O‘zA O`zbek

02.03.2018 14:58 Chop etish versiyasi

O‘zbekistonda ta’lim olish istagida bo‘lgan turkmanistonlik yoshlar safi kengaymoqda

O‘zbekistonda ta’lim olish istagida bo‘lgan turkmanistonlik yoshlar safi kengaymoqda O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro ishonch, manfaatlarni hurmat qilish, xalqaro maydonda bir-birini qo‘llab-quvvatlash tamoyillari asosida rivojlanmoqda.

O‘zbek va turkman xalqlarining tarixi va madaniyati mushtarak, urf-odat va an’analari o‘xshash. Ajdodlarimizning ilmiy-ijodiy merosi xalqlarimizning umumiy mulkiga aylangan. Bu yaqinlik madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik rivojiga mustahkam asos bo‘lmoqda. Ilm-fan sohasidagi hamkorlik ham yildan yilga yuksalayotir. 

3.jpg

Buni Buxoro viloyatidagi oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida qardosh xalqning ko‘plab o‘g‘il-qizlari ta’lim olayotganidan ham ko‘rish mumkin.

Buxoro davlat universiteti filologiya fakultetida buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy tavalludining 577 yilligi keng nishonlandi. Tadbir doirasida namoyish qilingan sahna ko‘rinishida Alisher Navoiy rolini turkmanistonlik Gadam Allaberenov ijro etdi. Garchi so‘z talaffuzida andak farq sezilib tursada, ijro ajoyib chiqdi.

Gadam aktyor emas, balki Buxoro davlat universitetining uchinchi bosqich talabasi. 

6.jpg

– Turkmanistonda ham bilim olib, tegishli mutaxassislikni egallash uchun keng imkoniyatlar yaratilgan, – deydi G.Allaberenov. –Yoshlarimiz orasida qo‘shni O‘zbekiston, jumladan, Buxoro viloyatidagi oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida o‘qish istagini bildiruvchilar ham bor. Uch yildan buyon o‘zbekistonlik tengdoshlarim bilan bir guruhda ta’lim olaman. Auditoriyaga kirishim bilan, ana o‘zimizning Qadamboy keldi, deyishadi. Bunday kezda o‘zingni begonadek his qilish uyatda. Ular Navoiy hazratlarini qanchalik yaxshi ko‘rsalar, bizning Maxtumqulini ham aziz bilishadi. Turkmanning ulkan shoiri ham o‘z vaqtida Buxoro madrasalaridan birida ta’lim olib, Navoiy she’riyatidan ilhomlangan.

Buxoro davlat universitetida Gadamga o‘xshagan yana 32 nafar turkmanislonlik yigit-qiz tahsil olmoqda.

– Turkmanistonlik yoshlar nafaqat ta’limda, balki turli madaniy tadbirlarda ham faol, – deydi universitetning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori Orif Qodirov. – Yaqinda ular ishtirokida O‘zbekiston – Turkmaniston do‘stligiga bag‘ishlangan festival o‘tkazildi. Bu kabi tadbirlar biz bir-birimizga qanchalik yaqin ekanligimizni, bizni azaliy qardoshlik rishtalari bog‘lab turganini anglashga xizmat qiladi.

O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida kengayib borayotgan hamkorlik ta’lim sohasida ham to‘la namoyon bo‘lmoqda. Qo‘shni mamlakatdan bilim va kasb egallagani kelayotgan yoshlar safi kengayib borayotir. Ayni paytda Buxoro davlat universiteti, tibbiyot, muhandislik-texnologiya institutlari, 5 ta o‘rta maxsus kasb-hunar kollejida 600 nafarga yaqin talaba va o‘quvchi ta’lim olmoqda.

Buxoro davlat tibbiyot institutida tahsil olayotgan xorijlik talabalarning 18 nafari turkmanistonlikdir. Gulyalek Annasayidova ulardan biri.

– Tibbiyot ilmining bobokaloni bo‘lgan Abu Ali ibn Sino yurtida ta’lim olayotganimdan baxtiyorman, – deydi davolash fakulteti birinchi bosqich talabasi Gulyalek. – Bu yerda zamonaviy bilim olishimiz uchun barcha qulaylik yaratilgan. Niyatim kelajakda yaxshi mutaxassis bo‘lib, o‘zim tug‘ilib o‘sgan Lebap viloyati aholisi sog‘ligi yo‘lida xizmat qilish.

Mazkur oliy o‘quv yurtini joriy o‘quv yilida turkmanistonlik uch nafar yigit-qiz tamomlaydi. Ular o‘qishni shu yerda magistraturada davom ettirishadi.

Buxoro tibbiyot kolleji bitiruvchisi Ajab Rozimuradova esa hamyurti Gulyalekka havas qilib, Buxoro tibbiyot institutiga hujjat topshirmoqchi.

Buxoro tibbiyot kollejida 212 nafar qardosh yurt yigit-qizlari shartnoma asosida o‘qimoqda. 2011 yildan buyon 200 dan ortiq turkmanistonlik yosh mazkur bilim maskani diplomiga ega bo‘ldi. Ular safi bu yil yana 56 nafarga kengayadi.

Viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi mutasaddilarining ta’kidlashicha, o‘qish istagida kelayotgan turkmanistonlik yigit-qizlarning soni yildan yilga ko‘paymoqda.

Erkin Yodgorov, Tohir Istatov (surat) O‘zA
10 106