O‘zA O`zbek

13.03.2018 15:59 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston o‘rmonlari qisqarib ketmoqdami? Yoki...

O‘zbekiston o‘rmonlari qisqarib ketmoqdami? Yoki...
Mamlakatimizning jami yer maydoni 44 896,9 ming gektar. Shundan respublika umumiy yer maydonining 25 foizi, ya’ni 11 242,3 ming gektardan ortig‘i o‘rmon fondiga to‘g‘ri keladi

Sayyoramiz quruqlik qismining 31 foizi o‘rmonzorlar bilan qoplagan. Dunyoda eng katta o‘rmon fondi yerlariga ega davlatlar – Rossiya (809 mln. gektar), Braziliya (520 mln. gektar), Kanada (310 mln. gektar), AQSh (304 mln. gektar), Xitoy (207 mln. gektar), Kongo demokratik respublikasi (154 mln. gektar), Avstraliya (149 mln. gektar), Indoneziya (94 mln. gektar), Sudan (70 mln. gektar), Hindiston (68 mln. gektar)da 2,865 mln. gektar o‘rmonzorlar mavjud.

Agar mazkur davlatlarning umumiy maydonining o‘rmon bilan qoplanganlik darajasini hisoblaganda, birgina Finlyandiya davlati umumiy maydoning 73 foizini o‘rmonzorlar tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich Shvetsiyada – 69 foiz, Malayziya va Braziliyada – 62 foiz, Rossiyada – 49 foizdir.

Mamlakatimizning jami yer maydoni 44 896,9 ming gektar. Shundan respublika umumiy yer maydonining 25 foizi, ya’ni 11 242,3 ming gektardan ortig‘i o‘rmon fondiga to‘g‘ri keladi.

O‘zbekistonda o‘rmon bilan qoplangan maydonning 2,300 ming gektardan ortig‘i yoki 81 foiz cho‘l hududidagi saksovulzor va butazorlardan, 447 ming gektari yoki 16 foiz tog‘ va adirlar, qolgan 3 foizi vodiy va to‘qay o‘rmonzorlarni tashkil qiladi. O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tomonidan har yili respublikamizda 42–45 ming gektardan oshiq maydonda yangi o‘rmonzorlar barpo qilinmoqda. Xususan, 18 ming gektari Orolning qurigan tubida, 22 ming gektari Qizilqum cho‘llarida, 2–5 ming gektari tog‘ oldi va tekisliklarda ekiladi. O‘rmon barpo qilish maqsadida har yili 45 mln. dona nihol va ko‘chat, 300 tonnadan ortiq ypyg‘ tayyorlanmoqda. Ekilgan daraxtlarni 30–35 ming gektari o‘rmon bilan qoplangan maydonga o‘tqaziladi. Ushbu ko‘rsatkich, respublikamizning umumiy maydoniga nisbatan hisoblanganda bor yo‘g‘i 0,07 foizni tashkil qilmoqda.

Respublikamiz hududining 75 foiz maydoni cho‘l hududlaridan iborat bo‘lib, ushbu maydonlardagi qishloq xo‘jaligi ekinlari kuchli qum ko‘chish va issiq shamol (garmselidan) katta zarar ko‘rmoqda. Bundan tashqari, cho‘l hududidagi 16700 ming gektardan ortiq yaylov va pichanzorlar chorva mollarni me’yorsiz boqilishi oqibatida degradatsiyaga uchrab nobud bo‘layotir.

Tabiatimizda yuzaga kelgan salbiy holatlar odamlarning sog‘ligiga va yashash tarziga jiddiy xavf solmoqda, shuningdek, qishloq xo‘jaligi ekinlarining 25–30 foizini, tabiiy o‘simliklar va hayvonlarning ko‘plab turlarini nobud bo‘lishiga olib kelmoqda.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlarining haydaladigan yerlarga qurg‘oqchilik va cho‘llanish qattiq ta’sir ko‘rsatmoqda. Xususan, Qirg‘izistonda 88 foiz, Turkmaniston va O‘zbekistonda 80 foiz, Qozog‘istonda 66 foiz yer maydoni shunday zararlanmoqda.

Tog‘ va adir hududlaridagi daraxt va butazorlarning kamayib ketishi natijasida suv zaxiralari kamayishi va buloq suvlarini qurib ketishiga sabab bo‘lmoqda.

Yuqoridagi mavjud muammolardan kelib chiqib, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi o‘rmonchilikda ilg‘or davlatlar tajribasidan foydalanib, “O‘zbekiston Respublikasi o‘rmon xo‘jaligini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi”ni ishlab chiqdi. Respublikamizni “Yashil hududga” aylantirishga xizmat qiluvchi mazkur Konsepsiyasini qabul qilish va uni amalga oshirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish taklifini ilgari surmoqda.

Xususan, Konsepsiyada innovatsion texnologiyalarni (dron, deltoplan, urug‘larni granula usulida ekish, cho‘l hududlarda gidrogel ishlatish va boshqalarni) joriy etish orqali o‘rmon barpo qilish hajmlarini ko‘paytirish, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydonlarini kengaytirish orqali noyob va yo‘qolib ketayotgan o‘simlik va hayvonot dunyosi obyektlarini saqlab qolish bo‘yicha aniq takliflar berilgan.

Xorijiy grant va mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan degradatsiyaga uchragan, turli eroziyalardan zarar ko‘rgan yer maydonlarini qayta tiklash, qishloq xo‘jaligi ekinlarini shamol eroziyasi va garmsellardan saqlash maqsadida himoya (ixota) o‘rmonzorlarini barpo qilish, o‘rmonsiz yerlarni davlat-xususiy hamkorlik doirasida mahalliy aholiga o‘rmon barpo qilish, yerlardan foydalanishga imtiyozli ajratib berish tizimini joriy etish taklifi ilgari surilmoqda.

Shuningdek, respublikada ma’lum bir sanani “Daraxt ekish kuni”ni sifatida belgilash, o‘rmonchilikda tashabbus ko‘rsatgan fuqarolarni rag‘batlantirish shular jumlasidandir.

Muxtasar aytganda “O‘zbekiston Respublikasi o‘rmon xo‘jaligini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi”ni qabul qilinishi mavjud muammolarni bartaraf etishga xizmat qiladi.

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi ma’lumotlari asosida tayyorlandi.

O‘zA
11 574