O‘zA O`zbek

16.05.2019 09:47 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining mamlakatimiz fermerlariga Murojaati

O‘zbekiston  fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari  kengashining mamlakatimiz fermerlariga  Murojaati


Hurmatli fermerlar!

Joriy yilda bahorning seryog‘in kelishi qishloq xo‘jaligi ekinlarining o‘z vaqtida parvarishini olib borishda azamat dehqonlarimiz zimmasidagi mas’uliyatning yanada oshishiga sabab bo‘ldi. Milliy boyligimiz hisoblangan g‘o‘za parvarishi borasidagi ishlarni tashkil qilish ham shular jumlasidandir.

Ming mashaqqatlar bilan chigitdan undirilgan g‘o‘zalarning parvarishini o‘z vaqtida qilish, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida bajarish orqali biz kuzda oladigan mo‘l hosilimizning poydevorini yaratamiz.

Shunday ekan, har bir fermer xo‘jaligi rahbari, mas’ullari o‘zlarining ixtiyoridagi kultivatorlardan samarali foydalanib, g‘o‘za maydonlarini chopiq qilish, begona o‘tlardan tozalash, yaganalash va zararkunandalarga qarshi kurashish ishlarini tizimli tashkil etishga alohida e’tibor berishi kerak.

Bu yil bahor faslining salqin va seryog‘in kelishi issiqsevar o‘simlik hisoblangan paxtachilikda muayyan muammolarni keltirib chiqarmoqda. Dalalarda g‘o‘zaning rivojlanishi o‘tgan yillarga qaraganda ancha orqada qolmoqda. Bu esa g‘o‘za parvarishiga alohida e’tibor qaratishni, ayniqsa, kultivatorlardan samarali foydalanish, tuproqni chuqur yumshatish, mayda chopiq qilish, yaganalash, qishloq xo‘jaligi zararkunandalariga qarshi kurashish va boshqa agrotexnik tadbirlarni amalga oshirishga o‘ta mas’uliyat bilan yondashishni taqozo etadi.

Ayniqsa, ba’zi bir tumanlarda chigit buzib ekilgani sababli, o‘sha maydonlardagi g‘o‘za parvarishini to‘g‘ri tashkil etib, boshqa hududlardagi g‘o‘za rivojiga yetkazib olish dolzarb masala bo‘lib qolmoqda.

Tajribali fermerlar, fidoyi dala mehnatkatkashlari hozirgi o‘ta mas’uliyatli pallada sifatli bajarilgan agrotexnika tadbirlari tufayli yaratilajak mo‘l hosil, undan keladigan daromaddan, eng avvalo, o‘zlari, qolaversa, jamiyatimiz katta naf ko‘rishini yaxshi biladi, qishloq xo‘jaligini yanada rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlarni chuqur his etadi.

So‘nggi ikki yilda paxtaning davlat xarid narxi o‘tgan yillardagiga nisbatan qariyb ikki baravarga oshirildi.

Davlatimiz rahbarining biz, fermerlarga beqiyos g‘amxo‘rligi, kamtarona mehnatimizga yuksak e’tiborini qadrlab, bunday e’tibor zimmamizga ulkan mas’uliyat yuklashini ham unutmasligimiz lozim!

Aziz fermerlar, mirishkor dehqonlar!

Yurtimizda ezgu tashabbus, xayrli amallar hech qachon beiz ketmaydi, e’tibordan chetda qolmaydi. Aksincha, davlatimiz tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanadi. Shunday ekan, har birimiz, o‘z dalamizda mehnat qilish uchun ishchilarimizga qulay shart-sharoitlar yaratish payidan bo‘lib, yengil konstruksiyali dala shiyponi, mo‘jazgina arzon issiqxona quraylik, 50 boshdan parranda va bir boshdan sog‘in sigir hamda 5 qutidan asalari boqishni yo‘lga qo‘yaylik. Bu orqali ishchi-xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, qo‘shimcha daromad manbaini shakllantirish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Qadrli fermerlar!

Ko‘pni ko‘rgan, tajribali fermerlar may-iyun oylari g‘o‘za ayni rivojlanadigan, dehqonchasiga aytganda, ekin kechayu kunduz “ishlaydigan” betakror palla ekanligi, bu davrda qanday ishlar amalga oshirilishi zarurligini juda yaxshi bilishadi. Sizu bizning vazifamiz esa ana shu tig‘iz mavsumda butun mehrimizni dalamizga berib, har bir agrotexnik tadbirni o‘z vaqtida va yuqori saviyada bajarishga erishishdir. Buning uchun quyidagilarga jiddiy e’tibor qaratish zarur:

birinchidan, agrotexnik tadbirlar borasidagi tashkiliy ishlarni yana bir marta, bugungi kun talabidan kelib chiqqan holda puxta rejalashtiring!

ikkinchidan, har biringiz 50 sotix paxta maydoniga bir nafardan mavsumiy ishchilarni ishga qabul qilib, bir hafta muddatda g‘o‘za parvarishidagi xato va kamchiliklarni to‘liq yakunlang!

uchinchidan, g‘o‘za maydonlarini kultivatsiya qilishda ishchi organlarni tuproq sharoiti va ekish sxemasidan kelib chiqib amalga oshiring!

to‘rtinchidan, ishchilaringiz uchun bir gektar chopiq uchun 300 ming so‘m va bir gektar yagana uchun 200-250 ming so‘mdan, mexanizatorlarga bir gektar kultivatsiya uchun 18 ming so‘mdan Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan ajratilgan ish haqini o‘z vaqtida berib, ish unumdorligini oshirishga erishing!

beshinchidan, g‘o‘za maydoningizda to‘liq gektar va to‘liq kontur hosil qilib, yog‘ingarchilikdan keyin saqlab qolingan maydonlarda chigit unib chiqmagan qatorlar xatosiga chigit ekishni, bunda, chigitni yaxshilab dimlab, tuproqning 4-5 sm namini chiqarib ekishni tashkil eting!

oltinchidan, har biringiz 1-2 chinbarg chiqargan g‘o‘za maydonlaringizda yaganalash ishlarini tashkil qilib, 3 kun muddatda to‘liq yakunlash chorasini ko‘ring!

Bunda tuproq unumdorligi yuqori yerlarda (90 sm g‘o‘za qator oralig‘ida ekilganda 1 metrda 8-9 ta, 60 sm qator oralig‘ida ekilgan bo‘lsa, 5-6 tadan ko‘chat qoldirib) gektariga 80-90 ming tup;

-tuproq unumdorligi o‘rtacha yerlarda (90 sm g‘o‘za qator oralig‘ida ekilganda 1 metrda 9-10 ta, 60 sm qator oralig‘ida ekilgan bo‘lsa, 6-7 tadan ko‘chat qoldirib) gektariga 100-110 ming tup;

-tuproq unumdorligi past yerlarda (90 sm g‘o‘za qator oralig‘ida ekilganda 
1 metrda 10-11 ta, 60 sm qator oralig‘ida ekilgan bo‘lsa, 7-8 tadan ko‘chat qoldirib) gektariga 110-120 ming tup;

-tuproq unumdorligi past yerlardagi qo‘sh qator ekilgan maydonlaringizda gektariga 140-160 ming tup;

-ingichka tolali g‘o‘za navlari ekilgan unumdor tuproqli maydonda gektariga 110-120 ming tup, tuproq unumdorligi o‘rtacha yerlarda 130-140 ming tup, tuproq unumdorligi past yerlarda 150-160 ming tup, qo‘shqator maydonlarda 180-200 ming tup hamda “Surxon” va “Termiz” navlarida 
150-160 ming tup ko‘chat bo‘lishini ta’minlashga erishing!

yettinchidan, g‘o‘zada 3-4 ta chinbarg paydo bo‘lgan maydonlarda o‘simlikdan 12-14 sm uzoqlikda, 16-18 sm chuqurlikda (tuproq namiga) gektariga 150 kg dan azotli o‘g‘it, chigit ekish va yer tayyorlash jarayonida berilmagan bo‘lsa 200 kg dan fosforli va 100 kg dan kaliyli mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantiring!

sakkizinchidan, g‘o‘za nihollarining 2-3 chinbarg chiqarish davrida barg orqali oziqlantirish maqsadida suspenziya sepish ishlarini tashkil eting!

to‘qqizinchidan, yog‘ingarchilikdan keyin saqlab qolingan maydonlarda zudlik bilan birinchi ishlov majmuasini o‘tkazing va sug‘orishga tayyorlang. Ushbu maydonlarni har yilgidan 10-15 kun oldin gektariga 700-750 m kub suv bilan yengil qator oralatib sug‘orishni tashkil qiling!

o‘ninchidan, g‘o‘zaning zararkunanda hasharotlariga (shira-trips, kuzgi tunlam, o‘rgimchakkana va boshqa) qarshi biologik va kimyoviy kurash ishlarini tashkil qiling.

Bunda, har gektar paxta maydoniga bir donadan feromon tutqich o‘rnatib, 3-4 kunda 10-15 donadan kapalak tushishi kuzatilsa, bunday maydonlarni alohida nazoratga oling;

-o‘rgimchakkanaga qarshi kurashishda profilaktika maqsadida oltingugurt+soda aralashtirilgan eritma, oltingugurt+ohakli ISO eritmasi yoki gektariga 60 kg oltingugurtni OShU purkagichi bilan dalaga seping;

-kuzgi tunlam (ildiz qurt)ga qarshi aldamchi yemaklar tayyorlash va kechgi salqinda dalaga sepishni tashkil qiling;

o‘n birinchidan, 10-15 ta fermerlar birikib mexanizator uylarini tashkil eting. Buning natijasida dalada ish unimining oshishiga erishing.

Shu ma’noda, tabiat kuch-qudratimiz, sabr-bardoshimizni yana bir bor sinovdan o‘tkazayotgan joriy mavsumda bir tanu bir jon bo‘lib, yetuk mutaxassislarimiz tomonidan tavsiya etilgan eng qulay agrotexnika tadbirlarini maqbul muddatlarda amalga oshirib, paxtadan belgilangan hosil yetishtirishga erishaylik!

photo5397635695130028681.jpg

Fidoyi fermerlar, dala mehnatkashlari!

Bugun xalqimiz Sizning shijoatingiz, g‘ayrat va matonatingizga ko‘z tikib turganini bir zum bo‘lsa-da, yoddan ko‘tarmang. Dasturxonimiz to‘kin-sochin, bozorlarimiz noz-ne’matlarga to‘la va arzon, turmushimiz farovon bo‘lishi bugungi mehnatingizga bog‘liq.

Yurtboshimizning ishonchini oqlab, mamlakatimiz farovonligiga munosib hissa qo‘shish uchun barchangizni sidqidildan halol mehnat qilishga chaqiramiz!

Bu yilgi qishloq xo‘jaligi ishlarini tashkil qilishda siz azizlarga sihat-salomatlik, ishingizga esa unum va rivoj, xayr-baraka, ulkan xirmon barpo etishingizda muvaffaqiyat va zafarlar tilaymiz!

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari

va tomorqa yer egalari kengashi


O‘zA
425