O‘zA O`zbek

07.12.2017 14:56 Chop etish versiyasi

“O‘zbekiston Konstitutsiyasiga 25 yil” esdalik nishonini topshirishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

Toshkent shahar hokimligida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Vatanimiz mustaqilligining 26 yilligi arafasidagi va 2017-yil 10-oktabrdagi farmonlariga muvofiq bir guruh yurtdoshlarimizga davlatimizning yuksak mukofotlari, jumladan, “O‘zbekiston Konstitutsiyasiga 25 yil” esdalik nishonini topshirishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishni Toshkent shahar hokimi R.Usmonov ochdi.

Poytaxtimiz jamolining yanada chiroy ochishida, iqtisodiy-ijtimoiy sohalarning jadal ravnaq topishida quruvchiyu me’morlar, muhandislar, ishlab chiqarish sohasi fidoyilari jonbozlik ko‘rsatayotgan bo‘lsa, yosh avlodni ona Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashda, jamiyatimizda o‘zaro hamjihatlik, mehr-oqibat muhitini mustahkam qaror toptirishda mahalla, xotin-qizlar qo‘mitalarining jonkuyarlari, mehridaryo ustoz va murabbiylar, ilm-ma’rifat ahlining hissasi katta.

– Mamlakatimizning iqtisodiy salohiyati yuksalib borayotgani bozorlarimizning milliy mahsulotlar bilan tobora boyib, to‘lib borayotganida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda, – deydi "Green world" qo‘shma korxonasi rahbari, "Mehnat shuhrati" ordeni sohibi Avaz Ismoilov. – AQSh va Janubiy Koreya ishbilarmonlari bilan hamkorlikda ochilgan qo‘shma korxonamiz ham bu xayrli maqsadga, ya’ni elimiz dasturxonini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirishga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. 1999 yilda ish boshlagan korxonamiz bugun eng sara meva va sabzavotlardan sharbat tayyorlab, nafaqat ichki, balki tashqi bozorda ham raqobatga bardoshli, xalqaro standartlarni joriy etgan korxona sifatida o‘z o‘rniga ega bo‘ldi. Bu boradagi erishayotgan yutuqlarimiz taqdirlangani kuchimizga kuch, g‘ayratimizga g‘ayrat qo‘shadigan katta rag‘bat bo‘ldi.

Tadbirda mamlakatimizning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish va islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishdagi katta xizmatlari, ko‘p yillik samarali mehnati bilan sanoat, transport, aloqa hamda qurilish sohalarini rivojlantirishga qo‘shgan salmoqli hissasi, ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun bir guruh yurtdoshlarimizga yuksak mukofotlar tantanali tarzda topshirildi.

Mukofotlarni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov topshirdi.

Norgul Abduraimova, O‘zA
6 719