O‘zA O`zbek

03.07.2018 16:15 Chop etish versiyasi

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi 2023-yilgacha bir million kishining bandligini ta’minlaydi

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi 2023-yilgacha bir million kishining bandligini ta’minlaydi
Ayni vaqtda uyushma kasanachilikni ikki yo‘nalishda rivojlantirish chorasini ko‘rmoqda. 

Birinchidan, aholi yiliga uch marta pilla boqishga jalb etilmoqda. Yildan-yilga pilla boqish hajmi oshib, uni parvarishi bilan ko‘proq insonlar shug‘ullana boshlaydi. Misol uchun, 2023-yilga borib, yiliga 500 ming quti ipak qurti boqilsa, buning uchun 500 mingta xonadon jalb etiladi. 

-3.jpg

Yetishtirilgan hosil yig‘ilgach, ikkinchi bosqich boshlanadi, ya’ni pilla korxonaga topshirilgach, qayta ishlangan toladan hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarishga hunarmand kasanachi oilalar jalb etiladi. Shu tariqa, pilla ishlab chiqarish qanchalik kengaysa, kasanachilik ham yuksalib boraveradi.

Demakki, ko‘pchilik oiladan, farzandlar tarbiyasidan uzilmagan holda, ishlab pul topish imkoniga ega bo‘ladi. Ular ish qidirib, sarson bo‘lmaydi, balki qo‘lida hunari va cho‘ntagida puli bo‘ladi.

-5.jpg

Ayni vaqtda esa uyushma pilla ozuqa bazasini kengaytirish, onalik tutzorlarni barpo etish va yangi tut navlari yaratish borasidagi izlanishlarni qo‘llab-quvvatlamoqda. Buni hududlarda o‘tkazilayotgan ilmiy-amaliy seminarlar misolida ham kuzatish mumkin. Ulardan biri – Marhamat tumanidagi “Ipak” fermer xo‘jaligi tut plantatsiyasida o‘tkazildi.

– Har bir viloyatda 30 gektar maydonda onalik tutzor tashkil etish maqsadida 22ta fermer xo‘jaligi tuzildi, – deydi “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Asan Jarasboyev. – Mavjud tutzorlardan bir ming besh yuz kilogrammdan ziyod tut urug‘i yig‘ib olingan bo‘lib, hozirda qarib 50 gektarda urug‘ qadaldi. Yana 92 gektardan ziyod yer tayyorlab qo‘yilgan.

Seminarda “Ipak” fermer xo‘jaligi rahbari A.Musurmonqulov yaratgan “Marhamat” tut navining afzalliklari, o‘sish jarayonlari haqida ko‘rgazmali chiqishlar qilindi.

– Bu navning barglari yirik bo‘lib, u meva bermaydi, – deydi A.Musurmonqulov. – Hozirda bir gektar tutzordan olingan barg 8-10 quti ipak qurtini boqishga yetayotgan bo‘lsa, yangi nav ko‘magida bir gektardan olingan hosil bilan 30 quti ipak qurti parvarishlay olamiz. Tezroq hosil olish maqsadida uni eski daraxtlarga payvandtag qilish usuli bilan ko‘paytirish mo‘ljallanmoqda.

Seminarda ishtirok etgan tutchilik fermer xo‘jaliklari, viloyat va tuman “Agropilla” va pillani qayta ishlash korxonasi rahbarlari o‘zlari uchun qiziqarli bo‘lgan ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.

O‘zA
3 176