O‘zA O`zbek

12.07.2018 15:24 Chop etish versiyasi

O‘zbekistonda korrupsiya kamaymoqda

O‘zbekistonda 2017-yilning birinchi yarim yili davomida korrupsiyaga aloqadorlikda gumon qilingan 1566 nafar mansabdor shaxsga nisbatan 1130ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

“Korrupsiya – bu jamiyatni turli yo‘llar bilan iskanjaga oladigan dahshatli illatdir.
U demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazadi, inson huquqlari 
buzilishiga olib keladi, bozorlar faoliyatiga to‘sqinlik qiladi, hayot sifatini yomonlashtiradi 
va odamlar xavfsizligiga tahdid soladigan uyushgan jinoyatchilik, terrorizm 
va boshqa hodisalar ildiz otib, gullashi uchun sharoit yaratib beradi.”

BMTning “Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida”gi Konvensiyasidan


a_(1).эшмуродов.jpg

Arslon ESHMURODOV, 
jurnalist 

Ming afsuski, korrupsiya deb atalmish balo davlatchilik shakllarining har qanday ko‘rinishida insoniyatning ma’naviy va moddiy taraqqiyotiga bolta urib kelayotgan o‘ta ijtimoiy illat sifatida juda katta to‘siq bo‘lib kelmoqda. O‘rni kelganda ta’kidlash kerakki, bugungi kunda ham insoniyatni tashvishga solayotgan eng global muammolardan biri – korrupsiya balosidir.

Korrupsiya – lotincha so‘z bo‘lib, “pora berib sotib olish” ma’nosini anglatadi. Mansabdor shaxslar tomonidan ularga berilgan huquq va imkoniyatlardan shaxsiy boylik orttirish maqsadida foydalanishni ifodalovchi siyosiy yoki davlat boshqaruvi sohasidagi jinoiy faoliyat tushuniladi.

Bugungi kunda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev juda ko‘plab ma’ruza va chiqishlarida loqaydlik, beparvolik, poraxo‘rlik, korrupsiya, soxtakorlik, mansab vakolatni suiste’mol qilishga qarshi kurash butun jamiyatning maqsadiga aylanishi kerakligi to‘g‘risida gapiradilar va huquqni muhofaza qilish organlari mutasaddilariga asosiy vazifa sifatida qo‘yadi. Jamiyat taraqqiyoti kushandasi bo‘lgan ushbu illatga qarshi kurashish yo‘lida ayovsiz kurash olib borilayotgani o‘zining samarasini ham bermoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish respublika idoralararo komissiyasi tomonidan tayyorlangan tahliliy ma’lumotlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, O‘zbekistonda 2017 yilning birinchi yarim yili davomida korrupsiyaga aloqadorlikda gumon qilingan 1566 nafar mansabdor shaxsga nisbatan 1130ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Sud organlariga 1442 nafar mansabdor shaxsga nisbatan 954ta jinoyat ishlari yuborilgan. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 23 foizga, qo‘zg‘atilgan jinoiy ishlar soni esa 22 foizga kamaygan. Shuningdek, korrupsiya jinoyatlari natijasida yetkazilgan zararning 77 foizi undirib olingan. Korrupsiyaga aloqador bo‘lgan jinoyatlarning tahlili shuni ko‘rsatdiki, bu turdagi barcha jinoyatlar soni kamaygan. Jumladan, Jinoyat kodeksining 207-moddasi mansabga sovuqqonlik bilan qarash – 39 foizga, 209-moddasi mansab soxtakorligi – 38 foizga, 167-moddasi o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish – 37 foizga, 205-moddasi hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish – 35 foizga, 206-moddasi hokimiyat yoki mansab vakolatidan chetga chiqish – 31 foizga, 210-212-moddalari pora olish, berish va olish-berishda vositachilik qilish – 13 foizga kamaygan.Lekin, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlar talaygina.

Ma’lumki, ichki ishlar organlari bevosita korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari tizimiga kiradi. IIV Akademiyasi ham Ichki ishlar vazirligining tarkibiy tuzilmasi va shu bilan birga, yuridik oliy o‘quv yurti sifatida korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga doir tushuntirish ishlarini amalga oshirish, huquqiy tarbiya va ta’limni, ilmiy-amaliy tadbirlarni tashkil etish, o‘quv-uslubiy va ilmiy adabiyotlarni ishlab chiqish, ilmiy-amaliy tadbirlar o‘tkazish kabi chora-tadbirlarni amalga oshiririshda faol ishtirok etib kelmoqda.

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi Huquqbuzarliklar profilaktikasi kafedrasi va Kriminologiya kafedralari tomonidan “Ichki ishlar organlarining korrupsiyaga qarshi kurashishdagi faoliyatining ilmiy-nazariy va huquqiy asoslarini takomillashtirish” mavzusida o‘tkazilgan davra suhbati tafsilotlari bilan batafsil tanishtiramiz.

Axtam TURSUNOV,
Huquqbuzarliklar profilaktikasi kafedrasi
boshlig‘i, yuridik fanlar doktori:

– Ilmiy-nazariy tomondan yondashib aytadigan bo‘lsak, korrupsiya vujudga kelishi sabablari va shart-sharoitlariga ko‘ra ham o‘ta murakkab ijtimoiy hodisa hisoblanadi. Shu sababli unga qarshi kurash ham nihoyatda murakkab kechadi. Ikkita kafedra hamkorligida o‘tkazilgan davra suhbatidan ko‘zlangan asosiy maqsad ham korrupsiyani vujudga keltiruvchi omillar hamda ichki ishlar organlarining korrupsiyaga qarshi kurashishdagi faoliyatining ilmiy-nazariy va huquqiy asoslarini takomillashtirishni atroflicha tahlil qilishdir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev tomonidan jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish – davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri deb belgilandi.

O‘rni kelganda korrupsiya davlat va jamiyat hayotida qanday salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi haqida to‘xtalib o‘tish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Birinchidan, insoniyat hayotida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadigan– demokratiya va demokratik institutlarning mustahkamlanishiga salbiy ta’sir qiladi, ya’ni ularga jiddiy putur yetkazadi.

Ikkinchidan, jamiyat taraqqiyoti uchun eng muhim omil – tinchlik, osoyishtalik, adolat, qonun ustuvorligi kabi ijtimoiy-huquqiy qadriyatlarning buzilishiga olib keladi va keng jamoatchilikda ularning mavjudligi to‘g‘risidagi ishonchni so‘ndiradi.

Uchinchidan, bozor iqtisodiyoti qonuniyatlarining buzilishi, sog‘lom raqobatning bozordan siqib chiqarilishi, yashirin iqtisodning paydo bo‘lishi va rivojlanishiga zamin yaratadi.

To‘rtinchidan, jamiyatda nosog‘lom ijtimoiy-ma’naviy muhitning shakllanishiga sabab bo‘lib, demokratik davlatning eng muhim huquqiy prinsiplarining buzilishiga olib keladi. Va bunday salbiy oqibatlarning yana qanchasini sanab o‘tish mumkin. Endi bulardan o‘zingiz tegishli xulosa chiqarib olavering...

Davra suhbatida ko‘p bora ta’kidlanganidek, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni jadallik va qat’iyat bilan amalga oshirish talab etiladi. Shuningdek, quyidagi jihatlarga e’tibor qaratish lozim deb hisoblayman:

- korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirib borish;

- korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipini amalda ta’minlash;

- normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazish amaliyotini yanada takomillashtirish;

- korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlar uchun aholi ichida sayyor sud majlislarini ko‘paytirish va ko‘rgazmali sud majlislarini uyushtirish;

- mas’ul lavozimlarga tavsiya etilayotgan nomzodlarga talablarni kuchaytirish;

- davlat xizmatining nufuzini, davlat xizmatchilarining maoshini va mas’uliyatini oshirish;

- aholi o‘rtasida jamiyatda huquqiy ongni, huquqiy madaniyatni yuksaltirishga va qonuniylikni mustahkamlashga qaratilgan huquqiy targ‘ibotga doir chora-tadbirlarning sifati va miqdorini yanada oshirish;

- davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan ta’sirchan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

- korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning o‘z vaqtida oldi olinishini, aniqlanishini va ularga chek qo‘yilishini ta’minlashga, ularning oqibatlarini, shuningdek ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga doir kompleks tadbirlar ishlab chiqish;

- fuqarolarning siyosiy partiyalarga bo‘lgan ishonchini yanada oshirish;

- davlat organlarining mansabdor shaxslari ustidan keng jamoatchilik nazoratini o‘rnat​i​sh;

- sudlar va ommaviy axborot vositalarining mustaqilligini ta’minlash;

- yurist kadrlarni tayyorlash tizimini tubdan qayta isloh etish;

- mansablarning sotilishining oldini olish, oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlarining haqqoniy bo‘lishiga erishish va boshqalar.

Qumiriniso ABDURASULOVA,
Kriminologiya kafedrasi boshlig‘i,
yuridik fanlar doktori, professor:

– Murakkab va ko‘p qirrali hodisa sifatida korrupsiya​ tarixi qadimiyligiga ko‘ra insoniyat sivilizatsiyasiga teng desak xato bo‘lmaydi. Davlat xizmati tizimidagi korrup​siya haqidagi birinchi bitiklar Qadimgi Bobil (eramizgacha bo‘lgan 24-asr) arxivlarida topilgan. O‘sha davrda Lagasha mansabdor va sudyalarning vazifalarini suiste’mol qilishning oldini olish maqsadida davlat boshqaruvini isloh qiladi.

Mashhur qadimgi yunon hikmatiga ko‘ra “ Do ut faciyes ” (bajarishi uchun beraman) deyilgan.

Korrupsiya – ijtimoiy fenomen, jamiyat va ijtimoiy munosabatlar natijasi, ijtimoiy va xo‘jalik faoliyatini boshqarish funksiyasining o‘ziga xosligidan kelib chiqib vujudga keladi va mavjud bo‘ladi, ya’ni aynan shunday holatda mansabdor shaxsda jamiyat va davlat manfaatlarini emas, balki o‘z shaxsiy g‘araz niyatidan kelib chiqib resurslarni tasarruf etish va qarorlar qabul qilish imkoniyati vujudga keladi. Demak, korrupsiya murakkab ijtimoiy-siyosiy hodisa bo‘lib, uning ko‘rinishi, shakli o‘zgarishi bilan hajmi qisqarmaydi.

Hozirgi vaqtda korrupsiya milliy xavfsizlikka tahdid solayotgan asosiy xavf bo‘lib, iqtisodiyot rivojlanishiga asosiy to‘siq, davlat tomonidan amalga oshirilayotgan harakatlarga qaramay ijtimoiy barqarorlikning saqlanishi va chuqurlashuviga ta’sir qiluvchi omildir. Korrupsiya iqtisodiy qonunlarning erkin harakatlanishini cheklaydi, mamlakat nufuzini xalqaro hamjamiyat oldida tushiradi. Haqqoniy va ijtimoiy yo‘naltirilgan biznes bozordan siqib chiqariladi, chunki korrupsiya bunday biznesni norentabel qilib qo‘yadi.

Korrupsiya o‘ta moslashuvchan xususiyatga ega bo‘lib, shaklini o‘zgartirib takomillashib, ijtimoiy huquqiy tizimdagi bo‘shliqlar, kamchiliklardan ustalik bilan foydalanadi. Chop etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, HMQO haqiqiy korrupsiya holatlarining 1-2 foiz aniqlaydilar, javobgarlikka tortilganlar soni undan ham kamroqdir.

Ushbu ijtimoiy salbiy hodisa mill​iy davlat chegaralaridan chiqib, global masshtab kasb etmoqda. Undan olingan daromadlar legallashtirilganidan so‘ng xalqaro va milliy moliyaviy tizimga joylashtirilib, davlat va xalqaro hokimiyat hamda iqtisodiyot institutlarini yemirmoqda.

Transmilliy korrupsiyaga qarshi kurash XX asrning so‘nggi choragida faollashdi, chunki shu davrda u aniq institutsional xususiyat kasb eta boshladi. Korrupsiya qonun ustuvorligi, demok​ratiya, inson huquqlariga, jamiyatdagi ahloqiy qadriyatlar, hokimiyatga ishonch, davlat boshqaruvi prinsiplari, tenglik, ijtimoiy adolatga tahdid soladi, konkurensiya (raqobat)ga to‘sqinlik qiladi. Amaliyotni o‘rganish korrupsiya davlat boshqaruvining butun tizimini izdan chiqarib, davlat hokimiyati avtoretiti (obro‘si)ning, davlat xizmati nufuzining tushib ketishiga sabab bo‘layotganligini ko‘rsatmoqda. U iqtisodiyot​ning rivojlanishiga to‘sqinlik qilib, ayniqsa iqtisodiyot sohasiga uyushgan jinoyatchilikning o‘sishiga imkon beradi.

Korrupsiya fenomenini tushunishga oid turli metodologik yondashuvlar bor. Qadimdan uning bir nechta: ijtimoiy, siyosiy, kriminologik, huquqiy jihatlari ko‘rib chiqilgan. Xususan, Aflotun va Arustu korrupsiyani siyosiy kategoriya; N.Makiavelli davlat umumiy kasalligining ko‘rsatkichi; J.Monteskye esa uni disfunksional jarayon ekanligi sababli yaxshi siyosiy tartib yoki tizim yaroqsiz bo‘lib qoladi, deb baholashgan.

Hozirgi zamon ilmiy,o‘quv va ijtimoiy publitsistik adabiyotlarda korrupsiyaga turlicha ta’riflar berilgan. Korrupsiyaga qarshi kurashning universal usulini aniqlash uchun asos hisoblanuvchi uning yagona tushunchasini ishlab chiqish murakkab evolyutsion yo‘ldir. Korrupsiyaning integral xususiyatga ega ekanligi tufayli ushbu hodisaning yagona tushunchasi ishlab chiqilmagan.

Zafar AMIROV,
Huquqbuzarliklar profilaktikasi
kafedrasi katta o‘qituvchisi, yuridik fanlar
bo‘yicha falsafa doktori:

– O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, 2017-yil mamlakatimizda poraxo‘rlik bilan 1,7 mingdan ortiq jinoyat ishi bo‘yicha 2,5 ming nafarga yaqin shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Raqamlardan ko‘rinib turibdiki, korrupsiya bilan bog‘liq jinoyat sodir etish holatlari anchaniga uchrab turibdi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, korrupsiyaga qarshi kurashishda, avvalo, har bir inson o‘z faoliyatini qonunlarga bo‘ysunish nuqtai-nazaridan jiddiy isloh qilishi kerak. Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish bilan bog‘liq islohotlarning o‘ziga xos jihatlaridan biri bu – eng avvalo, inson ongini o‘zgartirishga qaratilganligidir. Muhtaram Prezidentimiz Sh. Mirziyoyev o‘zlarining ko‘plab ma’ruza va chiqishlarida odamlarning dunyoqarashini, hayotga nisbatan munosabatini o‘zgartirishimiz lozimligi haqida to‘xtalib o‘tadilar. Bu bejiz emas albatta. Qachonki insonda sog‘lom fikr paydo bo‘lsa, u korrupsiyadan holi bo‘ladi.

Ayni paytda korrupsiyaga oid jinoyatlarning aksariyat qismi latent bo‘lib qolmoqda. Mazkur jinoyatlarni fosh etish dinamikasi subyektiv omil davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari va ularning mansabdor shaxslari siyosiy irodasiga bog‘liqdir. Mamlakatimizda korrupsiya jinoyati uchun javbgarlikka tortilganlar soni 2013-yilga nisbatan 2017-yilda 1,5foiz ortganligi unga qarshi kurash haqiqatda kuchayganligi ko‘rsatkichidir, biroq korrupsiya jinoyatchiligining faqat 1-2 foiz fosh bo‘ladi, qolgan qismi esa latentligicha qolmoqda.Korrupsiya jinoyatini sodir etganlar shaxsiga kelsak, mansabdor shaxslar tomonidan sodir etilgan korrupsiya jinoyatlarning tarkibi quyidagicha:pora olish (24,4 foiz), mansab soxtakorligi ( 23,1 foiz ), hokimiyat yoki mansab vakolatini suiste`mol qilish (22,2 foiz), hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish (21,7 foiz), pora berish (5,4 foiz) va boshqalar (3,5 foiz).

Korrupsioner shaxsining tavsifi ularni ikkita mustaqil va bir-biridan farq qiluvchi kriminalogik portretidan tashkil topgan:

a) davlat organlarining mansabdor shaxsi; davlat yoki mahalliy organlar xizmatchilarining g‘ayriqonuniy ravishda yengilliklar, imtiyozlar berishi yoki olishi;

b) yuqoridagi maqsadlarni ko‘zlab mablag‘ beruvchilar yoki boshqa xizmat ko‘rsatuvchilar kiradi.

Bu turdagi jinoyatlar tahlil etilsa, ijro hokimiyati organlarining xizmatchilari eng ko‘p korrupsiyaga chalinganligining guvohi bo‘lasiz.

Deputatlar, sud’ya va prokurorlarning alohida jinoyat protsessual statusga ega ekanligi ular ichidagi korrupsioner mansabdor shaxslarning aniqlanishi va jinoiy javobgarlikka tortilishiga to‘sqinlik qilmoqda.

Eng ko‘p korrupsiyaviy huquqbuzarliklar korxonalarning direktorlari, banklarning rahbarlari tomonidan sodir etilgan.

Jinoyat ishlarining tahlili mazkur toifadagi jinoyatchilarning o‘rtacha yoshi 37 yoshni, oliy ma’lumotlilar 52 foiz ni, 27foiz ni ayollar ekanligi ni ko‘rsatadi.

Farhod PRIMOV,
Huquqbuzarliklar profilaktikasi
kafedrasi katta o‘qituvchisi yuridik fanlar
bo‘yicha falsafa doktori:

– Korrupsiyaviy jinoyatlarning iqtisodiy sabablariga quydagilarni kiritish mumkin:

birinchidan, iqtisodiy beqarorlik.Bu avvalo inflyatsiyada namoyon bo‘ladi, ya’ni pul mablag‘larining qadrsizlanishi tufayli davlat va mahalliy davlat organlari xizmatchilarining har qanday daromad manbalarini izlashlariga sabab bo‘ladi;

ikkinchidan, juda yuqori daromadga ega bo‘lganlar tabaqasining shakllanishi, ularning erkin mablag‘lari mansabdor shaxslarni sotib olish uchun ishlatiladi;

uchinchidan, samarali bo​zor raqobatining yo‘qligi asossiz ravishda juda ko‘p daromad olish imkonini beradi;

to‘rtinchidan, davlat mansabdor shaxslari va xizmatchilari maoshining kamligi.

Korrupsiya jinoyatchiligining siyosiy sabablari va sharoitlari:

a) aholi aksariyat qismining hokimiyatdan, mulkni boshqarishdan,qonun ijodkorligi va uni qo‘llash amaliyotidan chetda ekanligi;

b) jinoiy guruhlar vakillarining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga kirib qolganligi;

v) markaziy va mahalliy organlar xizmatchilari sonining asossiz ravishda haddan tashqari ko‘pligi.

Korrupsiyaviy jinoyatchilikning tashkiliy xususiyatdagi sabablari va ularga imkon berayotgan shart-sharoitlar:

korrupsiyaga qarshi kurashga qaratilgan huquqiy normalarni ko‘lami amaliyotning nisbatan yangiligi;

korrupsiyaviy huquqbuzarlikning ma’muriy va jinoyat statistikasining to‘la va obyektiv emasligi;

respublika, viloyatlar miqyosida registrlar, ya’ni davlat xizmati yoki mahalliy davlat organlarida ishlashi ta’qiqlangan shaxslar ro‘yxatini yurituvchi tashkilotlarning yo‘qligi;

korrupsiyaviy jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi mutaxassislarni tayyorlashda o‘quv-metodik ta’minot darajasining pastligi;

nepotizm qarindosh urug‘, quda andalarning xizmat bo‘yicha bir-birini qo‘lla-bquvvatlashi umumiy va adolatni, tartibni buzib qarindoshlari va yaqinlariga daromadli va foydali mansablarni taqdim etish.

Davra suhbati ishtirokchilarining xulosasiga qaraganda, korrupsiya mavzusi uning mohiyati va rivojlanishi hamda sabab va shart-sharoitlari iqtisod, huquqshunoslik, falsafa, psixologiya, pedagogika kabi fanlarning tarixiy va doimiy hamda munozarali va dolzarb mavzularidan biri hisoblanadi.

Ayniqsa, korrupsiyani vujudga keltiruvchi omillar benihoya bahsli masala bo‘lib,ushbu omillarni aniqlash va tadqiq etishning ustuvor amaliy jihati shundaki, korrupsiyaga qarshi kurash, xususan, uning oldini olishda, birinchi galda, uni vujudga keltiruvchi omillar aniqlanishi hamda ularni bartaraf etuvchi chora-tadbirlar amalga oshirilishi lozim. Zero, korrupsiyani faqat uni vujudga keltiruvchi muammolar va shart-sharoitlarni bartaraf etish yo‘li bilan kamaytirish yoki darajasini pasaytirish mumkin.

Davra suhbatida korrupsiyaga qarshi kurashda uning sabablari va shart-sharoitlarini bartaraf etish muhim ahamiyatga egaligi bir necha bor ta’kidlab o‘tildi. Xulosa qilib aytganda, ushbu tadbirkorrupsiyaga qarshi kurashda ham amaliy, ham ilmiy, hamda nazariy jihatdan foydali bo‘ldi.

4 487