Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.12.2017 18:30 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston musulmonlari idorasida Oksford islom tadqiqotlari markazi direktori Farxan Nizomiy bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi O.Yusupov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy U.Alimov, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti rektori A.Mannonov va boshqalar mehmonga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, turli din va millat vakillarining ahil hayoti va faoliyati, bu borada mamlakatimiz rahbariyati tomonidan olib borilayotgan ishlar haqida so‘zlab berdi.

O‘zbekistonda 16 diniy konfessiyaga mansub 2 ming 300 dan ziyod diniy tashkilot emin-erkin faoliyat ko‘rsatayotgani ham mamlakatimizda hukm surayotgan hamjihatlik va diniy bag‘rikenglikning amaliy ifodasidir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan xalqimizning milliy-diniy qadriyatlarini e’zozlash, ma’rifiy islom dinini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buyuk allomalarimiz qadamjolari obod etilib, ularning ilmiy merosini o‘rganish va dunyo jamoatchiligiga keng targ‘ib qilish yuzasidan yangi-yangi tashabbuslar ro‘yobga chiqarilmoqda.

Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Surxondaryoda Imom Termiziy ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilgani islom dinining insonparvarlik mohiyatini, ajdodlarimizning jahon ilm-fani rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini chuqur o‘rganish, islom madaniyatining asl qadriyatlarini xalqimiz va yoshlarimizga to‘la yetkazishga keng yo‘l ochadi.

Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida tinchlikparvar islom dinining asl mohiyatini ochib, “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolutsiyani qabul qilish taklifini bildirgani O‘zbekistonning diniy bag‘rikenglik sohasidagi tashabbuslarining yaqqol ifodasi sifatida dunyo hamjamiyatida katta qiziqish uyg‘otdi.

Yurtimizdagi turli dinlar o‘rtasidagi munosabatlar bugungi kunda ko‘plab davlatlar tomonidan o‘rganilayotir va dunyoga namuna qilib ko‘rsatsa arziydigan natijalar sifatida e’tirof etilayotir. Buni joriy yil islom olamida juda katta nufuzga ega bo‘lgan xalqaro ekspertlar tomonidan O‘zbekistondagi din va e’tiqod erkinligini ta’minlash sohasidagi islohot va o‘zgarishlar, bu boradagi ijobiy tajriba o‘rganilgani misolida ham ko‘rish mumkin. Jumladan, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn, din va e’tiqod erkinligi masalasi bo‘yicha maxsus eksperti Ahmad Shahid mamlakatimizdagi diniy vaziyat, bag‘rikenglik muhiti, millatlararo va dinlararo munosabatlarni yuksak baholadi.

Buyuk Britaniyaning 1985-yil tashkil etilgan Oksford islom tadqiqotlar markazi islom olamiga oid ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, islom dunyosini tadqiq etuvchi olimlar va institutlar o‘rtasidagi xalqaro hamkorlikni rag‘batlantirish, bugungi kunda islomning rivojlanishini turli bosma nashrlar orqali targ‘ib qilish bilan shug‘ullanadi.

Markaz bilan O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi aloqalar mustaqilligimizning dastlabki yillarida o‘rnatilgan. 1993-yil Oksford islom tadqiqotlar markazi va O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik bayonnomasi, Imom Buxoriy majmuasi loyihasi bo‘yicha hamkorlik kelishuvi, 1994-yil Toshkent davlat sharqshunoslik instituti bilan o‘zaro hamkorlik memorandumlari imzolangan.

Markaz asoschisi va rahbari Farxan Nizomiyning mamlakatimizga bu galgi tashrifidan ko‘zlangan asosiy maqsad – O‘zbekistondagi islom olamiga oid tadqiqotlar bilan shug‘ullanuvchi idora va muassasalar bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish hamda madaniy-gumanitar sohada qo‘shma loyihalarni muhokama qilishdan iborat.

– O‘zbekiston mening ma’naviy vatanim, Toshkent zaminiga oyoq qo‘yarkanman, o‘zimni xuddi yana uyimga qaytgandek his qildim, – dedi Farxan Nizomiy. – Yurtingizning sivilizatsiyalar chorrahasida joylashgani buyuk ajdodlaringiz tomonidan ko‘plab sohalarda olamshumul kashfiyotlar qilinishiga yo‘l ochgan bo‘lsa, bugungi O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi va umumbashariy taraqqiyotga qo‘shayotgan hissasi insoniyat uchun yanada muhim. Tashrifim davomida ta’lim muassasalarida amalga oshirilayotgan loyihalar, ularning faoliyat yo‘nalishlari bilan tanishganim men uchun noyob bo‘ldi. Markazimizning O‘zbekiston bilan barcha yo‘nalishdagi hamkorligi kutilayotganidan ham yuqori va samarali bo‘lishiga ishonaman.

Uchrashuvda mamlakatimiz ilmiy-tadqiqot muassasalari va Oksford islom tadqiqot markazi o‘rtasida professor-o‘qituvchilar almashish, hamkorlikda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari xususida so‘z yuritildi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Toshkent islom universiteti bilan Oksford islom tadqiqotlari markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Oksford islom tadqiqotlari markazi direktori Farxan Nizomiy O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev bilan uchrashdi.

Tadbirda 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish, turli millat va elat, din va konfessiya vakillari o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar jamiyatimizdagi hamjihatlik, mehr-oqibat muhitini mustahkamlashga xizmat qilayotgani qayd etildi.

Farxan Nizomiy O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Toshkentdagi xalqaro Vestminster universitetida ham muzokaralar o‘tkazdi.

Matnazar Elmurodov, O‘zA
827






Все о погоде - Pogoda.uz