Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.12.2017 15:51 Chop etish versiyasi

“O‘zbekiston Konstitutsiyasiga 25 yil” esdalik nishonini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi

“O‘zbekiston Konstitutsiyasiga 25 yil” esdalik nishonini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi Samarqand viloyati hokimligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-oktabrdagi farmoni bilan ta’sis etilgan “O‘zbekiston Konstitutsiyasiga 25 yil” esdalik nishonini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish, xalqimizning tinch va farovon hayotini ta’minlash, mamlakatimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishning mustahkam huquqiy asosidir. Bosh qomusimizni tayyorlashda davlatimiz tanlagan yo‘l, xalqimizning bir necha ming yillik tarixi hamda xalqaro tajriba inobatga olingan.

6.JPG

Mamlakatimizda o‘tgan davr mobaynida amalga oshirilayotgan barcha islohotlar zamirida Konstitutsiyamizda belgilab berilgan qoida va tamoyillar ustuvorlik kasb etdi. Ayni paytda hayotga izchil tatbiq etilayotgan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi ham Konstitutsiyamiz tamoyillariga asoslangan.

3.JPG

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 21-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining yigirma besh yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishiga ko‘ra, bu yil yurtimizda Bosh qomusimiz qabul qilinganining 25 yilligi keng nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari tomonidan 2017-yil 10-oktyabrda “O‘zbekiston Konstitutsiyasiga 25 yil” esdalik nishonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi farmon qabul qilinib, ushbu nishon bilan mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, ilmiy, ma’naviy salohiyatini va mudofaa qudratini yuksaltirish, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlash, jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlikni, millatlararo do‘stlik va totuvlikni asrab-avaylash, Asosiy qonunimizning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini keng targ‘ib etish, yosh avlodni qonunga hurmat, Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash ishlariga munosib hissa qo‘shib kelayotgan barcha soha vakillari, mehnat faxriylari, harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamda boshqa shaxslar taqdirlanishi belgilab qo‘yilgan.

11.JPG

Samarqand viloyatidan 2 ming 800 dan ortiq yurtdoshimiz “O‘zbekiston Konstitutsiyasiga 25 yil” esdalik nishoni bilan taqdirlangan.

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan Samarqand viloyati hokimi T.Jo‘rayev ushbu esdalik nishonlarini tuman va shahar hokimlari, viloyatdagi boshqarma va idoralar, jamoat tashkilotlari rahbarlari, mahalliy Kengashlar deputatlari, faxriylar va yoshlarga tantanali ravishda topshirdi.

Mukofotlanganlar yuksak e’tibor va e’tirof uchun minnatdorlik izhor etib, Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yo‘lida astoydil mehnat qilishini bildirdi.

– Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 25 yillik tarixiy sanasi munosabati bilan ta’sis etilgan ushbu esdalik nishoniga sazovor bo‘lish katta sharaf, – deydi xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi deputati O‘.Saidmurodov. – Bu Konstitutsiyamizda belgilangan qoidalarning ijrosini ta’minlash, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishda zimmamizga ulkan mas’uliyat yuklaydi.

Viloyatdagi huquq-tartibot organlari, harbiy qism va muassasalarda ham esdalik nishonlarini tantanali topshirish marosimlari o‘tkazilmoqda.

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA
957






Все о погоде - Pogoda.uz