O‘zA O`zbek

10.10.2019 Chop etish versiyasi

O‘z tilingni o‘zing asra, o‘zbegim

O‘z tilingni o‘zing asra, o‘zbegim

Kishi o‘z onasidan ham uyaladimi? Bu ayol mening onam emas, deya tonishi, uni odamlarga tanishtirishdan istihola qilishi mumkinmi? Agar oramizda shunaqa toifadagi odamlar uchrasa uni kim deb atagan bo‘lardingiz? Inson toifasidanmi u odam ham?

Ona esa xar doimgidek bolasini boshini mehr bilan silaydi. “Qorning to‘qmi, usting butmi”, deya jonsaraklanadi. Lekin biz bo‘lsak, “Bu ayol emas, boshqa mening onam bo‘lsa edi”, deb orzu qilamiz. Gapimdan hayron bo‘layotgandirsiz? Lekin o‘zbek millati ana shunday o‘z onasidan, o‘z ona tiliga shunday bepisand xalq bo‘lib qoldik. Hatto oramizda, bu tilda gapirishga or qiladiganlar ham topiladi. Ko‘cha-kuyda yurganingizda katta qilib osib qo‘yilgan bannerlar, oshxona, korxona boringki, jamoat ishxonalarida nechta o‘zbekcha yozuvni ko‘rasiz? Osiyo davlatlaridan Xitoy, Hindiston, Yaponiya, Arabiston mamlakatlarida o‘z tili tugul yozuvini ham saqlab qololgan. Xitoy yoki Yaponiyaga borsangiz, kamdan-kam chet el so‘zlarini uchratasiz. Deyarli hamma yoqda o‘z tilida yozilgan jumlalar. O‘z harflari. Kimdir aytishi mumkin, ha endi ular bizdan ko‘ra ancha taraqqiy etgan davlatda, kerak bo‘lsa ularni tilini o‘rganishing shart qilib qo‘yilgan.

Lekin o‘z tilini hurmat qilmagan xalq taraqqiyotga chiqishi mumkinmi? Ona tilimizni sof xolda saqlamas ekanmiz, uni ajnabiy so‘zlar bilan qorishtirib, g‘aliz jumlalar tuzsak, kimlargadir ma’naviy mute bo‘lib qolishimiz ham hech gap emas.

Buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy forsiyzabon ancha ommalashgan bir pallada o‘z asarlarini turkiy tilda bitdi. Bunga o‘sha zamon ziyolilari e’tiroz bildirib, hatto g‘azal mulkining sultoni forsiychani tushunmasligi, turkiy til qashshoq til ekanligini pisanda qilishdi. Aslida ham o‘sha davrda turkiy tilimiz go‘yo jar yoqasiga borib qolgan, hatto siqib chiqarilish darajasiga yetib qolgan edi.

Biroq, Navoiy bobomiz buning aksini, ya’ni turkiy til naqadar boy ekanligini isbotladi. Olimlarning hisob kitobiga ko‘ra Navoiy o‘z asarlarida 26036 ta so‘zdan foydalanib, dunyodagi eng ko‘p so‘z ishlatgan alloma sifatida tanilgan. Shoir asarlari orqali turkiy tilning naqadar jozibador til ekanligini isbotladi. Bundan tashqari “Muhokamatul lug‘atayn” (“Ikki til muhokamasi”) asarida forsiy va turkiy tillarni solishtirish asnosida turkiy tilning naqadar so‘zga boyligi, ayniqsa fe’l so‘z turkumining ma’nodoshlik xususiyatlarini ochib berdi. Qariyb olti asr oldin yashagan bobomiz ajnabiy so‘zlar ummonida cho‘kmaslik uchun ona tilimizni, o‘zining ma’rifat nomli kemasi ila qutqarib qolgandi. Biroq, bugunchi?

Hozirgi kunda davlat va nodavlat telekanallariga nazar tashlasak, sof o‘zbekcha nomli ko‘rsatuvni kamdan-kam kuzatamiz. “Real Xit”, “Like bos”, “The Cover up”, “Bumerang”, “Start up club”,“MTV Show”, “Tv Sale”, “M News”, “Xesh Teg”, “My Shop”, “Bingo”...

Eh-hey, bu ro‘yxatni xohlagancha davom ettirish mumkin. Ko‘rsatuvlarning nomini ko‘rgan buvim, “Shu chet elcha ko‘rsatuvingni qo‘ymagin, bolam. Men baribir tushunmayman”, dedilar. “Buvijon, bu chet elcha ko‘rsatuv emas, shunchaki nomi shunaqa”, desam, “Voy tavba, bu ko‘rsatuvga o‘zbekcha nom qurib qolibdimikan? Axir tilimiz so‘zlarga boyku. Essiz..”, deb qoldilar.

Darhaqiqat tilimiz jozibadorligidan foydalangan holda, xohlagan sarlavhani topsa bo‘lar edi. Bundan tashqari poytaxtimiz yoki boshqa shahar ko‘chalarida bannerlarga yozilgan sarlavhani o‘qib, ona tilimizda yozilgan nomlarni qidiraman deb boshingiz aylanib ketishi turgan gap. Chunki bulardan o‘zbek tilida yozilgan nomlarni kamdan-kam uchratamiz. “Mы otkrыlis”, “Korzinka”, “Tal Pich”, “Turы v Dubay”, “Wunderkind”, “Profi Educations”, “Makro”, “Indenim”va hokazo..

Bir vaqtlar O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov o‘zbek tilini “Onaginam, onajonim tili bu, Beshikdanoq singgan jonu quloqqa”, deb erkalagan bo‘lsa, Erkin Vohidov esa o‘sha sho‘ro zamonida ham “Ona tilim o‘lmaydi”, deya baralla ayta olgan. Yohud mashhur avar shoiri Rasul Xamzatov she’rida tushida nogahon vafot etganini, jonsiz tanasi hech narsani his qilmayotgan bir paytda, ona tilidan yangragan bir og‘iz so‘z ruhiga qayta jon baxsh etganligini ajoyib tarzda bayon etgan. O‘sha shoirning yana bir asarida esa “O‘z tilidan tongan o‘g‘lidan voz kechgan ona” haqida hikoya qilinadi.

Ma’rifat fidoyilaridan Abdurauf Fitrat 1919 yilda yozgan “Tilimiz” nomli maqolasida “Eng boy va baxtsiz til qaysi, bilasizmi? Turkcha”, deya o‘zbek tiliga ishora qilgan. Chunki bizning til so‘zga boy bo‘la turib, uning imkoniyatlaridan foydalana olmaymiz. Izlanmaymiz. Hozirgi kundagi ba’zi yoshlarning chet tillardagi so‘zlarni bizni tilimizdagi muqobilini topolmay qolayotganlariga nima demog‘imiz mumkin?Axir xorijiy tillarning yopirilib kelishiga, o‘zimizning tilimiz orqali qalqon bo‘lmasak, so‘z boyligimizdan to‘g‘ri foydalanmasak, onajonimizning tili “soqov tilga” aylanib qolishi hech gap emas. Tilimizni asrashga faqat tilshunos, adabiyotshunos olimlar, til o‘qituvchilari, ma’naviyatchilar yoki jurnalistlargina emas, barcha O‘zbekiston fuqarosi birdek mas’ul bo‘lishi kerak. Shundagina tarixi chuqur ildiz otgan, dunyo tan olgan shoiru, adiblarni ilhomlantirgan tilimizni asraymiz, uni mukammallashtirishga xizmat qilamiz.

Lobar XAYRULLAEVA, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati matbuot xizmati xodimi.

438
O‘zA