Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

03.10.2017 19:10 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston va Rossiya Qurolli Kuchlarining hamkorlikdagi mashqlari boshlandi

O‘zbekiston va Rossiya Qurolli Kuchlarining hamkorlikdagi mashqlari boshlandi Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugining “Forish” tog‘-dala o‘quv maydonida O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirliklari qo‘shinlari bo‘linmalarining maxsus taktik-o‘quv mashqlari boshlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 4-5-aprelda Rossiya Federatsiyasiga davlat tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishning muhim yo‘nalish va istiqbollarini belgilab berdi. Mazkur mashqlar O‘zbekiston – Rossiya munosabatlarida yangi sahifa ochilgan, strategik sheriklik munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilgan bir paytda o‘tkazilmoqda.

Milliy armiyamizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida ilg‘or tajribalarni o‘rganish maqsadida xorij mamlakatlari bilan harbiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, qo‘shinlarimizni eng zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Qo‘shinlar zamonaviy hamda modernizatsiya qilingan o‘qotar va og‘ir qurollar bilan, vertolyot va samolyotlar, havo hujumidan mudofaa vositalari, avtomobil va bronetexnikalar, aloqa vositalari bilan ta’minlanmoqda.

O‘zbekiston va Rossiya Mudofaa vazirliklari vakillari, Jizzax viloyati hokimligi mas’ullari, jamoatchilik ishtirokida bo‘lib o‘tgan o‘quv mashqlarining tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri o‘rinbosari – Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, general-mayor Pavel Ergashev, Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi markaziy harbiy okrug shtabi boshlig‘ining o‘rinbosari, general-mayor Rustam Minnekayev va boshqalar davlatlarimiz o‘rtasida rivojlanib borayotgan strategik hamkorlik har ikki mamlakat xalqlarining tinchlik va osoyishtaligini ta’minlashdek ezgu maqsadlarga xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi.

1.JPG

Noqulay iqlim sharoitida, tog‘li hududlarda shartli noqonuniy qurollangan kuchlar tahdidini qaytarishga qaratilgan mashqlar hozirgi vaqtda jahon miqyosida keskin o‘zgarib borayotgan harbiy-siyosiy, milliy va global xavfsizlik sohasida xatar va tahdidlarga qarshi kurashishning eng maqbul usullarini ishlab chiqish borasida o‘zaro tajriba almashishga asoslangan.

Maxsus taktik-o‘quv mashqlarida ikki mamlakat harbiy xizmatchilari tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash, xalqaro terrorizm, ekstremizm kabi global tahdidlarga qarshi kurashish, murakkab tog‘ sharoitida noqonuniy qurollangan bo‘linmani yo‘q qilish bo‘yicha hamkorlikda aksilterror amaliyoti o‘tkazishadi. Maqsad – tajriba almashish, harbiy sohada hamkorlik aloqalarini mustahkamlashdan iborat.

O‘quv mashqlarining birinchi kuni qurol-yarog‘ va harbiy texnika ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida qo‘llanilayotgan jangovar qurol-aslaha va texnika vositalari namoyish etildi.

17.JPG

Shu kuni ikki davlat harbiy xizmatchilari o‘rtasida sportning bir necha turi bo‘yicha musobaqalar o‘tkazildi.

Shuningdek, o‘quv mashqlari doirasida harbiy ilmiy konferensiya va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Toshqul Beknazarov, Oqil G‘ulomov (surat), O‘zA
3 583






Все о погоде - Pogoda.uz