O‘zA O`zbek

15.04.2019 12:26 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston – Qozog‘iston: Tarix – qon-qardosh, siyosat ittifoqdosh, iqtisod hamkor qildi

O‘zbekiston – Qozog‘iston: Tarix – qon-qardosh, siyosat ittifoqdosh, iqtisod hamkor qildi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning taklifiga binoan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqaev 14 aprel kuni ikki kunlik davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi.

1991 yilning 16 dekabrida Qozog‘iston davlatchiligi tarixida yangi sahifa ochildi. O‘sha kuni Qozog‘iston xalqi suverenitet, ozodlik, dunyoga ochiqlikni tanladi. Bugun bu qadriyatlar kundalik hayotning bir qismiga aylangan. Mustaqillik yillarida Qozog‘iston – o‘z qiyofasi, xususiyatlari va mavqeiga ega bo‘lgan, muvaffaqiyatlarga erishayotgan davlatga aylandi. 1997 yilda Qozog‘istonning 2030 yilgacha rivojlanish strategiyasi qabul qilingan edi. 2013 yildan boshlab mamlakatda “Qozog‘iston-2050” strategiyasi maqsadlarini hayotga tatbiq etish boshlab yuborildi. Bu strategiyaning asosiy maqsadi Qozog‘istonni iqtisodiyoti taraqqiy etgan dunyoning 30 ta davlatidan biriga aylantirishdan iboratdir.

Istiqlol yillarida Qozog‘istonning bozor iqtisodiyotiga o‘tishi, fuqarolik jamiyati barpo etishi uchun barqarorlik, millatlararo va dinlararo totuvlikka erishilishi yo‘lida huquqiy asoslar yaratildi. Bugungi kunda Qozog‘istonning barcha fuqarolari teng huquq va imkoniyatlarga ega. Etnik, madaniy va diniy xilma-xillikka qaramay, mamlakatda tinchlik va siyosiy barqarorlik saqlab qolindi. Qozog‘iston 140 elat va 17 konfessiya vakillarining uyiga aylandi.

O‘zbekistonda Qozog‘istonga vaqt sinovidan o‘tgan ishonchli qo‘shni sifatida qaraladi. Qozog‘iston ham mamlakatimizga ana shunday nuqtai nazar bilan qaraydi. O‘zbek va qozoq xalqlarini ko‘p asrlik qardoshlik rishtalari, mushtarak tarix va taqdir, ma’naviy va madaniy qadriyatlar, o‘xshash til va mentalitet birlashtirib turadi.

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqaev O‘zbekistonga davlat tashrifi arafasida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zAga bergan intervyusida ta’kidlaganidek, “Mustaqillikning ilk kunlaridan buyon Qozog‘iston va O‘zbekiston yelkama-yelka qo‘l tutib, murakkab davrlarda bir-birini qo‘llab-quvvatlab, bir-birining muvaffaqiyatlaridan quvonib kelmoqda. Xalqlarimiz o‘rtasida mamlakatlarimiz taraqqiyotiga erishishdek yagona maqsadga asoslangan mustahkam va o‘zaro uyg‘un munosabatlar qaror topgan. Davlatlarimiz o‘rtasida strategik sheriklikni mustahkamlashda Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboev va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev asosiy rol o‘ynadilar. Millat rahnamosi yaqin qo‘shnilar bilan aloqalarni rivojlantirishga doimiy ravishda alohida e’tibor qaratib kelmoqda. Shuning uchun mamlakatingiz Qozog‘iston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlari sirasiga kiradi. Biz xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarimizni davom ettiramiz”.

Xalqlarimizning umumiy tarixiy merosini, shuningdek, ularning buguni va kelajagini bir-biridan ajratib bo‘lmaydi. Biz har doim o‘zaro yaqin bo‘lganmiz va hamisha bir-birimizga suyanamiz. Chunki, geografiya bizni qo‘shni, tarix - qon-qardosh, siyosat - ittifoqdosh, iqtisod esa – hamkor qildi. Mana shu jihatlarning hammasi bizlarni bir-birimizga yaqinlashtirib, birlashtiradi. O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish nafaqat o‘zaro hamkorlikning uzoq muddatli istiqbollari, ayni vaqtda butun Markaziy Osiyo mintaqasi barqarorligi va ravnaqini ta’minlash nuqtai nazaridan ham alohida muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida Abadiy do‘stlik to‘g‘risida Shartnoma imzolangan. Qat’iy siyosiy iroda, yaqin hamjihatlik, mustahkam shartnomaviy-huquqiy baza hamda konstruktiv hamkorlik borasida to‘plangan katta tajriba natijasida bugun uzoq muddatga mo‘ljallangan keng ko‘lamli samarali hamkorlik uchun barcha zarur sharoitlar va asoslar yaratilgan.

Qozog‘iston O‘zbekistonning savdo-iqtisodiy sohadagi muhim sheriklaridan biri bo‘lib, o‘zaro savdo izchil va barqaror o‘sib bormoqda. Transport va transport kommunikatsiyalari sohasidagi hamkorlik o‘zaro munosabatlarning ustuvor yo‘nalishlaridir. Bu borada yuklarni tranzit qilish va yetkazib berishni tashkil etishda tarif va notarif preferensiyalar berish hamkorlikning asosiy jihatlari hisoblanadi. Ikki mamlakat 2020 yilda o‘zaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan.

14 aprel kuni ilk bor Turkistondan Samarqand tomon yo‘lga chiqqan xalqaro avtobus yo‘lovchilari Samarqandga yetib keldi. Yo‘lovchilar Turkistondagi “Oltin O‘rda” avtovokzalidan Samarqanddagi “Samarqand” avtovokzaligacha olib boriladi. Yo‘lda Chimkent va O‘zbekistonning Guliston va Jizzax shaharlarida to‘xtab o‘tish ko‘zda tutilgan. Yo‘l haqi to‘rt ming tenge (10 dollarga yaqin)ni tashkil qiladi. Rasmiylarning fikricha, Turkiston va Samarqand o‘rtasidagi avtobus qatnovi mamlakatga keluvchi sayyohlar sonining ortishiga hissa qo‘shadi.

2018 yilning 10 dekabr kuni Turkiston-Toshkent o‘rtasida avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilgan edi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishga bag‘ishlangan ilk mintaqalararo forum Chimkent shahrida 15 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan edi.

Ikki mamlakat ilmiy va ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, o‘quv-metodik materiallar almashish borasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, 2006 yilda Xorazm Ma’mun akademiyasi bilan Qozog‘iston Respublikasi Ta’lim va fan vazirligining R.Sulaymonov nomidagi Sharqshunoslik instituti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolangan.

Qozog‘istonda O‘zbekiston yili yuksak darajada o‘tdi. Qozog‘istonda xalqlarimiz, ilm-fan, madaniyat, ta’lim muassasalari, tadbirkorlik tuzilmalari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish va mustahkamlashga qaratilgan 200 dan ziyod tadbir tashkil etildi.

Mamlakatlarimiz madaniyat va san’at sohasida faol hamkorlik qilib kelmoqda. Misol uchun, o‘zbekistonlik xalq ustalari Qozog‘iston poytaxtida o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo hunarmandlari ko‘rgazma-yarmarkasida muntazam ishtirok etib kelmoqda. Qo‘shni mamlakat shaharlaridagi badiiy galereyalar va muzeylarda mashhur o‘zbek rassomlarining ko‘rgazmalari namoyish qilinmoqda. O‘zbekiston musiqa va teatr jamoalarining Qozog‘istonga gastrollari tashkil etilmoqda. O‘zbekiston kinematografchilari o‘z filmlari bilan Qozog‘istonda o‘tkazilayotgan kinofestivallarda ishtirok etmoqda.

Qozog‘istonlik san’atkorlar O‘zbekistonda o‘tadigan xalqaro musiqa festivallarining hamda mamlakatimizda tashkil qilinadigan boshqa ko‘plab yirik madaniy tadbirlarning doimiy va faol qatnashchilaridir. Kuni kecha Termizda bo‘lib o‘tgan Xalqaro baxshichilik san’ati festivali doirasida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovning bosh sovrinini Qozog‘iston vakili Uljan Baybusinova qo‘lga kiritdi.

Sharofiddin To‘laganov, O‘zA
398