O‘zA O`zbek

15.09.2018 21:03 Chop etish versiyasi

“Oʻzbekiston havo yoʻllari” Milliy aviakompaniyasi “Chegara bilmas Markaziy Osiyo” gʻoyasini ilgari surmoqda

“Oʻzbekiston havo yoʻllari” Milliy aviakompaniyasi “Chegara bilmas Markaziy Osiyo” gʻoyasini ilgari surmoqda

Mamlakatimiz tarixida ilk bor “Markaziy Osiyo xalqaro transport yoʻlaklari tizimida: strategik istiqbollar va foydalanilmagan imkoniyatlar” mavzusida yuksak darajada oʻtkaziladigan birinchi xalqaro transport konferensiyasi arafasida “Oʻzbekiston havo yoʻllari” Matbuot xizmati fuqaro aviatsiyasi sohasida erishilgan natija va yutuqlar haqida quyidagilarni maʼlum qilmoqda:

Soʻnggi yillar “Oʻzbekiston havo yoʻllari” Milliy aviakompaniyasi rivojida eng samarali davr boʻldi. Ayniqsa, aviakompaniya floti zamonaviy va shinam “Dreamliner” samolyotlari bilan toʻldirilganligini alohida taʼkidlash joiz.

Mazkur yangi avlod samolyotlarining keltirilishi MAK aviaparkini modernezatsiya qilish dasturiga muvofiq “Boeing” korporatsiyasi bilan oltita Boeing 787 Dreamliner havo kemalarini olish yuzasidan imzolangan shartnoma asosida amalga oshirilmoqda.

Hozirgi kunda uchta “Orzu layneri” MAK belgisi ostida yoʻlovchilarni Yevropa, Amerika va Osiyo davlatlariga yetkazib, havo kengliklarini zabt etmoqda.

Shu oʻrinda kompaniya tomonidan 2017 yilda 2,7 million yoʻlovchi oʻz manziliga yetkazilgan boʻlsa, 36 ming tonna yuk tashilganligini qayd etib oʻtish zarur. Ular orasidan 187 ming yoʻlovchi va 23 ming tonna yuk tranzit koʻrinishga ega. 2018-2019 yillarda esa bu koʻrsatkichni, yaʼni yoʻlovchilar tashishni 3-3,5 millionga, yuk tashishni esa 40-48 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan. Havo kemalarining umumiy soni 25 tani tashkil etadi. Kelgusi yillarda ularning sonini yana 5 taga koʻpaytirish moʻljallangan. Bugungi kunda “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK samoletlari 40 ta yoʻnalish boʻyicha oʻz xizmatini koʻrsatib kelmoqda. Kompaniyada 11 ta aeroportlar faoliyat koʻrsatmoqda.

Yer usti xizmatlarini takomillashtirish borasida toʻxtaladigan boʻlsak, joriy yilning iyun oyida Islom Karimov Karimov “Toshkent” xalqaro aeroportida yangi uchib kelish terminali ishga tushirildi. Mazkur terminal xalqaro aviayoʻnalishlar yoʻlovchilariga moʻljallangan boʻlib, ularga tezkor va sifatli xizmat koʻrsatishni yaxshilashda sezilarli natijalarni koʻrsatdi. Bunga mamlakatga kirishda zaruriy tekshiruv jarayonidan oʻtish vaqtini maksimal darajada qisqartiruvchi zamonaviy uskunalar hisobiga erishildi.

Albatta, tezkorlik va qulaylik asosiy mezonlardan hisoblanadi, biroq xavfsizlik ulardan ustun turadi. Xavfsiz parvozlarni esa, texnik jihozlanganlikka qaramasdan, yuqori malakali mutaxassislarsiz tasavvur qilish qiyin. Aynan professional darajadagi mutaxassislarni tayyorlash uchun oʻtgan yilning iyun oyida MAK Oʻquv-mashq markazining Trenajyor markazida Boeing 767 yangi aviatsion trenajyorining ekspluatatsiyasi boshlandi. Mazkur trenajyor nafaqat Oʻzbekistonning, balki xorijiy aviatashuvchilar uchuv ekipajlarining trenajyor tayyorgarligini amalga oshirish imkonini bermoqda.

“Oʻzbekiston havo yoʻllari” Milliy aviakompaniyasi koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada yaxshilash borasida aviatsiya sohasidagi turli xalqaro tashkilot va kompaniyalar bilan faol hamkorlik qilish siyosatini ilgari surmoqda. Ushbu siyosat doirasida Koferensiyada oʻtkaziladigan “Markaziy Osiyoda havo transportini rivojlantirishning dolzarb masalalari” mavzusidagi shoʻʼba yigʻilish davomida xalqaro ekspertlar bilan aviatsiya xizmatlarining oʻzaro hamkorligini muhokama qilish va yoʻlga qoʻyish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, Milliy aviakompaniya va IATA Xalqaro havo transporti assotsiyatsiyasining hamkorlikdagi harakatlar Rejasi imzolanishi kutilmoqda. Mazkur rejaga Toshkent shahri aeroportida yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatishda zamonaviy standart va texnologiyalarni joriy etish, “Navoiy” xalqaro intermodal logistika markazi orqali yuk tashuvlarini rivojlantirish va havo kengligini muqobillashtirish kabi tadbirlar kiritiladi.

Bu kunga qadar salmoqli ishlar amalga oshirildi, biroq bajarilishi lozim boʻlgan vazifalar hali oldinda. Ishonamizki, koʻrilgan choralar va ishga solingan imkoniyatlar “Oʻzbekiston havo yoʻllari” Milliy aviakompaniyasi tomonidan shoʻʼba yigʻilishida ilgari suriladigan “Chegara bilmas Markaziy Osiyo” gʻoyasini oqlash va barcha sarhadlarni zabt etish imkonini beradi.

“Oʻzbekiston havo yoʻllari” Milliy aviakompaniyasi
Matbuot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi.

OʻzA
2 805