O‘zA O`zbek

11.07.2019 20:01 Chop etish versiyasi

Oʻzbekistonda dorivor oʻsimliklar eksporti ortmoqda

Oʻzbekistonda dorivor oʻsimliklar eksporti ortmoqda

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasida Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi direktorining “Aholini sifatli va arzon dori vositalari, tibbiy buyumlar bilan taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axboroti eshitildi.

– Mamlakatimizda farmatsevtika sanoatini rivojlantirish, aholini arzon va sifatli dori-darmon, tibbiy anjomlar bilan toʻlaqonli taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda, – dedi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi direktori Sardor Kariyev. – 1990-yilda respublikamizda atigi 2 ta farmatsevtika korxonasi faoliyat yuritgan, ular tomonidan 21 nomdagi dori vositasi ishlab chiqarilgan boʻlsa, 2018-yilda bunday korxonalar soni 155 taga, ishlab chiqarilayotgan dori vositalari va tibbiy buyumlar nomi 2 ming 836 taga yetkazilgani ham ushbu masalaga nechogʻli eʼtibor berilayotganidan dalolatdir.

Sogʻliqni saqlash tizimidagi islohotlarning ustuvor yoʻnalishlaridan biri sanalgan ushbu sohani yanada rivojlantirish maqsadida davlatimiz rahbarining 2017-yil 7-noyabrdagi “Farmatsevtika tarmogʻini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bilan Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi tashkil etilgan edi. Mutaxassislar qayd etishicha, oʻtgan davr mobaynida ushbu agentlik tomonidan farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish yoʻlida yaxshi natijalarga erishildi. Xususan, joriy yilning birinchi yarmida qiymati 40,52 million dollarlik 9 ta investitsiya loyihasi amalga oshirildi.

Sardor Kariyevning aytishicha, 2018-2019-yillarda farmatsevtika yoʻnalishida faoliyat olib boradigan 19 ta yangi korxona ishga tushirildi. Ular qoshida dori vositasini ishlab chiqarishga moʻljallangan 11ta sex ochildi. Bugungi kunda mahalliy ishlab chiqaruvchi 27 ta korxona 25 ta farmakoterapevtik guruhga mansub dori vositalari va 10 nomdagi tibbiy buyumlarni 14 ta davlatga eksport qilmoqda.

Oʻzbekistonda dorivor oʻsimliklarni yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilish darajasi ortib bormoqda. 2018-yilda moychechak, guljavhar, qizilmiya ildizi, naʼmatak va boshqa dorivor oʻsimliklar plantatsiyalari tashkil etildi. Qizilmiya ildizi, naʼmatak, kavrak, qizil doʻlana va boshqa dorivor oʻsimliklar Xitoy, Afgʻoniston, Janubiy Koreya, Turkiya, Hindiston va Yevropa mamlakatlariga ham eksport qilinmoqda. Ayni paytda Oʻzbekistonda dorivor oʻsimliklarni qayta ishlovchi korxonalar soni 51 tani tashkil qiladi.

– Aholini sifatli, arzon dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan toʻla taʼminlash borasida qilinayotgan koʻlamdor ishlarga qaramasdan, bu boradagi muammolar hali butkul yechilgani yoʻq, – dedi Sardor Kariyev. – Ana shu muammolarni hal qilish maqsadida joriy yilning 10-aprelida Prezidentimizning “2019-2021-yillarda respublikaning farmatsevtika tarmogʻini yanada jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi. Mazkur hujjat bilan Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining vazifalari qayta koʻrib chiqildi. Jumladan, farmatsevtika faoliyatini (chakana realizatsiyadan tashqari) litsenziyalash va nazoratini amalga oshirish vazifalari yuklatildi. Shu bilan birga, aholini sifatli, bezarar va samarador dori vositalari bilan taʼminlash maqsadida 2022-yilning 1-yanvariga qadar barcha ishlab chiqaruvchilar, yetkazib beruvchilar, dori vositalarini klinik sinovlarini oʻtkazuvchi klinikalar, klinikoldi tadqiqotlarni amalga oshiruvchi laboratoriyalar majburiy tarzda tegishli xalqaro standartlarga oʻtishi belgilandi.

Tadbirda qoʻmita aʼzolari Prezidentimizning mazkur farmoni agentlik tomonidan qay darajada ijro etilayotganiga eʼtibor qaratdi. Sohada amalga oshirilayotgan ishlar bilan birga, mavjud muammo va kamchiliklar ham muhokama qilindi.

Jumladan, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan farmatsevtika sohasiga oid 7 ta erkin iqtisodiy zona tashkil etilgan edi. Ana shu erkin iqtisodiy zonalarda sohaga oid loyihalar amalga oshirilmoqda. Biroq erkin iqtisodiy zonalarning ayrimlarida hamon kommunal soha bilan bogʻliq muammolar bor va bu loyihalarni amalga oshirishda turli qiyinchilik tugʻdirmoqda. Masalan, “Boʻstonliq-farm” EIZ elektr energiyasi, “Parkent-farm” EIZ gaz va elektr energiyasi bilan taʼminlanmagan. “Boysun-farm” EIZda esa suv bilan bogʻliq muammo yaqinda hal etildi.

Deputatlar agentlik faoliyatini yanada jonlantirish, aholini sifatli, arzon dori vositalari, tibbiy buyumlar bilan taʼminlashga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflarini bildirdi.

Xurshid QODIROV, OʻzA
890