Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.02.2018 10:01 Chop etish versiyasi

O‘quvchilar Aviatsiya bilim yurti bilan tanishdi

O‘quvchilar Aviatsiya bilim yurti bilan tanishdi Jizzax shahridagi umumta’lim maktablari o‘quvchilarining Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurtiga ekskursiyasi tashkil etildi.

Yoshlikda harbiy libos kiyishga, ayniqsa, uchuvchi bo‘lishga qiziqmaydigan bola kam topiladi. Shuning uchun ekskursiyada rejalashtirilganidan ham ko‘p – 500 o‘quvchi ishtirok etdi.

5.JPG

Bilim yurtida o‘quvchilarni hamma narsa qiziqtirdi. Jangovar vertolyotlar, mashq maydonlari, zamonaviy aviatsiya qurilmalari bilan jihozlangan o‘quv xonalari, trenajyorlar, kursantlar hayoti, yotoqxona, sport maydonlari – hammasi o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Ekskursiyada o‘quvchilarga hamrohlik qilgan bilim yurti boshlig‘ining harbiy vatanparvarlik, ma’naviy-axloqiy tarbiya va yoshlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari, podpolkovnik Mehriddin Qo‘chqorov muassasa hayoti haqida batafsil so‘zlab berdi. Yoshlar bilim yurti tarixi, o‘quv dargohini bitirgan harbiy uchuvchilarning Vatanimiz sarhadlarini himoya qilishda ko‘rsatgan qahramonliklari haqidagi hikoyalarni maroq bilan tingladi.

6.JPG

– Avval ham bu yerda bo‘lganman, – deydi Jizzax shahridagi 19-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Odilbek Abdurahmonov. – Men uchuvchi bo‘lishga havas qilaman. Shuning uchun bilim yurti hayoti meni qiziqtiradi. Bu galgi sayohatim juda zo‘r bo‘ldi. Vertolyotlarning jangovar harakatlar vaqtidagi vazifalari to‘g‘risida ko‘p narsalar bilib oldim.

Yoshlarda harbiy vatanparvarlik tuyg‘usini yuksaltirishga qaratilgan bunday ekskursiyalar viloyat tumanlaridagi maktablarda ham tashkil etilayotir. O‘quvchilarning harbiy qism va poligon, harbiy ta’lim muassasalariga ekskursiyalari ularda milliy armiyamizdan g‘ururlanish hamda Vatanga sadoqat bilan xizmat qilish tuyg‘ularini oshirishga xizmat qilmoqda.

Toshqul Beknazarov, Jamshid Yorbekov (surat), O‘zA
9 095