Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.01.2018 15:01 Chop etish versiyasi

O‘tgan yili Namanganda firibgarlik bo‘yicha 689 jinoiy ish ko‘rildi

Namanganda firibgarlikka oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti hamda firibgarlik jinoyatining oldini olish samaradorligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda jinoyat ishlari bo‘yicha sudyalar, viloyat prokuraturasi va ichki ishlar organlari tergovchilari, mahalla fuqarolar yig‘inlarining raislari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat, shahar, tuman kengashlari, xotin-qizlar qo‘mitalari raislari va boshqa jamoat tashkilotlari vakillari, jurnalistlar ishtirok etdi.

2017-yil 15-noyabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Prezidentimiz tomonidan huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida vazifalar ijrosiga berilgan tanqidiy baho, uning sabablari va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga alohida e’tibor qaratildi.

– Bu mamlakatimizda firibgarlik jinoyatining o‘sish tendensiyasida ham o‘z ifodasini topmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi A.To‘xtashev. – Masalan, 2014-yilda firibgarlik jinoyati bilan bog‘liq 3 ming 752 ish ko‘rilgan bo‘lsa, 2016-yilda bu ko‘rsatkich 9 mingdan oshib ketgan. Bugungi davr sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, odil sudlov tizimi, adolat ustuvorligini ta’minlash, soha faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar bilan birga, bu borada jamoatchilik kuchiga tayanish, xalqimiz ma’naviyatini yanada yuksaltirishni taqozo etmoqda.

Seminarda mulkka tajovuz qilish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar orasida o‘zganing mulkini firibgarlik yo‘li bilan talon-taroj qilishga oid jinoyatlar ortib borayotgani qayd etilib, Oliy sud Plenumining firibgarlikka oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risidagi qarori asosida shu toifadagi jinoiy qilmishlarni to‘g‘ri kvalifikatsiya qilish, qonun talablarini to‘g‘ri qo‘llash va yagona sud amaliyotini shakllantirishga erishish borasidagi vazifalar bo‘yicha atroflicha tushunchalar berildi.

– Viloyatda joriy yilda 800 dan ziyod firibgarlik jinoyati sodir etilgan va 689 tasi bo‘yicha jinoiy ish ko‘rilgan, – deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi sudyasi N.Boboxonova. – Plenum qarorida sudlarga nafaqat firibgarlik jinoyatini to‘g‘ri va asosli kvalifikatsiya qilish, balki Jinoyat kodeksi ta’siri doirasiga tushgan shaxslarni odatdagi fuqaroviy-huquqiy munosabatlardan farqini aniqlashga oid tushunchalar berilgani bilan ham muhimdir. Jumladan, qonun talablariga muvofiq tuzilgan fuqarolik-huquqiy shartnoma bo‘yicha firibgarlik jinoyati belgilari mavjud bo‘lmagan barcha holatlarda nizo fuqarolik yoki iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlar tomonidan ko‘rib chiqilishi belgilab qo‘yilgani odil sudlovni amalga oshirishga xizmat qiladi.

– Namangan shahrining o‘zida 19 mahallada firibgarlik jinoyati ortgani tashvishlanarlidir, – deydi "Sanoat" mahalla fuqarolar yig‘ini raisi N.Sadriddinov. – Jinoyat ishlari mahallalarda keng jamoatchilik ishtirokida ko‘rib chiqilayotgani, sayyor sudlar yaxshi samara berayapti. Ham huquqiy targ‘ibot, ham profilaktika, ham sudlov tizimi shaffofligiga xizmat qiladigan bunday chora-tadbirlar izchil takomillashtirib borilaveradi.

Seminar ishtirokchilariga firibgarlik jinoyatining iqtisodiyot sohasidagi qator jinoyatlar, jumladan, o‘zganing mulkini talon-taroj qilishning boshqa shakllaridan farqli jihatlari xususida batafsil tushuncha berildi.

Akramjon Sattorov, O‘zA
4 554