Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.12.2017 12:00 Chop etish versiyasi

O‘quvchilar pirotexnika vositalarini qayerdan olyapti?

Mamlakatimizda Yangi yil bayramining tinch-osoyishta va mazmunli o‘tishini ta’minlash, xalqimizning ushbu bayramni shodu xurramlik bilan o‘tkazishi uchun zarur sharoitlar yaratish va turli ko‘ngilsizliklarning oldini olish maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Odatda, bunday ayyomlarda ba’zilar ermak deb biladigan, aslida dilni xufton qiladigan holatlar ham uchrab turadi. Gap nogahon quloqni qomatga keltirib, asabni taranglashtiradigan, gohida, ayniqsa, bolalar salomatligiga ziyon yetkazish ehtimoli yuqori pirotexnika vositalari haqida bormoqda.

Mamlakatimizda pirotexnika buyumlaridan foydalanish taqiqlangan. O‘zbekiston Respublikasining “Pirotexnika buyumlari muomalasi tartibga solinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunida bu borada qat’iy choralar belgilangan.

Shunday bo‘lsa-da, pirotexnika buyumlarini mamlakatimizga aylanma yo‘llar orqali olib kirishga urinayotgan "uddaburon"lar, uni sotuvchilar ham uchrab turibdi.

Farg‘ona viloyati ichki ishlar organlari xodimlari pirotexnika buyumlarining noqonuniy aylanishi va muomalasi oldi olinishi bo‘yicha bozorlar, jamoat joylari, ta’lim muassasalarida tezkor tadbirlar o‘tkazmoqda. Tadbirlar viloyat ichki ishlar boshqarmasi tezkor shtabi tomonidan muvofiqlashtiriladi.

Viloyat IIB matbuot xizmatining xabar qilishicha, pirotexnika mahsulotlarining noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish maqsadida 102 guruh tashkil etilgan. O‘tgan davr mobaynida 1 ming 390 dona turli pirotexnika vositalarini noqonuniy saqlash va sotish holatlari aniqlangan.

Marg‘ilon shahrida o‘tkazilgan tadbirda Yozyovon tumanidagi 7-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Husniddin Erkinovda 240 dona, Farg‘ona shahridagi 10-umumta’lim maktabining 7-sinf o‘quvchisi Shahboz Boqiyevda 300 dona “Treniya” nomli pirotexnika vositasi borligi aniqlanib, daliliy ashyo sifatida olindi. Qo‘shtepa tumanidagi 2-maktab-internat 7-sinf o‘quvchisi Jasurbek Yo‘ldoshevning yonidan ham 60 dona shunday mahsulot topilgan. Savol tug‘iladi. Xo‘sh, voyaga yetmagan bolalar ushbu mahsulotni qayerdan oldi? O‘quvchi nega nazoratsiz qolib, noqonuniy ish bilan shug‘ullanmoqda? Demak, mutasaddi tashkilotlar, ta’lim muassasalari rahbarlari bu ishga e’tiborsiz qaramoqda.

Pirotexnika vositalari savdosi bilan bugungi kunda asosan yoshlar shug‘ullanayotgani achinarlidir. Marg‘ilon politexnika kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Muhammadibrohim Isoqjonovning yonidan ham 4 qutida 240 dona Qirg‘iziston Respublikasida ishlab chiqarilgan pirotexnika vositasi daliliy ashyo sifatida olingani fikrimiz tasdig‘idir.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
4 974