Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

26.04.2018 12:02 Chop etish versiyasi

O‘zbek kinosining mashhur namoyandasi Shuhrat Abbosov 87 yoshda hayotdan ko‘z yumdi

O‘zbek kinosining mashhur namoyandasi Shuhrat Abbosov 87 yoshda hayotdan ko‘z yumdi
1931-yil 16-yanvarda Qo‘qonda tavallud topgan Sh. Abbosov 1949 yilda Toshkent tibbiyot texnikumini tamomlagan. 1954 yilda A.N.Ostrovskiy nomli Toshkent Teatr va rassomchilik san’ati instituti, 1958 yilda esa "Mosfilm" studiyasi qoshidagi Oliy rejissyorlik kurslarida tahsil oldi.

Abbosov avvaliga Yangiyo‘l drama teatrida bosh rejissyor, 1959 yildan boshlab "O‘zbekfilm" kinostudiyasi rejissyori bo‘lib ishlagan. O‘zbek kinosida o‘zgacha yangilik qilgan, o‘z yo‘nalishi bo‘yicha alohida o‘rin egallagan Shuhrat Abbosov suratga olgan "Mahallada duv-duv gap", "Sen yetim emassan", "Toshkent-non shahri" , "Olovli yo‘llar", "Katta urushdagi kichik odam", «Muhabbat mojarosi», «Abu Rayhon Beruniy», "Otamdan qolgan dalalar" kabi filmlari tomoshabinlar tomonidan yaxshi kutib olingan. 

Shuhrat Abbosov kino san’atini rivojlantirishdagi xizmatlari uchun «Shuhrat» medali, «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlangan. Shuningdek, bir qator kino festivallar sovrindori bo‘lgan. Misol uchun, Olma-otada «Eng yaxshi tasviriy yechim» yo‘nalishi sovrindori, Kishinev shahrida bo‘lib o‘tgan KF bosh sovrini hamda Tehron XKFning «Oltin delfin» mukofoti sovrindori.

Shuhrat Abbosov 25 aprel kuni olamdan o‘tdi.

O'zA
1 301