Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.07.2018 19:15 Chop etish versiyasi

O‘tgan haftada O‘zbekistonda yo‘l-transport xodisasi 37 taga ko‘paygan

Yurtimizning chekka hududlarida har shanba kuni yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha qo‘shma reydlar, turli tadbirlar o‘tkazilmoqda. Haydovchilar hushyorligini yanada oshirish, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish uchun zarur chora-tadbirlar ko‘rilib, kamchiliklarni bartaraf etish ustida muntazam ish olib borilmoqda.

Xo‘sh, bu ishlar qanday samara bermoqda?

Ichki ishlar vazirligi yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot xizmati taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, olib borilayotgan tushuntirish ishlariga qaramay yo‘l qoidalarini buzish holatlari oshganini kuzatish mumkin. Jumladan, o‘tgan hafta mamlakatimiz avtomobil yo‘llarida jami 181 yo‘l-transport xodisasi yuz bergan va undan avvalgi hafta natijasiga ko‘ra 37 taga ko‘paygan. Natijada tan jarohati olgan fuqarolar soni ham 32 taga ortib, 164 tani tashkil etgan.

O‘tgan hafta davomida yo‘l-patrul xizmati inspektorlari tomonidan jami 75 ming 999 qoidabuzarlik aniqlangan bo‘lib, ularning 34 ming 645 tasi qo‘pol ravishda sodir etilgan. Jumladan, 11 ming 207 haydovchi belgilangan tezlik talabini buzgan, 744 holatda esa svetofor va chorrahalardan o‘tish qoidasiga amal qilinmagan. 150 haydovchi temir yo‘l kesishmalaridan o‘tishda qoidani buzganligi uchun to‘xtatilgan va ularga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

Transport vositalarida old, yon va orqa tomondagi oynaning yorug‘lik o‘tkazishi kamida 70 foizni tashkil etishi kerakligi to‘g‘risida tushuntirishlar berilmoqda. Shunga qaramay o‘tgan haftada transport vositasining oynalarini me’yoridan ortiqcha qoraytirgan 498 haydovchiga chora ko‘rilgan.

– Yo‘l harakati qoidalariga amal qilish haqidagi doimiy tushuntirishlar natijasida ba’zi turdagi qoidabuzarliklar kamayayotgani ijobiy holdir, – deydi Ichki ishlar vazirligi yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot xizmati boshlig‘i Akmal Yunusov. – Masalan, o‘tgan haftada harakat vaqtida 623 haydovchining telefondan foydalanish holati kuzatilgan edi. Bu avvalgi hafta natijasiga ko‘ra 295 taga kam. O‘tgan hafta mast holda 1 ming 249 haydovchining transport vositasini boshqargani kuzatildi va avvalgi haftaga nisbatan 46 taga kamaydi.

Mamlakatimizda doimiy ravishda o‘tkazilayotgan harakat xavfsizligi tadbirlari doirasida jamoat tashkilotlari, yozgi oromgohlar, korxona va tashkilotlar, mahalla fuqarolar yig‘inlarida yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish, yo‘l-transport xodisalarining oldini olish borasida profilaktika tadbirlari o‘tkazilib, qoidabuzarlik holatlari keng jamoatchilik o‘rtasida muhokama qilinmoqda.

Davron Sunnatov, O‘zA
2 729