Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.12.2017 18:50 Chop etish versiyasi

“O‘zbekiston Konstitutsiyasiga 25 yil” esdalik nishoni tantanali topshirildi

O‘zbekiston musulmonlari idorasida bo‘lib o‘tgan tadbirda Konstitutsiyamiz qabul qilingan kunni yurtdoshlarimiz o‘zgacha faxr bilan yodga olishi, 1992-yil 8-dekabr sanasi mustaqil Vatanimiz tarixidagi buyuk sanalardan biri ekani alohida ta’kidlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Ortiqbek Yusupov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov va boshqalar Bosh qomusimiz huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish, xalqimizning tinch, obod va farovon hayotini ta’minlashda mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilayotganini qayd etdi.

Konstitutsiyamiz qabul qilinishida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning beqiyos hissasi bor. Qomusimiz tayyorlanishi jarayonida u kishi bildirgan teran fikrlar muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

Bugun yurtimizda keng qamrovli xalqchil islohotlar kechmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan barcha sa’y-harakatlarning asl mohiyati har bir O‘zbekiston fuqarosining hayotdan rozi bo‘lib yashashiga qaratilgan. Mamlakatimizda inson qadr-qimmati va sha’ni yuksak darajaga ko‘tarilgan.

Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida mehnat qilayotgan bir guruh xodimlarga “O‘zbekiston Konstitutsiyasiga 25 yil” esdalik nishoni tantanali topshirildi.

– Mamlakatimizda vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar faoliyatiga birdek alohida e’tibor qaratib kelinadi, – dedi Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari Jasurbek Raupov. – Bu borada Konstitutsiyamizning mustahkam o‘rni bor. O‘z navbatida, biz ham yurtimiz obro‘sini mustahkamlash, millatlararo do‘stlik va totuvlikni asrash uchun astoydil xizmat qilamiz, bu muborak maqsad yo‘lidan aslo og‘ishmaymiz.

Ulug‘bek Asrorov, O‘zA
1 266






Все о погоде - Pogoda.uz