Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

18.10.2017 15:21 Chop etish versiyasi

O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 28 yilligiga bag‘ishlab tadbir o‘tkazildi

Toshkent moliya institutida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan hamkorlikda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 28 yilligiga bag‘ishlab madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Unda yozuvchi va shoirlar, tilshunos olimlar, san’at va madaniyat namoyandalari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Toshkent moliya instituti prorektori F.Muhamedov va boshqalar istiqlol yillarida mamlakatimizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi tilimiz taraqqiyotida ham muhim o‘zgarishlar yuz bergani, o‘zbek tilining xalqaro miqyosda obro‘si oshib, faol muloqot vositasiga aylanib borayotganini ta’kidladi.

O‘tgan yillar mobaynida buyuk ajdodlarimizning boy tafakkuri va dunyoqarashi mahsuli bo‘lgan tilimizning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini mustahkamlash, beqiyos imkoniyatlarini jahon miqyosida keng namoyish etish, navqiron avlodni milliy qadriyatlarimizga sadoqat ruhida tarbiyalash borasida ko‘plab ishlar amalga oshirildi. O‘nlab lug‘atlar, mumtoz adabiyotimiz namunalari nashr etilgani shular jumlasidandir.

– Bugungi kunda universitetimiz olimlari tomonidan o‘zbek tilining o‘ziga xos xususiyatlariga bag‘ishlangan adabiyotlar, yangi lug‘atlar yaratilmoqda, – deydi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti katta o‘qituvchisi Botir Tojiyev. – Ayni paytda ta’lim muassasamizda o‘ndan ortiq xorijlik talaba ta’lim olmoqda. Turli xorijiy mamlakatlardagi o‘quv yurtlarida o‘zbek tili o‘rganilmoqda.

Tadbir so‘ngida san’at ustalari tomonidan so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy ijodidan namunalar o‘qildi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA
2 120






Все о погоде - Pogoda.uz