Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.07.2018 11:17 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston tibbiyotidagi nefrologiya va gemodializ xizmati qoniqarli ahvoldami?

O‘zbekiston tibbiyotidagi nefrologiya va gemodializ xizmati qoniqarli ahvoldami?
Keyingi yillarda mamlakatda nefrologik kasalliklarga chalingan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini sifat jihatidan yaxshilash choralari ko‘rilmoqda.

Bir qator tibbiyot muassasalarida bemorlar umrining ancha uzayishini va ularning turmush sifati oshishini ta’minlaydigan gemodializ bo‘linmalari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Gemodializ – buyrak vazifasini bajaruvchi davo muolajasi bo‘lib, muhtoj bemorlar hayotini saqlaydi. Bugungi kunda respublikamizda bu xizmat yo‘lga qo‘yilgan, barcha mintaqalarda hamda zaruratdan kelib chiqib, respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalarida gemodializ uskunalari o‘rnatilgan va gemodializ xizmati tashkil etilgan. 

Ammo tahlil natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, gemodializ yordamiga muhtoj bo‘lgan bemorlarga to‘liq tibbiy xizmat ko‘rsatishga to‘sqinlik qilayotgan bir qancha yechimini kutayotgan muammolar mavjud.

Tibbiyot muassasalarida gemodializ olish uchun o‘rinlarning umumiy soni real ehtiyojdan bir necha baravar kam, gemodializ bo‘linmalarining yarmidan ortig‘i moslashtirilmagan xonalarda joylashgan, ko‘pgina gemodializ mashinalarining belgilangan foydalanish muddati o‘tib ketgan.

Aholiga yuqori malakali nefrologiya va gemodializ yordami ko‘rsatish, shuningdek, buyraklarni transplantatsiya qilish bo‘yicha mintaqaviy bo‘linmalarga ega bo‘lgan ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazini tashkil etishga ehtiyoj mavjud.

Terminal va o‘tkir buyrak yetishmovchiligiga duchor bo‘lgan bemorlarni davolashning yagona standartlari va protokollari joriy etilmagan, shuningdek, nefrologik kasalliklarning barvaqt oldini olish, ularga o‘z vaqtida tashxis qo‘yishning samarali tizimi, bemorlarni tanlash va gemodializga yuborish tartib-taomillari yo‘lga qo‘yilmagan.

Nefrolog mutaxassislar, gemodializ shifokorlar va gemodializ bo‘linmalarining boshqa tibbiyot xodimlarini tayyorlash bo‘yicha yagona dastur mavjud emasligi sababli shifokor-nefrologlar va gemodializ bo‘yicha mutaxassislar keskin yetishmayapti.

Nefrologik kasalliklarni davolashning zamonaviy tibbiy infratuzilmasini yaratish va ushbu sohada to‘planib qolgan muammolarni hal etishda davlat-xususiy sheriklik imkoniyatlaridan foydalanilmayapti.

Gemodializ tibbiyot uskunalari va sarflash materiallarini olib kirish va sotib olishni ro‘yxatdan o‘tkazish, sertifikatlash va ruxsatnoma olishning murakkab va shaffof bo‘lmagan tartib-taomillari amal qilmoqda, bu bozorga kirishni va ularni ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi raqobatni cheklamoqda.

Prezidentimizning joriy yil 12-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga nefrologiya va gemodializ yordami ko‘rsatish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori mazkur muammolarni hal etishda muhim huquqiy hujjat bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zA
2 415