Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.09.2017 19:35 Chop etish versiyasi

O‘smirlar harbiylik kasbini egallashga tayyorgarlik ko‘rmoqda

O‘smirlar harbiylik kasbini egallashga tayyorgarlik ko‘rmoqda Prezidentimizning 2017-yil 24-yanvardagi qarori hamda davlatimiz rahbari raisligida joriy yil 26-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasida o‘tgan yig‘ilishda milliy armiyamizni takomillashtirish va salohiyatini oshirish borasida aniq choralar belgilab olindi. Jumladan, oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishga bosqichma-bosqich va tizimli tayyorgarlik ko‘rish maqsadida kollej va litseylarda maxsus guruhlar tashkil qilish vazifasi qo‘yildi.

Mamlakatimizdagi 29 akademik litsey va kasb-hunar kollejida shunday maxsus guruhlar tashkil etildi. Yangi o‘quv yilining ilk kunlaridayoq Qurolli Kuchlar faxriylari hamda Mudofaa vazirligi qoshidagi Jamoatchilik kengashi a’zolaridan iborat guruh bo‘lajak harbiylar tahsil olayotgan kollejlarga tashrif buyurdi.

Toshkent aloqa kasb-hunar kolleji maxsus guruhiga zaxiradagi kapitan Narimon Ibrohimov rahbarlik qiladi. Ularning o‘quv dasturida boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik bo‘yicha 200 soat, fizika, matematika fanlari uchun qo‘shimcha soatlar ajratilgan, jismoniy tayyorgarlikka e’tibor kuchaytirilgan, to‘garak mashg‘ulotlari harbiy qismlardan birining serjant va ofitserlari tomonidan olib borilishi ko‘zda tutilgan.

Xususan, kapitan Ilhom Po‘latov serjantlar ko‘magida ommaviy qirg‘in qurolidan himoyalanish bo‘yicha ko‘rgazmali mashg‘ulot o‘tkazdi. Yoshlar umumharbiy himoya jihozlari va gaz niqobidan qanday foydalanishni o‘rganishdi, o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.

Yoshlar, ayniqsa, Mudofaa vazirligi Faxriylar kengashi a’zolari, iste’fodagi polkovniklar Bahodir G‘afurov va Aleksandr Xarlamovni savolga tutishdi. Ulardan biri motoo‘qchilar bo‘linmasida, boshqasi harbiy havo kuchlarining vertolyot bo‘linmasida kechgan yillari, harbiylik faoliyati haqidagi xotirasi, tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.

– Mazkur guruh uchun gimnastika shaharchasi, to‘siqlar chizig‘i, harbiy mashq maydonlari qurilmoqda, sinf va ma’naviyat-ma’rifat xonalarini ko‘rgazmali qurollar bilan jihozlash uchun mablag‘ ajratildi, – deydi kollej direktori Rustam Adhamov.

Toshkent axborot texnologiyalari kollejida Mudofaa vazirligi qoshidagi Jamoatchilik kengashi a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Akmal Rahmonov hamda taniqli kinorejissyor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Shavkat Mahbubovlarning maxsus guruh talabalari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

– Bunday guruhlar tashkil qilingani uchun davlatimiz rahbaridan minnatdormiz, – deydi kollej o‘quvchisi Behruz Qurbonov. – Bolaligimdan ofitser bo‘lishni orzu qilardim. Jamoatchilik kengashi a’zolaridan milliy armiyamizda olib borilayotgan islohotlar haqida o‘zimizni qiziqtirgan savollarga javob oldik.

– Bizning harbiy qismimiz Toshkent axborot texnologiyalari kollejini otaliqqa oldi, – deydi mayor Farrux Muhiddinov. – Maxsus guruhda joriy o‘quv yilidan yoshlarni oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tayyorlash yo‘lga qo‘yildi va qo‘mondonligimiz o‘quvchilar bilan mashg‘ulot o‘tkazishda yordam berishga qaror qildi.

Ablay Kamolov, Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA
2 952






Все о погоде - Pogoda.uz