Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.01.2018 18:38 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston Ombudsmani: Inson huquqlarini, ayniqsa, jazoni ijro etish muassasalarida qonuniylikni ta’minlashga oid faoliyat kuchaytirildi

Inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashda Ombudsman institutining o‘rni va roli beqiyosdir. Bugun Xalqaro, Yevropa ombudsman institutlari hamda Osiyo ombudsmanlar assotsiatsiyasi faoliyat yuritmoqda.

Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi bo‘lib O‘zbekistonda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) lavozimi tashkil etilgan. O‘zbekiston ombudsmani yuqoridagi nufuzli tashkilotlarning a’zosidir.

O‘zA muxbiri mazkur institut tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, kengaytirilayotgan vakolatlar qanday imkoniyatlar yaratayotgani xususida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Ulug‘bek Muhammadiyev bilan suhbatlashdi.

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan inson huquqlari, erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan islohotlar xalqimiz manfaatlariga xizmat qilmoqda, – deydi U.Muhammadiyev. – Bu boradagi sa’y-harakatlar natijasida inson huquqlarini himoya qilish milliy tizimida ham tub yangilanishlar ro‘y berayotir. Bu institutlarning tashkiliy-huquqiy asoslari, inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlari tubdan yangilanmoqda.

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturiga asosan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun qabul qilindi.

Qonunga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga muvofiq, Vakilga inson huquqlari hamda erkinliklari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan parlament nazoratini ta’minlashda yangi vakolatlar berildi.

Xususan, mazkur qonun bilan Ombudsmanning qonun ustuvorligi va adolatni qaror toptirishga oid huquqlari kengaytirildi. Endilikda Ombudsman O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi ko‘rib chiqishi uchun qonunga muvofiq masalalar kiritish; fuqarolar manfaatlarini ko‘zlab arizalar hamda da’volar bilan sudlarga murojaat etish; inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi qonun hujjatlarining aniqlangan buzilishlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlariga belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish kabi huquqlarga ega bo‘ldi.

2017-yilning 9 oyi davomida Ombudsman nomiga jismoniy va yuridik shaxslardan jami 6 ming 329 murojaat tushgan bo‘lib, shundan 1 ming 789 tasi nazorat tartibida o‘rganib chiqildi. Ular yuzasidan davlat organlariga 2 ming 468 so‘rov yuborilgan.

Kelib tushayotgan murojaatlarning 41,6 foizi – shaxsiy, 28,6 foizi – ijtimoiy, 25,8 foizi – iqtisodiy, 3,5 foizi – siyosiy huquqlarga, qolgani esa boshqa huquqlarga tegishlidir.

– Ombudsmanga jazoni ijro etish muassasalari ustidan parlament nazoratini amalga oshirish vakolati berilgan. Bu borada qanday amaliy ishlar qilinmoqda?

– Darhaqiqat, ushlab turilgan hamda qamoqqa olingan, ma’muriy qamoqqa va ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar huquqlari himoyasini tashkil etish va bu borada parlament nazoratini ta’minlash Ombudsmanning ustuvor vazifalaridan biridir.

Qonunga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga ko‘ra, Ombudsman mazkur muassasalarga moneliksiz kirishi, inson huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari buzilgan holatlarda o‘z tashabbusi yoki shaxslar murojaatlari bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazishga haqli. Ushlab turilgan va qamoqqa olingan, ma’muriy qamoqqa olingan va ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar yozma shakldagi murojaatlarni (xatlar va telegrammalarni) ularning soni cheklanmagan holda Vakilning nomiga yuborish huquqiga ega. Vakil nomiga yuboriladigan murojaatlar senzura qilinmaydi.

Ombudsmanga murojaatlar yuborish muddatlari ham belgilangan. Ya’ni, xatlar Vakilga yigirma to‘rt soatdan kechiktirmay, telegrammalar esa darhol yuboriladi.

Ombudsman 2017-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent va Navoiy viloyatlaridagi oltita jazoni ijro etish muassasasida mahkumlar hamda ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan shaxslarning huquqlarini ta’minlash bo‘yicha kompleks nazorat olib bordi.

800 dan ortiq mahkumlar bilan uchrashuv va suhbatlar o‘tkazildi. Ularning shart-sharoitlari, tibbiy xizmatdan qanday foydalanayotgani, muassasalarda mehnatni tashkil qilish, umumiy ta’lim, tarbiyaviy va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligi o‘rganildi.

Uchrashuv jarayonlarida mahkumlarga ularning huquq va erkinliklari tushuntirilishi bilan birga jazoni ijro etish muassasalarining o‘zida individual murojaatlar qabul qilinmoqda. Ushbu uchrashuvlarda jamoat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari faol ishtirok etmoqda.

Mahkumlar va ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan shaxslardan tushayotgan murojaatlar soni oshib borayotgani Ombudsmanning mazkur yo‘nalishdagi faoliyati muhimligidan dalolat beradi. Misol uchun, 2015-yilda bunday murojaatlar soni 147 ta edi, 2016-yilda 211 tani tashkil etdi. 2017-yilda bu ko‘rsatkich 2,5 barobar ko‘payib, 557 ta murojaat kelib tushdi.

Ta’kidlash lozimki, ushlab turilgan hamda qamoqqa olingan, ma’muriy qamoqqa va ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslardan kelib tushayotgan murojaatlar alohida nazorat tartibida o‘rganib chiqiladi.

Barcha murojaatlar mutasaddi idoralar bilan tezkor ko‘rib chiqilmoqda. Ularning aksariyatida mahkumlar afv yoki oila a’zolarining ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal qilishda yordam so‘ragan. Bunday murojaatlarni hal qilishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qilinmoqda.

Bunday aniq hamda samarali chora-tadbirlar mahkumlarning qonuniy huquq hamda erkinliklarini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

– Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida mahkumlar huquqlarini ta’minlaydigan qo‘shimcha mexanizmlar yaratishni hisobga olgan holda, jinoyat-ijro qonunchiligini yanada takomillashtirish zarurligi ta’kidlandi. Bu borada qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

– 2017-yilning dekabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati, Qonunchilik palatasi hamda Ombudsman tomonidan 2018-yilda qiynoq va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazo turlarining oldini olish bo‘yicha nazorat-tahliliy tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazishga oid chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Unda belgilangan vazifalarning amalga oshirilishi ushbu sohada parlament nazorati keng ta’minlanishiga imkon yaratadi.

Shu bilan birga, jazoni ijro etish muassasalari tizimini tanqidiy o‘rganish va tubdan takomillashtirish doirasida 2018-2022-yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturini qabul qilish rejalashtirilmoqda. Albatta, Ombudsman mazkur dastur ijrosida faol ishtirok etadi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida ilgari surilgan tashabbuslarni ro‘yobga chiqarish va BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn bilan muzokaralar natijalari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy tadbirlar rejasi (“Yo‘l xaritasi”)ga hamda davlatimiz rahbarining “Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq qonunosti hujjatlari ham takomillashtirilmoqda. Xususan, Milliy preventiv mexanizmlar to‘g‘risidagi hamda Ombudsmanning jazoni ijro etish muassasalarida jazoni o‘tayotgan, ushlab turilgan hamda qamoqqa olingan, ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar huquq va erkinliklariga rioya qilinishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish to‘g‘risidagi nizomlari shular jumlasidandir.

Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasiga qarashli jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan ayblanuvchi va mahkumlarning huquqlarini ta’minlash, ularga yaratilgan sharoitlarning ahvolini o‘rganish bilan bog‘liq huquqni qo‘llash amaliyoti bo‘yicha monitoringlar davom ettirilib, ularning yakunlari bo‘yicha tegishli qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqilib, tegishli tashkilotlarga taqdim etildi.

Bundan tashqari, jazoni ijro etish muassasalari ma’muriyati, tergov organlari xodimlari mas’uliyati hamda malakasini oshirish ham dolzarb vazifalardan biridir. Xususan, 2018-yil davomida BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha Mintaqaviy bo‘limi va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori bilan hamkorlikda IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi tizimlarida faoliyat yurituvchi xodimlarning malakasini oshirishga qaratilgan turkum seminarlar tashkil qilinishi rejalashtirilgan.

Malumki, 2018-yilga mo‘ljallangan “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturi loyihasi keng jamoatchilik tomonidan muhokama qilindi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning jazoni ijro etish muassasalari faoliyatini monitoring qilish borasidagi vakolatlarini kengaytirish nazarda tutilgan.

Bu yo‘nalishda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish rejalashtirilgan. Shunga ko‘ra, Ombudsmanning qamoqda saqlanayotgan va jazoni o‘tash joylarida bo‘lgan shaxslarning yashash sharoitlarini monitoring qilish bo‘yicha vakolatlari yanada kengaytiriladi.

Norgul Abduraimova, O‘zA
11 377