Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

20.07.2018 15:25 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston mehmonxonalarida “Halol” standarti qanday joriy etiladi?

O‘zbekiston mehmonxonalarida “Halol” standarti qanday joriy etiladi? Dunyodagi mehmonxona biznesi peshqadamlaridan – Rezidor Hotel Group kompaniyasining ma’lumotlariga ko‘ra, yaqin 10 yilda “Halol” turizm hajmi yiliga 20 foizdan oshib boradi.

Keyingi vaqtda “Halol” turizm, standartlar va xizmatlar haqida juda ko‘p fikrlar aytilib, tadqiqotlar o‘tkazilmoqda. Shunday ekan, musulmon davlatlari vakillari uchun mehmonxonalar qanday jihozlanishi, xizmatlar sifatini oshirish uchun nimalar qilish kerakligi ko‘pchilik uchun qiziq.

Bu borada doimiy ekspertimiz Jahon bankining O‘zbekistondagi konsultanti Jahongir Imomnazarovning fikrlari bilan qiziqdik.

– Bir qator turistik portal vakillari hamkorlikda o‘tkazgan tadqiqotiga asosan, 2030 yilga borib, 15 yoshdan 29 yoshgacha bo‘lgan dunyo yoshlarining uchdan biri musulmonlardan iborat bo‘ladi, – deydi J.Imomnazarov. – Bunga sabab bor. Misol uchun, 2016 yilda turli mamlakatlarga sayyohat qilgan 121 million musulmonning 80 millioni yoshlar bo‘lgan. Hozirda bu yoshdagilar yiliga 2-5 marta, o‘rtacha 4-6 kunlik sayyohatlarga chiqmoqda. 2025 yilga kelib yosh musulmonlar dunyo bo‘ylab sayyohatlar uchun yiliga 100 milliard dollaridan ko‘proq miqdorda pul sarflashi taxmin qilinmoqda.

Qayd etish joizki, “Halol” turizmning rivojlanishi, o‘z navbatida, ushbu sektor bilan bog‘liq boshqa sohalarni ham rivojlanishiga to‘rtki beradi. Masalan, transport sohasida: musulmon sayyohlar uchun uchish davomida spirtli ichimliklar taklif qilinmaydigan, faqat “Halol” taomlar beriladigan, namoz vaqtlari e’lon kilib boriladigan, diniy mavzudagi ko‘rsatuvlar namoyish qilinadigan aviareyslar allaqachon yo‘lga qo‘yilgan.

Yuqorida aytib o‘tilganidek, oxirgi bir yil ichida mamlakatimizda ham turizmni rivojlantirish yo‘lida jiddiy qadamlar qo‘yildi: Indoneziya, Janubiy Koreya, Malayziya, Singapur, Turkiya, Isroil, va Yaponiya fuqarolari uchun O‘zbekistonga vizasiz tashrif tartibi joriy etildi. Ziyoratchilarga qulaylik yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining “Turistik xizmatlarni sertifikatlashtirish markazi” davlat unitar korxonasi yangi davlat standartini ishlab chiqdi. Unga ko‘ra, har bir mehmonxona umumiy xonalar sonining kamida o‘ndan birida Qur’oni Karim, ibodat qilish uchun joynamoz, hamda kamida 30 foizida qibla ko‘rsatgichi bo‘lishi shart.

Albatta, amalga oshirilgan ishlar musulmon sayyohlarning e’tiborini tortishi aniq. Lekin, bu borada qilinadigan ishlar ancha. Masalan, yashash va aviaparvozlar tariflarining yuqoriligi, transport tizimining yetarli darajada rivojlanmagani, sayyohlar uchun qulay axborot muhitining mavjud emasligi (navigatsiya va infomarkazlar), malakali kadrlarning yetishmasligi kabi muammolar tarmoq uchun umumiy bo‘lsa, tahoratxona va namozxonalarning, “Halol” sertifikatiga ega bo‘lgan oshxonalarning, shu turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining, mehmonxonalarning yo‘qligi faqat ziyorat turizmiga aloqador.

Har qanday mehmonxona ham musulmonlarga to‘g‘ri kelishi mumkin. Xonada joynamoz va qibla tarafni ko‘rsatuvchi ko‘rsatgich bo‘lsa yetarli. Lekin, musulmon sayyohlarning e’tiborini tortish uchun bular kamlik qiladi. Mehmonxonada islom dinida harom qilingan yegulik va ichimliklar umuman bo‘lmasligi, maxsus tahoratxona va namozxonalar tashkil qilinishi, xonalarda Qur’on, joynamoz va tasbehlar bo‘lishi, ramazon oyida ro‘zadorlar uchun saharlik va iftorliklar tashkil qilinishi ularning e’tiborini tortishi aniq.

Shu o‘rinda MDH davlatlari orasida birinchi bo‘lib “Halol” turizm doirasida mahsus standart ishlab chiqqan va 2007 yil amalda joriy qilgan Qozog‘istonning tajribasi e’tiborga molik. Qozog‘istonda “Halol” sertifikatiga ega o‘nga yaqin mehmonxona faoliyat yuritmoqda. Bu mehmonxonalarning aksariyati 5 yulduzli bo‘lib, shulardan bir nechtasi dunyoga mashhur mehmonxonalar tizimiga kiradi.

Umuman olganda, dunyoning mashhur mehmonxonalari o‘zlari biznes yuritayotgan sohani doimiy ravishda sinchkovlik bilan kuzatib borishadi va har qanday yangi talabni e’tiborga oladi. InterContinental, Marriott, Ramada, Movenpick, CrownPlaza kabi mashhur mehmonxonalar tizimining musulmonlar uchun muqaddas bo‘lgan Madinai Munavarra va Makkai Mukarramma shaharlarida ham “HALOL” sertifikatiga ega bo‘lgan mehmonxonalari borligi fikrimizning
yorqin dalilidir.

Sayyora Shoyeva O‘zA
1 650