Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.04.2017 11:46 Chop etish versiyasi

O‘quvchilar e’tiboridagi jurnal

"Jahon adabiyoti" jurnali adabiyot ixlosmandlarini o‘zbek va jahon adabiyoti namunalari bilan tanishtirish, asarlarni ilmiy o‘rganish va muqoyasa qilishda munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Tahririyat o‘tgan yillar mobaynida jahon adabiyotining yuzlab namunalarini o‘zbek tilida e’lon qildi. 2016-yilda Nobel mukofoti laureatlari Svetlana Aleksiyevichning “Urush ayollar ishi emas” hujjatli qissasi, Patrik Modianoning “To‘y sayohati”, Ivo Andrichning “Oyimtilla”, Toni Morrisonning “O‘z uyim” romanlari chop etildi. Jurnalxonlar hind adibi Premchandning “Nirmala” romani, Lev Tolstoyning “Ivan Ilichning o‘limi”, Janubiy koreyalik adib Li Mun Yolning “Oltin qanotli qush”, tojik adibi Abdug‘affor Abdujabborovning “So‘nggi qor” qissalari, Uilyam Folkner, Tomas Mann, Gabriel Garsia Markes, Hermann Hesse, Jan-Mari Leklezio va boshqa adiblarning hikoyalarini jurnal sahifalarida mutolaa qildi.

O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida «Jahon adabiyoti» jurnali ijodiy jamoasi va mualliflari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda bu alohida qayd etildi.

"Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Sh.Rizayev, adabiyotshunos va tarjimon I.G‘afurov va boshqalar Birinchi Prezidentimiz tashabbusi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 27-fevraldagi “Jahon adabiyoti” jurnalini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori asosida tashkil etilgan jurnal xalqimiz, xususan, yoshlarni jahon adiblarining eng sara asarlari bilan tanishtirish va ularning tafakkur olamini kengaytirishda ma’naviy-ma’rifiy manba bo‘layotganini ta’kidladi.

– Keyingi besh yilda jurnal dizayni, ruknlari va bo‘limlarida o‘zgarishlarni kuzatish mumkin, – deydi jurnal tahririyati bo‘lim boshlig‘i A.Tojiyev. – Xususan, har bir son biror mamlakatning adabiyoti, ijodkorlari va adabiy jarayoniga bag‘ishlanib, bunda o‘sha yurt madaniyati hamda san’ati haqida ham materiallar berib borilmoqda. "Hikoya ichida hikoya", "Sarhadlar", "Qiyos va talqin", "Globus" kabi ruknlarda o‘quvchilar dunyo adabiyotidagi o‘zgarish va yangiliklar bilan tanishadi. Maqsadimiz jurnalni mazmunli asarlar bilan boyitish va jurnalxonlar e’tiborini qozonishdir.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA
442






Все о погоде - Pogoda.uz