Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.03.2018 10:07 Chop etish versiyasi

O‘z uyingni o‘zing asra

Joriy yilning fevral oyida poytaxtimizning Shayxontohur tumani “Bog‘” mahallasidagi xonadonlardan birida kelib chiqqan yong‘in oqibatida 7 nafar insonning fojiali halok bo‘lishi barchani qayg‘uga soldi. Voqeada omon qolgan Shahobiddin Odilov va uning turmush o‘rtog‘i Muyassar Odilovaga avvalo davlatimiz, shu bilan birga mahalla-kuy, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Toshkent shahar kengashi boshqaruvi tomonidan ma’naviy va moddiy ko‘mak ko‘rsatildi. Ammo yo‘qotilganlar o‘rnini hech narsa bilan qoplab bo‘lmaydi...

Bu kabi salbiy holatlar qayta sodir bo‘lmasligi uchun mahalla fuqarolar yig‘inlari xodimlari mas’uliyatni yanada oshirishi, tegishli tashkilotlar bilan profilaktika-tushuntirish va targ‘ibot ishlarini kuchaytirishi talab qilinadi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashida bo‘lib o‘tgan “O‘z uyingni o‘zing asra” mavzuidagi seminarda shu kabi salbiy holatlar hamda ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olish choralari haqida so‘z yuritildi.

Tadbirda "Nuroniy" jamg‘armasi, IIV Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi mutasaddilari, sug‘urta kompaniyalari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Yong‘inlarning 80-85 foizi aholi yashash uylarida sodir bo‘layotgani aytildi. Amaliyotlar shuni ko‘rsatyaptiki, asosiy halokatlar va tan jarohatlari gaz qurilmalari, elektr moslamalari va isitish uskunalaridan xavfsizlik qoidalariga rioya etmasdan foydalanish, nosoz va qo‘lbola maishiy texnika vositalarini ishlatish, spirtli ichimliklar iste’mol qilib, hushyorlikni yo‘qotish oqibatida sodir bo‘lmoqda.

“Tilsiz yov” va boshqa tabiiy ofatlardan aziyat chekkan, mol-mulkiga jiddiy ziyon yetgan, turar joyidan batamom ayrilib qolgan shaxslarga “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan imkon qadar moddiy ko‘mak berilmoqda. 2017-yilda bu borada respublika miqyosida 251 nafar shaxsga 140 million so‘mlik mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan ikki oyida bu raqam 20 million so‘mdan oshdi. Xususan, Toshkent shahridagi 63 nafar shaxsga 30 million so‘m ajratildi. 2017-yilda tizimli ishlar natijasida poytaxtimizdagi 505 ta mahallaning 487 tasida yong‘inlar sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar ba’zi mahallalarda yong‘in xavfsizligi xizmati o‘t o‘chirish mashinalari tezkor yordam ko‘rsatish, yong‘inni bartaraf etish uchun obyektga kelganda ko‘cha va yo‘laklar torligi, erkin harakat qilish uchun imkon bermasligi, yo‘llarda o‘zboshimchalik bilan sun’iy to‘siqchalarining barpo qilinganiga guvoh bo‘layotganini ta’kidladi. Bu esa tegishli xizmatlar faoliyatini o‘z vaqtida va muvaffaqiyatli amalga oshirishga halaqit qilmoqda va talafotlar ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 14-fevraldagi “Toshkent shahrida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarorida poytaxt xavfsizligini ta’minlash uchun huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar bilan mahalla va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining muvofiqlashtirilgan harakatiga alohida urg‘u berilgan.

Tadbirda sug‘urta kompaniyalari bilan hamkorlikda shaxsiy xonadonlarni birlamchi yong‘in o‘chirish vositalari bilan ta’minlash, yosh bolalarni uyda qarovsiz-nazoratsiz qoldirmaslik, yong‘in va boshqa tabiiy ofatlar vaqtida to‘g‘ri harakatlanishni o‘rgatish, uy-joy va mol-mulklarni sug‘urta qildirish singari dolzarb masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Mohigul Qosimova, O‘zA
6 035