Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.12.2017 15:51 Chop etish versiyasi

Hayotimda birinchi marta yozuvchi bo‘lmaganimdan afsuslandim

Hayotimda birinchi marta yozuvchi bo‘lmaganimdan afsuslandim
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni tadbirlarida ishtirok etgan fermerning iqrori

Poytaxtimizda katta tantana bilan o‘tkazilgan O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni tadbirlarida ishtirok etib qaytdim. Shunday deyapmanu, go‘yo hammasi tushda kechgandek. Uch kun davomida shuncha hayajonu quvonch, faxr-iftixorni qalbdan tuyganim, guvoh bo‘lganimga ishongim kelmaydi.

...Tuman hokimligidan qo‘ng‘iroq qilib, “ilg‘or fermer sifatida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan Toshkent shahrida o‘tkaziladigan tantanalarda qatnashasiz, tayyorgarlik ko‘ring”, deyishdi.

Albatta, kamtarona mehnatlarim davlatimiz tomonidan e’tirof etilayotganidan xursand bo‘ldim. Lekin ko‘nglimning bir chetida “shuncha yo‘lga meni ovora qilgandan ko‘ra, boshqa yosh fermerlardan birortasini yuborishsa bo‘lmasmikin, men uchun hozir qadrdon dalam, nabiralarim quchog‘idan issiq go‘sha, taftli maskan bormi?” degan savolomuz o‘y ham o‘tdi xayolimdan. Chunki, sobiq tuzum davrida bir-ikki marta qishloq xo‘jaligi xodimlari qurultoyida ishtirok etish uchun ming bir azobda borib kelganlarimni unutmagan edim.

Xullas, aytilgan kun ko‘nglimda allanechuk xavotir bilan Samarqand shahriga bordim. Viloyatdan bir necha yuz kishi – fermerlar, suvchi va mexanizatorlar, xizmat ko‘rsatish idoralari, qayta ishlash korxonalari vakillari bilan birga poytaxtga yo‘l oladigan bo‘ldik. Shu yerning o‘zida tumanlardan kelgan dehqonlarni kutib olish va poytaxtga kuzatish uchun o‘zgacha taraddud ko‘rilganidan ko‘nglim yorishib ketdi. O‘zimizning "Afrosiyob"da Toshkent tomon yo‘lga chiqdik.

Hali xayollarimiz, o‘y-fikrlarimizni jamlab ulgurmay, ikki soatdan biroz o‘tib poytaxt vokzalida ekanimizni e’lon qilishdi. Aziz mehmonlarni qarshilagandek bizni kutib olib, maxsus avtobuslarga o‘tqazishdi. Hammamiz hayron. Toshkentning kundan-kunga o‘zgarib, chiroy ochib borayotgan husnu jamoliga maftun bo‘lib borayotganimizda biz o‘tirgan avtobus muhtasham bino oldida to‘xtadi.

Poytaxtimizdagi eng zamonaviy, bir nechta yulduzli mehmonxona ekan. Shu yerga joylashishimizni aytishdi. To‘g‘risi, safarga chiqishimdagi eski xotiralar sabab, ishonmadim. Ammo, mehmonxona xodimlari mening nomimga rasmiylashtirilgan xona kalitini qo‘limga tutqazib, ichkariga boshlaganda hayratim bir necha barobar oshdi.

Nomerga kirgach, mehmonxona xodimi ushbu xona, u yerda qo‘yilgan sovg‘alar biz, mehmonlar uchun ekani, biror bir xizmat bo‘lsa, bemalol chaqirishimiz mumkinligini aytishdi.

Shundan so‘ng, rostakamiga bayramga kelganimizni, biz muhtaram Prezidentimizning mehmoni ekanimizni his qildim. Bizga sovg‘a sifatida qo‘yilgan bejirimgina, qimmatbaho sumkani ochib – katta xazina topdim – Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning kitobi. Kitob sahifalariga ko‘z yugurtira boshladim. Keyingi bir yil davomida yurtimizda barcha sohalarda amalga oshirilgan olamshumul islohotlar, Prezidentimizning Samarqandga, Urgutga tashriflari davomida aytgan gaplari quloqlarim ostida jaranglagandek bo‘ldi.

Xonadagi telefon jiringlab, bizning guruhimiz poytaxt bo‘ylab sayohatga chiqishi xabarini aytishdi. Ishonasizmi, mehmonxonaga qanchalik hayrat va hayajon bilan kirgan bo‘lsam, sayohatga chiqishda o‘zimda shunchalik katta ishonch, faxr-iftixorni his qildimki, buni so‘z bilan ifodalab berolmayman. Hayotimda birinchi marta yozuvchi bo‘lmaganimga afsuslandim. Egnimda yap-yangi libos, qo‘limda Prezident sovg‘a qilgan sumka. Poytaxtimizdagi qishloq xo‘jalik texnikalari va mahsulotlari ko‘rgazmalari, tarixiy-madaniy obyektlarni qishloqdagi oddiy dehqon, fermer sifatida tomosha qilmadik, ularning har biri bo‘yicha o‘zaro bahs-munozaraga kirishdik, taklif va mulohazalarimiz bilan o‘rtoqlashdik, tajriba almashdik.

Toshkentga sayohatimizning ikkinchi kuni O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligida uchrashuv bo‘ldi. Unda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan qishloq xo‘jaligi sohasining bir guruh ilg‘or vakillarini mukofotlash to‘g‘risida farmon qabul qilinganini eshitdim. Uchrashuvda ushbu mukofotlar tantanali ravishda topshirildi. Safdoshlarimizni olqishlab, ularning quvonchidan qalbim g‘ururga to‘lib turganda mening ham ism-sharifimni o‘qib qolishsa, deng. Quloqlarimga ishonmayman, ko‘zlarimdan yosh chiqib ketdi. Mukofotni ko‘ksimga taqib qo‘yishganida bo‘yim osmon qadar yuksaldi-yov!

Shu kezda bundan qirq yillar avval maktabni bitirib, fermada sut sog‘uvchi bo‘lib ishlaganimu o‘zim pul topib, ming bir mashaqqat bilan institutda o‘qiganim, keyin bir necha yillar jamoa xo‘jaligi fermasida mehnat qilgan bo‘lsam-da, qadr-qimmat topmaganim yodimga tushib, o‘ksindim. Istiqlol tufayli Urgutda birinchilar qatori fermer bo‘lib, kosam oqargani, qishloqdoshlarimga ozmi-ko‘pmi nafim tekkani, el koriga yarayotganimdan, kamtarona mehnatim davlatimiz tomonidan yuksak e’tirof etilganidan qalbim g‘ururga to‘ldi. Shu kunlarga yetkazgan parvardigorga shukronalar aytdim.

Allohga shukr, bugun urgutlik fermerlar orasida o‘z o‘rnimga egaman. Viloyat, tuman rahbarlari, safdoshlarim hurmatimni joyiga qo‘yishadi. Maslahat so‘raydi. 19 gektarlik yerimizda g‘alla, tamaki, sabzavot mahsulotlari yetishtirib, zimmamizga olgan majburiyatlarni bekamu ko‘st ado etyapmiz. Mehnatimizdan manfaatdorligimiz yuqori, dasturxonimiz to‘kin-sochin, omborlarimiz donga to‘la. Muhimi, ertangi kunimizdan ko‘nglimiz to‘q. Yangi rejalarimiz, loyihalarimiz bor.

To‘qqizinchi dekabr kuni “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida bayram tadbirida qatnashdik. Birinchi marta ushbu koshonaga kirdim. Men kabi yana minglab fermer va dehqonlar ham ilk bor mazkur muhtasham binoning mehmoni bo‘ldi.

Tadbirda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi xodimlarini samimiy tabriklab, yurakdan ochiq gapirishlari barchamizni to‘lqinlantirib yubordi. Ayniqsa, "Uzoq yillar rahbarlik lavozimlarida ishlagan inson sifatida mening turli soha vakillari orasida do‘stlarim, tanishlarim ko‘p. Lekin qalbimga eng yaqin insonlar, qadrdonlarimning eng ko‘pi mana shu soha – qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida, desam, ishoninglar, ayni haqiqatni aytgan bo‘laman. Bu bilan men, albatta, doimo chin dildan faxrlanaman, sizlarni qalbimga, yuragimga eng yaqin va aziz insonlar, deb bilaman”, deyishlari ko‘ksimizni tog‘dek ko‘tardi. Shunday yurt fuqarolari ekanimizdan g‘ururlandik.

Dehqonlarda shunday gap bor – dehqon bir to‘yib uxlasa, bir yillik kuchga enadi. Biz, fermerlar Prezidentimizning alohida e’tibor va g‘amxo‘rligi tufayli bugun shunchalik ulkan hurmat-ehtirom ko‘rayapmizki, bu bizga o‘n yillik kuch-g‘ayrat baxsh etadi, mehnatga ishtiyoq uyg‘otadi. Jumladan, poytaxtimizda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirlardan olgan taassurotu hayajonlarimiz, rag‘bat va e’tibor bizni yangi zafarlar sari ilhomlantiradi. Buni albatta, o‘z mehnatimiz bilan namoyon etamiz.

Barno Mamadaliyeva,
Samarqand viloyati Urgut tumanidagi
“G‘alaba” fermer xo‘jaligi rahbari,
“Do‘stlik” ordeni sohibi.

O‘zA
2 335