O‘zA O`zbek

22.11.2018 Chop etish versiyasi

“Oʻzatom” agentligi atom elektr stansiyasi qurilishi boʻyicha xalqaro tajribalarni oʻrganmoqda

“Oʻzatom” agentligi atom elektr stansiyasi qurilishi boʻyicha xalqaro tajribalarni oʻrganmoqda

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 19 iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosi doirasida “Oʻzatom” agentligi atom elektr stansiyasi qurilishi borasida xalqaro tajribalarni oʻrganmoqda.

Agentlikning axborot xizmati maʼlum qilishicha, joriy yilning 11-13 noyabr kunlari “Oʻzatom” delegatsiyasi atom energetikasi sohasida Vengriya tajribasi bilan tanishish maqsadida Budapesht shahrida boʻldi.

Tomonlar oʻrtasida boʻlib oʻtgan uchrashuvlarda atom energetikasi rivoji tabiiy resurslarni asrab-avaylash va ulardan oqilona foydalanib, mavjud imkoniyatlar asosida ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarish yoʻlida muhim omil ekani taʼkidlandi.

Unda “Oʻzatom” delegatsiyasi “Paksh-2” AES loyihasi va uni amalga oshirish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.

“Paksh-2” loyihasi 2009 yil Vengriya parlamenti tomonidan maʼqullangan. Uning qurilishi uchun “Paksh-1” atom elektr stansiyasi yoni va Dunay daryosi boʻyi tanlangan. 2014 yilda “Paksh-2” atom elektr stansiyasi joylashtiriladigan maydonda tadqiqotlar oʻtkazilishi uchun regulyator tomonidan litsenziya berilgan va 2017 yilning 30 martida yangi AES uchun joy tanlash uchun litsenziya olingan. Loyiha qurilish va xavfsizlikka oid qatʼiy talablar asosida ekspertizadan oʻtkazilgan boʻlib, bu borada olingan 6 000 dan ziyod litsenziya shular jumlasidan. Ayni chogʻda loyiha yangi AES qurilishi uchun litsenziya olish bosqichida turibdi.

Ushbu loyihani amalga oshirishni boshlash uchun Vengriyaning 41 aholi yashash punktida loyihaning atrof-muhitga taʼsirini baholash uchun jamoatchilik eshituvlari tashkil qilingan. Shu bilan birga, mintaqadagi 30 davlatga jamoatchilik eshituvlarini oʻtkazish boʻyicha soʻrovlar yuborilgan.

“Paksh-2” AES loyihasini amalga oshirishda Vengriya tomoni “Rosatom” davlat korporatsiyasi bilan YERS-kontrakt hamda foydalanish paytida yordam koʻrsatish va yoqilgʻi yetkazib berish boʻyicha kontrakt imzolangan.

“Oʻzatom” delegatsiyasi Paksh shahridan besh kilometr uzoqlikda joylashgan “Paksh-1” atom elektr stansiyasi va AES qoshidagi oʻquv markaz bilan tanishdi. Yakunga koʻra, vengriyalik hamkasblar bilan ushbu oʻquv markazi negizida Oʻzbekiston atom energetikasi sohasi uchun kadrlar tayyorlash hamda bu borada hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Vengriyaga uyushtirilgan safar doirasida delegatsiya joriy yilning 14-15 noyabr kunlari Moskva shahrida boʻlib, u yerda “Rosatom” davlat korporatsiyasi operatsion boshqaruv boʻyicha bosh direktorining birinchi oʻrinbosari Aleksandr Lokshin va “Rusatom Oversiz” AJ prezidenti Yevgeniy Pakermanov bilan muzokaralar oʻtkazildi. Muzokaralar davomida loyihani amalga oshirish boʻyicha kelgusi umumiy harakatlar, shu jumladan, respublika atom sohasi uchun kadrlar tayyorlash, qurilayotgan va faoliyat koʻrsatayotgan AESda stajirovkalarni tashkil qilish masalalari muhokama qilindi.

Shundan soʻng “Oʻzatom” delegatsiyasi “Moskva muhandislik-fizika instituti” Milliy tadqiqot yadro universitetiga oʻqish uchun joʻnatilgan oʻzbek talabalari bilan uchrashuv oʻtkazdi.

4 321
Nasiba Ziyodullayeva, OʻzA