O‘zA O`zbek

23.04.2018 17:16 Chop etish versiyasi

O‘zbek-Turkman azaliy va abadiy do‘stligi

Markaziy Osiyo dunyoning olti xalqi uchun asl Vatan hisoblanadi. Asr-asrlardan buyon bu muqaddas zaminda o‘zbeklar, qozoqlar, tojiklar, turkmanlar, qirg‘izlar va qoraqalpoqlar og‘a-ini, qardosh-qarindosh bo‘lib, boshqacha aytganda, bir havodan nafas olib, bir daryodan suv ichib umrguzaronlik qilib keladi.

Buyuk Alisher Navoiy (1441 – 1501), avvalo, o‘zbek, keyin turkiy xalqlar, so‘ng forsiyzabon ellar, undan keyin esa umumbashariyat shoiri. Binobarin, turkmanlar bu buyuk mutafakkirni o‘zlarining shoirlari yanglig‘ ulug‘laydi. Yoki Maxtumquli Firog‘iy (1733 – 1791)ning mamlakatimizdagi obro‘y-e’tiborini ko‘z oldimizga keltiraylik. Bugun Navoiy asarlari kirib bormagan turkman xonadonini topib bo‘lmagani kabi, Maxtumquli she’rlari kirib bormagan o‘zbek xonadonini uchratish ham amri mahol.

Navoiy asarlarining ko‘p o‘rnida “turk” atamasi bugungi tushunchadagi o‘zbeklarimizni anglatib keladi. Shoir ona xalqi yonida qardosh turkman elini ham tilga olib o‘tishni esdan chiqarmaydi:

Navoiy turklarning tarki tutsa, ayb qilmangkim,
Anga bir turkmon mahvash g‘ami mahkam do‘loshibdur, —

deydi shoir “Badoye’ ul-vasat” devonidagi 144-g‘azalida. Yoki “Favoyid ul-kibar”ning 93-g‘azalida “chig‘atoy” etnonimi bugungi o‘zbeklarning qarluq-chigil lahjalarida so‘zlashuvchi qismini ko‘zda tutar ekan, uning safida “turkman” va “xalaj” degan turkiy qavmlarni ham qistirib o‘tadi:

Navoiy, ista mazohirda chehrayi maqsud,
Arab va gar chig‘atoy, yo‘qsa turkmanu xalaj.

Ulug‘ o‘zbek shoiri va mutafakkirining shayxlar haqidagi “Nasoyim ul-muhabbat...” tazkirasida Shayx Sulaymon Turkman Muvallah xususida ham batafsil ma’lumot beriladi.

“Farhod va Shirin” dostonida faxriya yo‘li bitilgan mana bu baytlar o‘z davrida shoir ijodi namunalari faqat o‘zbeklarninggina emas, turkmanlarning ham orasida katta shuhrat tutganini, bu ikki xalq shoir so‘zi uchun ko‘ngilgina emas, jon ham berishga tayyor ekanini bitadi:

Agar bir qavm, gar yuz, yo‘qsa mingdur,
Muayyan turk ulusi xud meningdur.
Olibmen taxti farmonimg‘a oson,
Cherik chekmay Xitodin to Xuroson.
Xuroson demakim, Sherozu Tabrez, –
Ki qilmishdur nayi kilkim shakarrez.
Ko‘ngul bermish so‘zumga turk, jon ham,
Ne yolg‘uz turk, balkim turkmon ham.

O‘zbek-turkman adabiy aloqalari keyingi asrlarda ham izchil davom etdi. Masalan, Zokirjon Furqatning elimiz orasida mashhur bo‘lib ketgan “Sayding qo‘yober, sayyod...” musaddasi turkman shoiri Andalib(1712 – 1780)ning shu mavzudagi muxammasiga nazira, ya’ni o‘xshatma tarzida qog‘ozga tushgan.

Mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasi bilan Turkmaniston o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik va yaqin hamkorlik izchil yo‘lga qo‘yildi. Turkmaniston bizning eng yaqin do‘stimiz bo‘ldi. Mamlakatimizning eng ko‘p chegarasi ham aynan shu ikki davlat o‘rtasidan o‘tgan.

Keyingi bir yarim yildan oshiqroq bir davrda ikki qo‘shni davlat, ikki qardosh va qondosh xalq o‘rtasidagi har taraflama hamkorliklar tamoman yangi bir bosqichga kirdi. Bugun O‘zbekistonimizning bir necha oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasasida turkmanistonlik yoshlar ilm olyapti.

O‘zbekistonimizda istiqomat qilayotgan turkmanlarning asl Vatani — O‘zbekiston. Xuddi shuningdek, Turkmanistonda yashayotgan o‘zbeklarimizning asl Vatani — Turkmaniston. Mamlakatimizda turkman milliy madaniy markazlari faoliyat yuritadi. Ta’lim turkman tilida olib boriladigan maktablarimiz bor. Ular uchun barcha darslik va qo‘llanmalar O‘zbekistonning o‘zida tayyorlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘rtaga tashlayotgan, avvalo, yaqin qo‘shnilarimiz bilan o‘zaro manfaatli, tig‘iz do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan g‘oya zamirida, jumladan, o‘zbek-turkman azaliy va abadiy birodarligini davom ettirib, uni yangi pog‘onalarga ko‘tarish ilinji yotibdi.

Sultonmurod OLIM,
filologiya fanlari nomzodi, “Naqshbandiya”
jurnali bosh muharriri.

O‘zA
5 646