʻyicha hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildi.

Yakunda tomonlar oʻrtasida kelgusidagi hamkorlik yoʻnalishlari va takliflar tayyorlash boʻyicha qoʻshma ishchi guruh tuzildi.

Nasiba Ziyodullayeva, OʻzA
2 232